Turg‘un ishsizlik mehnatga layoqatli aholining ish joyini yo‘qotgan, ishsizlik bo‘yicha nafaqa olish huquqidan mahrum bo‘lgan va faol mehnat faoliyatiga hech qanday qiziqishi bo‘lmagan qismini qamrab oladi.
Ishsizlik turlarini tasniflashda ba’zi adabiyotlarda ma’lum noaniqliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, professor M.N.CHepurin va E.A.Kiselevalar umumiy tahriri ostida tayyorlangan o‘quv qo‘llanmada «ixtiyoriy» va «majburiy» ishsizlik turlari ham ajratib ko‘rsatiladi. Ularning fikriga ko‘ra, ixtiyoriy ishsizlik – bu bo‘sh ishchi o‘rinlari mavjudligi sharoitida ishchini ish haqi darajasi yoki mehnatning tavsifi qoniqtirmaganligi sababli paydo bo‘luvchi ishsizlik hisoblanadi. Majburiy ishsizlik esa ish haqining bozor muvozanati nuqtasidan Yuqori darajada o‘rnatilishi oqibatida ishchi kuchiga bo‘lgan talab va uning taklifi o‘rtasida tafovut vujudga kelishi bilan bog‘liq.90
Aslida esa ixtiyoriy yoki majburiy ishsizlik turlarining ajratib ko‘rsatilishi mantiqqa zid hisoblanadi. Chunki, Yuqorida ta’kidlanganidek, ishsizlik – bu ishlashni hohlovchi va faol ravishda ish qidiruvchi ishchi kuchining ish bilan ta’minlanmasligi ekan, ixtiyoriy ravishda ishlamaganlarni umuman ishsizlik tarkibiga kiritib bo‘lmaydi.
«To‘liq bandlilik» tushunchasi iqtisodiyotda ishsizlikning mutloq mavjud bo‘lmasligini bildirmaydi. Iqtisodchilar friksion va tarkibiy ishsizlikning bo‘lishini tabiiy deb hisoblaydi, Shu sababli «to‘liq bandlilik» ishchi kuchining 100% dan kam qismini tashkil qiluvchi miqdor sifatida aniqlanadi. Aniqroq aytganda, to‘liq bandlilik sharoitida ishsizlik darajasi friksion va tarkibiy ishsizlar soniga teng bo‘ladi. Siklik ishsizlik nolga teng bo‘lganda to‘liq bandlilik sharoitidagi ishsizlik darajasiga erishiladi. «To‘liq bandlilik» sharoitidagi ishsizlik darajasi ishsizlikning tabiiy darajasi deb ham ataladi. Ishsizlikning tabiiy darajasi bilan bog‘liq bo‘lgan milliy ishlab chiqarishning real hajmi, iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatini ko‘rsatadi.
Ish bilan to‘liq bandlilik yoki ishsizlikning tabiiy darajasi ishchi kuchi bozori muvozanatiga erishganda, Ya’ni ish izlovchilar soni bo‘sh ishchi o‘rinlari soniga teng kelganda vujudga keladi. Ishsizlikning tabiiy darajasi qandaydir darajada iqtisodiy jihatdan maqbul hisoblanadi. Chunki «friksion» ishsizlarga mos keluvchi ish o‘rinlarini topish, «tarkibiy ishsizlarga» ham yangi kasbni o‘zlashtirish yoki yangi yashash joyida ish topish uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi.
«Ishsizlikning tabiiy darajasi» tushunchasi ma’lum bir aniqliklar kiritishni talab qiladi.
Birinchidan, bu tushuncha iqtisodiyot har doim ishsizlikni tabiiy darajasida amal qilishi va Shu orqali o‘zining ishlab chiqarish imkoniyatini ro‘yobga chiqarishini bildirmaydi. Chunki, ko‘pincha ishsizlik darajasi tabiiy darajadan ortiq, ayrim hollarda, masalan, ish vaqtidan ortiqcha ishlash va o‘rindoshlik ishlarida band bo‘lish natijasida tabiiy darajadan past ham bo‘lishi mumkin.
Ikkinchidan, ishsizlikning tabiiy darajasi o‘z-o‘zicha doimiy miqdor hisoblanishi shart emas, u tarkibiy o‘zgarishlar (qonunlar va jamiyat urf-odatlaridagi o‘zgarishlar) oqibatida o‘zgarib turishi mumkin. Masalan, AQSHda ishsizlikning tabiiy darajasi dastlab XX asr 60-yillarining o‘rtalarida 4,5% deb belgilangan bo‘lsa, 70-yillarning boshiga kelib 5,5%, 80-yillarning boshida esa 6% gacha o‘sdi.
Share with your friends: |