1.8-rasm.Avtobetonqorgich.
1 – kabina; 2 – suv uchun bak; 3 – baraban aralashtirgich; 4 – yuklash – to‘qish qurilmasi; 5
– rama; 6 – nazorat-o‘lchov asboblari paneli; 7 – baraban aralashtirgichni boshqarish qurilmasi.
Avtobetonqorgichlardan foydalanilganda beton qorishmasini yetkazishning ikki xil usuli mavjud. Birinchi usulda–avtobetonqorgichga maxsus zavodda kerakli miqdorda qadoqlangan yirik, mayda to‘ldiruvchilar va sement yuklanadi. Suv va boshqa suyuq qo‘shimchalar aralashtirilmaydi. Bunday holatda aralashmani istalgan uzoq masofaga tashish mumkin va belgilangan joyga yetib kelgandan so‘ng, mashinada o‘rnatilgan maxsus idishdagi (bak) suv yordamida aralashma qorilib, yotqizilish joyiga uzatiladi. Ikkinchi usulda–avtobeton-qorgichga tayyor beton qorishmasi yuklanadi va belgilangan obyektga olib boriladi. Tashish masofasi uzoqligiga, qorishma konsistensiyasiga, qovushqoqligiga bog‘liq holda harakatlanish jarayonida davriy ravishda yoki obyektga yetib kelingandan so‘ng beton qorishmasi ma’lum vaqt aralashtirilib inshootga uzatiladi.
Shuni qayd qilish kerakki, avtobetonqorgichlarning asosiy kamchiliklaridan biri–bu ularni qo‘llashda mehnat sarflari nisbatan yuqori bo‘lishiga qaramasdan, ishlab chiqarish unumdorliklari boshqa turdagi avtomobil transportlariga qaraganda ancha past bo‘ladi.
Badyalarga yuklangan beton qorishmasini vertikal va gorizontal masofalar bo‘yicha inshoot qismlariga yetkazishda turli xil turdagi ko‘tarma kranlar qo‘llaniladi.
Kichik hajmda beton ishlarini bajarishda va ish fronti katta bo‘lmagan sharoitlarda (beton uzatish balandligi va masofasi katta bo‘lmagan) avtomobil kranlar eng qulay vositalar hisoblanadi. Shuningdek, xuddi shunday sharoitlarda harakatlanish organi zanjirli bo‘lgan ekskavator–kranlar ham qo‘llanilishi mumkin. Ularning avtomobil–kranlarga nisbatan ustunligi yuk ko‘tarish qobiliyatining yuqoriligidadir.
Umo‘man olganda, kranlarni tanlashda ko‘tariladigan yukning og‘irligi, uni uzatish vertikal va gorizontal masofalari asosiy omillar hisoblanadi (1.9-rasm). Agar ish fronti ma’lum bo‘lsa, unga texnik ko‘rsatkichlari mos keladigan kranlar tanlash tavsiya etiladi.
Kranning asosiy texnik ko‘rsatkichi bo‘lgan yuk ko‘tarish qobiliyati beton qorishmasining badya bilan birgalikdagi og‘irligidan katta bo‘lishi kerak. Talab qilinadigan yuk ko‘tarish balandligi (H) va uzatish masofasi (R) quyidagicha belgilanadi:
H = Hb + h1 +h2 , m (1.10) R = Bb + b1/2 + b2, m (1.11 )
bu yerda: Hb kran o‘rnashgan belgidan yuqorida joylashgan inshootning betonlashtiriladigan qismi balandligi, m;
h1–badyaning ko‘tarish moslamalari bilan birgalikdagi balandligi, m;
h2–ishlarni bajarish va texnika xavfsizligi sharoitlari bo‘yicha inshoot yuqori qismidan belgilanadigan zahira balandlik, (h2=1...2 m)
Bb–inshootning betonlashtiriladigan qismi kengligi, m; b1–kran harakatlanish qismi egallaydigan zona kengligi, m;
b2–betonlashtiriladigan inshoot va kran orasidagi zahira masofa, m.
Share with your friends: |