Giyohvandlik-umr zavoli Hozirgi kunda insoniyatni tashvishga solayotgan global muammolardan biri giyohvandlikdir. Obod vatanimizda bu jirkanch illatga qarshi keskin choralar ko‘rilishi xaqida qonunlarimizda belgilab qo‘yilgan. Giyohvandlikka ruju qo‘yganlar quyidagi illatlarga chalinadilar. Birinchidan giyohvand kishi o‘z sog‘ligidan ayriladi. Ikkinchidan ularning farzandlari nogiron tug‘iladi. Uchinchidan oilasidagi bor bisotidan ayrilib, oilaviy tinchligi buziladi, oila porokandalikka yuz tutadi. To‘rtichidan yurt va jamiyat tinchligi va farovonligiga katta zarar yetkazadi. Beshinchidan alal oqibat manqurtga aylanadi va tubsiz jarga qulaydi, ikki dunyoda ham najot topmaydi. Bunday vaziyatga tushishdan Alloh asrasin.
Payg‘ambarimiz (solallohu alayhi vasallam)ning hadisi shariflarida “Har bir mast qiluvchi narsa haromdir” (Imom Buxoriy rivoyati) deb marhamat qilingan. Ushbu hadisning mazmunidan anglash mumkinki, har-bir mast ya'ni sarxush qiluvchi narsalar-giyohvand moddalar, spirtli ichimliklar, nos, sigaret kabilarning barchasi haromdir. Gyohvandlikning yuqorida 5 ta ulkan zararini sanab o‘tdik. Bu narsalar aroqxo‘rlikka ham bog‘liqdir. Giyohvand tubsiz jarlikka qanday qulasa, aroqxo‘r ham shunday baloga yo‘liqishini hayotimizda ko‘plab guvohi bo‘lganmiz.
Nos, sigaret kabi sarxush qiluvchi narsalar tarkibida nikotin moddasi borligi sababli kishi sog‘ligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bunday jirkanch narsalarni chekuvchilarni tishlari tezda to‘kilib ketadi, tez qarib qoladi va tahotarli bo‘lib yurishga qiynaladi. Bunday kishilarning og‘zidan hamisha badbo‘y hid anqib turadi.
Allomalarimizdan biri shunday degan ekan: “O‘ldirganu yor mening boshim, og‘zingning hidiga yo‘qdir bardoshim”. Allomaning bu yozgan baytlari aynan sigaret va nos chekuvchilarga qarata aytilgani kunday ravshan bo‘lib turibdi. So‘zimizning oxirida shuni aytmoqchimizki, ayrim yomon odatlarni iroda, odob kabi fazilatlar bilan yengib o‘tish mumkin. Lekin giyohvandlik, aroqxo‘rlik, kashandalik kishilarning o‘zaro birlashib bu illatlarga qarshi kurashishlarini talab qiladi. Shu obod vatanda yashayotgan har birimiz farzandlarimiz, yoshlarimizni bunday jirkanch illatlarning to‘riga tushib qolmasligi uchun ogoh va mas'ul bo‘lishimiz shart.