5-chizma. Yalpi taklif egri chizig‘i.
Chizmadan ko‘rinadiki, yalpi taklif egri chizig‘i o‘z shakli jihatidan yakka yoki bozor taklifining an’anaviy egri chizig‘idan farq qiladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, uzoq muddatli va qisqa muddatli davrdagi yalpi taklif egri chizig‘i bir-biridan farqlanadi. Uzoq davrdagi yalpi taklif egri chizig‘i o‘z shakliga ko‘ra chizmadagi Yt nuqtaga qadar joylashgan har qanday tik chiziqdan iborat bo‘ladi. Iqtisodiy resurslarning ishlab chiqarishga tobora ko‘proq jalb etilishi mazkur chiziqni Yt nuqtaga yaqinlashtiradi va pirovardida Shu nuqtada joylashgan chiziqqa tenglashadi. Chunki qo‘shimcha resurs va imkoniyatlarni ishga solish uchun vaqtning etarli bo‘lishi uzoq muddatli davrda iqtisodiyotda to‘la bandlik holatiga olib keladi.
Qisqa muddatli davrda yalpi taklif egri chizig‘ining ko‘rinishi bir oz murakkabroq bo‘lib, uchta kesmani o‘z ichiga oladi.
I. Yotiq kesma. U ba’zida «keynscha» kesma deb ham atalib, iqtisodiyotning tanazzul yoki turg‘unlik pallasidagi holatini aks ettiradi. Yotiq kesma milliy ishlab chiqarish potensial hajmi (chizmadagi Yt nuqta)dan ancha kam bo‘lgan ishlab chiqarishning real hajmi (chizmadagi Y nuqtaga qadar bo‘lgan hajm)ni o‘z ichiga oladi. Ya’ni, bu oraliqda mamlakatdagi mavjud ko‘plab ishlab chiqarish quvvatlari, mashina, uskuna va ishchi kuchi ishlab chiqarishga jalb etilmaydi yoki ulardan to‘liq foydalanilmaydi. Shunga ko‘ra, mazkur resurslarning ishlab chiqarishga jalb etilishi narx darajasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu oraliqda ishlab chiqarish real hajmi qisqarganda ham tovar va resurslar narxi eski darajada qoladi. Shunday qilib, yotiq kesmada narx darajasi o‘zgarmagan holda milliy ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyati mavjud.
Share with your friends: |