Asosiy tayanch tushunchalar:
Tadbirkorlik faoliyati - shakli va sohasidan qat’iy nazar foyda olishga va undan samarali foydalanish maqsadiga qaratilgan iqtisodiy faoliyat.
Hissadorlik jamiyati – ko‘proq foyda olish maqsadida aksiyalar chiqarish orqali mehnat, mehnat qurollari va boshqa ishlab chiqarish vositalari hamda pul resurs (kapital)larini birlashtirgan uyushma.
Aksiya – bu uning egasi hissadorlik jamiyati kapitaliga o‘zining ma’lum hissasini qo‘shganligi va uning foydasidan dividend shaklida daromad olish huquqi borligiga guvohlik beruvchi qimmatli qog‘oz.
Aksiya kursi – qimmatli qog‘ozlar bozorida aksiyalarning sotiladigan narxi.
Obligatsiya – uning egasi jamiyatga qayd qilingan foiz olish sharti bilan pul qo‘yganligini tasdiqlovchi qimmatli qog‘oz.
Ta’sischilik foydasi – sotilgan aksiyalar va hissadorlik korxonasiga haqiqatda qo‘yilgan mablag‘lar summasi o‘rtasidagi farq.
Dividend – aksiya egasi o‘zlashtiradigan daromad turi.
Tadbirkorlik kapitali - tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha moddiy vositalar, tovarlar va pul mablag‘lari.
Aylanma kapital - unumli kapitalning bir doiraviy aylanish davomidagi ishlab chiqarish jarayonida to‘liq iste’mol qilinadigan, o‘z qiymatini yaratilgan mahsulotga to‘liq o‘tkazadigan va ashyoviy-buyum shaklini ham yo‘qotadigan qismi.
Asosiy kapital - unumli kapitalning ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) jarayonida bir qator doiraviy aylanishlar davomida qatnashib, o‘zining qiymatini tauyorlanayotgan mahsulotga (xizmatga) bo‘lib-bo‘lib o‘tkazib boradigan va ashyoviy-buyum shaklini o‘zgartirmaydigan qismi.
Amortizatsiya normasi - amortizatsiya ajratmalari yillik summasining asosiy kapital qiymatiga nisbatining foizdagi ifodasi.
Share with your friends: |