OLIY TA’LIM MUASSASALARI KADRLAR TIZIMIGA CV (CURRICULUM VITAE)NI JORIY QILISH TAHLILI Har qanday tashkilot kadrlar tizimida ish beruvchi va ishga ariza topshiruvchi o‘rtasidagi muloqotning rasmiy ko‘rinishi o‘laroq turli ma’lumotnomalar taqdim etish keng urfga kirgan. Bunday ma’lumotnomalarning asosiy vazifasi ish beruvchini potensial xodimning ish tajribasi, tahsil olgan muassasalari, qiziqishlari, ko‘nikmalari va boshqa tegishli axborotlardan xabardor etish hisoblanadi. O‘zbekistonda ham ishga olish jarayonida xodimning shunday ma’lumotnomani (obyektivka) taqdim etishi talab qilinadi. Aytib o‘tish joizki, ushbu ma’lumotnoma (obyektivka) shakli va tarkibi uzoq yillardan buyon o‘zgarishsiz qolib ketmoqda. Ushbu yo‘nalishda kadrlar tizimini bozor iqtisodiyoti tamoyillariga moslashtirish hamda ishga olish jarayonini optimallashtirishga imkon beruvchi yangi islohotlarga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Chunki jahon tajribasida xodimlarning o‘zi haqida CV hamda rezyumelar orqali ish beruvchiga ma’lumot taqdim etib, ushbu hujjatlarni shakllantirishning texnik imkoniyatlari oshib borayotgani hamda bu hujjatlar deyarli barcha ish topish portallari hamda tashkilotlar faoliyatiga ham raqamli, ham qog‘oz shaklda integratsiya qilinayotganini kuzatishimiz mumkin. CV xodimning potensial ish beruvchiga ish tajribasi, faoliyat yuritgan muassasalari, tahsil olgan joyi, kasbiy va ijtimoiy ko‘nikmalari, malakasi, qiziqishlari va hatto xarakteri haqida axborot beruvchi material bo‘lib, u potensial xodim to‘g‘risidagi ish beruvchini qiziqtirishi mumkin bo‘lgan odatiy masalalarni qamrab oladi. Ba’zi hollarda CV hamda Rezyume (Resume) so‘zlari sinonim sifatida qo‘llanadi, boshqa hollarda esa ularga alohida hujjatlar sifatida qaraladi. CV hamda rezyumelarning asosiy xususiyati shundaki, har bir muassasa qanday axborotlarni talab qilish borasida o‘z talablarini qo‘yishga haqli. Chunki ushbu hujjatlar strukturasi ularning tarkibini muassasa ehtiyojiga binoan tuzishga imkon beradi. Bu esa har qanday tashkilotning tegishli vakansiya uchun eng mos kadrlarni saralab olish imkoniyatlarini oshiradi. CV hamda rezyume qaysi muassasaga taqdim etilishiga qarab ularning hajmi, tafsiloti haqida taxmin qilish mumkin. Misol uchun, oliy ta’lim muassasalari batafsilroq, hajman kattaroq CV yoki rezyumeni talab qilishlari mumkin. Bu odatda potensial kadrning tadqiqot faoliyati haqida axborot olishda yordam beradi. CV hamda rezyumega quyidagi turdagi axborotlar joylashtiriladi: – shaxsning ismi, sharifi, familiyasi; – oxirgi 3 oy ichida tushgan surati; – doimiy va vaqtinchalik yashash manzili; – aloqa manzili (e-mail, telefon raqami, ijtimoiy tarmoqdagi manzili); – faoliyat yuritgan muassasalari, ulardagi lavozimi va majburiyatlari; – tahsil olgan muassasalari, sohasi, baholari, tahsil olgan muddatlari, taqdim etilgan darajalar va hokazo; – tahsil olgan muassasasining mahalliy va xalqaro reytinglari; – xorijiy tillar va axborot texnologiyalariga oid ko‘nikmalari hamda buni tasdiqlovchi sertifikatlar nomi, olingan vaqti, natijasi (IELTS, CEFR, TOPIK, TOEIC, ACCA, GRE, GMAT va hokazo); – ishtirok etgan loyihalari va ulardagi vazifasi; – qiziqish va hobbilari; – fe’l-atvori (chiqishuvchanligi, odamlar bilan ishlash qobiliyati); – o‘zi haqidagi boshqa ma’lumotlar. Bularga