Ishlab chiqarish texnologiyasi. Texnologiyalarning takomillaShuvi mahsulot birligini ancha samarali ishlab chiqarishga imkon beradi. Resurslarning mavjud narxida ishlab chiqarish xarajatlari kamayadi va taklif ko‘payadi. Masalan, paxta zararkunandalariga qarshi ancha samarali biologik usullarning yaratilishi paxta tolasining miqdorini va sifatini, binobarin taklifini oshiradi.
Soliqlar va subsidiyalar darajasi. Ko‘pchilik soliqlar ishlab chiqarish xarajatlari tarkibiga kiradi. Shu sababli soliqlarning oshishi ishlab chiqarish xarajatlarini oshiradi va taklifni qisqartiradi. Masalan, import tovarlarga boj to‘lovlarining oshishi uning taklifini qisqartiradi. Aksincha, davlat qandaydir tovar ishlab chiqarish yoki biror sohaga subsidiya bersa, bu amalda xarajatlarni kamaytiradi va uning taklifini oshiradi.