Shu o‘rinda davlat tilida ish yuritishga mas’ul bir inson sifatida bir taklif kiritmoqchiman. Davlat tilida ish yuritishni kerak bo‘lsa, maktabda, nari borsa, oliy o‘quv yurtidayoq boshlash kerak. Buning birgina va asosiy sababi bor: Ertangi kun egalari qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar kelajakda davlat idorasida faoliyat yuritadigan bo‘lsa, o‘zbek tilini o‘rganishi zarurligini his qilsin va buning uchun ham nazariy hamda amaliy jihatdan tayyor bo‘lib ulg‘aysin. Chunki bir necha yillar davomida o‘ziga ma’qul til yoki uslubda ish yuritib kelgan xodim yoki rahbarni birdan o‘zgartirish qiyin bo‘lganidek, olam-olam orzular bilan ishga kirgan yangi xodimga ham bu qoidalarni o‘rgatish, uni bu jarayonga moslashtirish oson kechmaydi. Balki oliy ta’lim muassasalarida muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan qisqartiriladigan mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar hisobiga ana shu yo‘nalishda dars soatlarini kiritish kerakdir.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining tashkil etilganligi ayni muddao bo‘ldi. Hozirgi kunga qadar ushbu markazda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi, Moliya, Mudofaa vazirliklari, O‘zbekiston teleradiokompaniyasi hamda “O‘zarxiv” agentliklarining 70 nafar xodimlarining davlat tili borasidagi malakalari oshirildi.
Mavlono Jaloliddin Rumiy “Qalb dengiz, til qirg‘oqdir. Dengizda nima bo‘lsa, qirg‘oqqa o‘sha kelib uriladi” deya tilning inson, millat hayotida naqadar muhim o‘rin tutishini bashariyatga yana bir bor eslatib qo‘ygan. Jonajon O‘zbekistonni jahon madaniyati, ma’naviyati, ma’rifatining o‘choqlaridan biriga aylantira olgan buyuk ajdodlarimiz bunga ona tilimiz imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, dunyoga o‘z so‘zini ona tilida aytish orqali erishgan. Zero, millatimiz ma’naviyati, joiz bo‘lsa xalqimiz “qalbi” o‘zida umuminsoniy qadriyatlar bilan sug‘orilgan yuksak madaniy-ma’rifiy g‘oya va qarashlarni ifoda etadi.
Shunday ekan o‘zbek tilining 200 ga yaqin davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega tillar orasidaligidan, bugun eng ko‘p foydalaniladigan 30 tildan biri ekanligidan faxrlanib, uning umrboqiy jahon tillari o‘rtasida o‘z mavqeini saqlab qolishi va uning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni ona tiliga mehr-muhabbat, vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat va sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy madaniy-ma’rifiy merosiga munosib vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz ijtimoiy hayotiga davlat tilini to‘la joriy etish, shunday bebaho boylikni hamisha asrab-avaylash har doimgidan ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin. Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.