qo‘shimcha oliy ta’lim muassasalari tomonidan quyidagilar xususida axborotlar so‘ralishi mumkin: – ilmiy maqolalari sarlavhalari ro‘yxati, chop etilgan jurnali va vaqti; – tadqiqotchilik grantlari bilan mukofotlangani to‘g‘risidagi ma’lumotlar; – dissertatsiya ishining mavzusi, himoya komissiyasi a’zolari, himoya qilingan muassasa haqida axborotlar; – ilmiy tadqiqotchilik platformalari bo‘lmish Google Scholar, Web of Science hamda Scopusdagi manzili hamda h-indeksi; – oliy ta’lim muassasasini qiziqtirishi mumkin bo‘lgan boshqa har qanday ma’lumotlar. Ko‘rib turganimizdek, CV hamda rezyumelarga har qanday axborotni taqdim etilayotgan tashkilot ehtiyojlariga muvofiq ravishda to‘ldirish imkoni mavjud, bu esa uning yaxlitligiga daxl etmaydi. CVning ushbu jihati tasodif emas, balki muayyan qonuniyatlarga asoslanadi. Quyida CV, rezyume hamda ma’lumotnoma (obyektivka) tizimlarining turli jabhalardagi afzallik va nuqsonlari qiyosiy tahlil etiladi.
DIZAYNI So‘nggi o‘n yil ichida axborot texnologiyalaridagi rivojlanish CV tizimini nihoyatda takomillashtirdi. Internet tarmog‘ida CVning turli dizayndagi minglab andozalari keng tarqaldi. Ushbu dizaynlarning asosiy maqsadi iloji boricha kamroq maydonda ko‘proq axborotni aks ettirish, asosiy ma’lumotlarni topishni osonlashtirish maqsadida ularni ajralib turadigan tarzda qayd etish, CV dekoratsiyasining ish beruvchi e’tiborini jalb etuvchi xususiyatlarga ega bo‘lishini ta’minlash kabilardan iboratdir. CVlarni dizaynlari ularning ma’lumotlarni aks ettirish qobiliyatini oshiribgina qolmay, ish izlovchilarga turli dizaydagi CVlarni turli tashkilotlarga taqdim etish imkoniyatini berdi. Bu esa ularning mehnat bozorida o‘z ko‘nikma va mahoratlarini tegishli ish beruvchiga aniqroq yetkazishlarini osonlashtirdi. Internet tarmog‘ida foydalanuvchilarning sohasi va ular hujjat topshirayotgan tashkilot talablari asosida CV tayyorlashning yuzlab bepul hamda pullik xizmatlari mavjud. Ular CV tayyorlashning yuzlab andozalarini taqdim etib, onlayn faoliyat ko‘rsatadi. Bunday xizmatlar orasida Yevropada standart andozaga aylangan “Europass” CV xizmatini alohida qayd etish lozim. Ushbu onlayn CV tayyorlash xizmati garchi pullik CV tayyorlash xizmatlaridan birmuncha kamroq imkoniyatlarga ega bo‘lsa-da, eng obro‘li bepul CV andozalari asosida ma’lumotnoma tayyorlashga imkon beradi. Rezyumelarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ular CVdan alohida hujjat sifatida talqin etiluvchi hollarda ularga aloqador dizayn turlari CV dizayn andozalari kabi xilma-xil emasligini qayd etish lozim. Buni jahon tajribasida ish beruvchilarning tobora ko‘proq CVni talab etish tendensiyasi oshib borayotgani bilan izohlash mumkin. Mamlakatimizda standart sifatida foydalanib kelinayotgan ma’lumotnoma (obyektivka) dizayni va uning andozalari haqida esa ijobiy fikr bildirish mushkul. Obyektivka hujjatlari odatda hech qanday dizaynga ega emas hamda unda yagona andozadan foydalaniladi. Ushbu andozada ish beruvchining potensial xodim faoliyati bilan tanishib chiqishda alohida jihatlarga e’tibor qilish, xodimning o‘z mahoratini ajratib ko‘rsatish imkoniyatlarini pasayishiga sabab bo‘ladi. Natijada, xususiy sektor bilan raqobatda davlat tashkilotlari istiqbolli kadrlarni o‘z faoliyatiga jalb etishdagi jozibadorligini yo‘qotishi mumkin.