Iqtisodiy mutanosiblik – iqtisodiyotning turli tomonlari va sohalari o‘rtasida miqdor va sifat jihatdan ma’lum moslik bo‘lishidir. Bunda tenglik bo‘lishi shart emas. Ular mos keluvchi nisbatlarda (masalan, 2:3, 5:3, 3:1) bo‘lishi mumkin.
Makroiqtisodiy jarayon g‘oyat murakkab va ko‘p qirrali bo‘lishi sababli mutanosiblik turlari ham ko‘p va xilma-xil. Jumladan, professor A.G.Gryaznova va boshqalar iqtisodiyotda muvozanatga erishishni ta’minlovchi beshta asosiy mutanosiblikni ajratib ko‘rsatadilar:
1) resurslarning hajmi, tarkibiy tuzilishi va samaradorligini moddiy ne’matlar va xizmatlar ishlab chiqarish tarkibiy tuzilmasi bilan bog‘lovchi omillar (ishlab chiqarish, mehnat, moliyaviy resurslar) mutanosibligi;
2) jamg‘arish me’yorini, Ya’ni ishlab chiqarishning ma’lum hajmiga erishish uchun uni kengaytirishga yo‘naltiriluvchi mamlakat milliy daromadidagi ulushni belgilovchi jamg‘arish mutanosibligi;
3) ishlab chiqarish faoliyatidan olingan daromadlarni ishlab chiqarish omillarining barcha egalari o‘rtasida taqsimlanishi nisbatini belgilab beruvchi taqsimot mutanosibligi;
4) iste’molchi talabi va taklifning hajmi, tarkibiy tuzilishi va qiymati bo‘yicha nisbatini belgilab beruvchi ayirboshlash (sotish) mutanosibligi;
5) tovar va pul massasi o‘rtasidagi nisbatni aks ettiruvchi tovar-pul mutanosibligi.78
Iqtisodiy mutanosibliklarni bu kabi turli ko‘rinishdagi turkumlashlar boshqa manbalarda ham ko‘plab uchraydi. Shunga ko‘ra, ularning barchasini umumlashtirib mutanosiblikning quyidagi guruhlari tarkibiga kiritish mumkin.
Share with your friends: |