Induksiya va deduksiya biriga qarama-qarshi bo‘lgan, ammo o‘zaro bog‘liqlikdagi fikrlash usulidir. Fikrning xususiy faktlardan umumiy faktlarga qarab harakati induksiya, aksincha, umumiy faktlardan xususiy faktlarga tomon harakati deduksiya deb ataladi.
Iqtisodiy jararyonlarni o‘rganish va tahlil qilishda ikki tomonlama yondoShuv usuli. Bunda barcha iqtisodiy jarayonlar qiymat va naflilik nuqtai nazaridan tahlil qilinadi va xulosa chiqariladi. Aks holda bir tomonlamalikka yo‘l qo‘yilib, yanglish tasavvurga va noto‘g‘ri xulosalarga olib kelishi mumkin.6
Iqtisodiy jarayonlarni miqdoriy jihatdan tahlil qilishda taqqoslash, statistik, matematik va grafik usullaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, hozirgi davrda grafik usulni keng o‘zlashtirish va qo‘llash zarurdir. Grafiklar nazariya modellarini ifodalashda vositachi bo‘lib xizmat qiladi. Aniqroq qilib aytganda, grafik usul o‘zgaruvchi miqdorlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rgazmali qilib tasvirlaydi.
Bu usullar yordamida iqtisodiy jarayonlar va hodisalarning mazmunini, ulardagi o‘zgarishlarni, kelib chiqish sabab-oqibatlarini bilish mumkin bo‘ladi.
Xulosalar:
1. Iqtisodiyotning bosh masalasi – ehtiyojlarning cheksiz o‘sib borishi va iqtisodiy resurslarning cheklanganligi o‘rtasidagi ziddiyat va uni hal qilish yo‘lini izlab topishdan iboratdir. Bu ziddiyatli holatni echish zaruriyati kishilar oldiga quyidagi muammolarni qo‘yadi:
a) ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning optimal variantlarini (eng zarur va tejamli turlarini) tanlab olish va resurslarni ko‘proq ishlab chiqarishga jalb qilish;
b) mavjud resurslarning har bir birligidan tejab—tergab, samarali foydalanish;
v) fan–texnika yutuqlarini va yangi texnologiyalarni joriy qilib, yangi energiya, material, xom-ashyo turlari, ularning manbalarini topib, foydalanishga jalb qilish, resurslar unumdorligining oshishiga erishish;
g) kishilarning chuqur iqtisodiy bilimlarga ega bo‘lishi.
2. «Iqtisodiyot nazariyasi» fan sifatida shakllanguncha bosib o‘tgan yo‘l va unda vujudga kelgan g‘oyalar, oqimlar juda murakkab, ko‘pincha bir-biriga zid va qarama-qarshidir. Shu bilan birga aytishimiz kerakki, hech qaysi iqtisodiy maktabning nazariyalarini mutloq va doimiy haqiqatga ega deb bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsada, ular bir-birini to‘ldiradi.
3. «Iqtisodiyot nazariyasi» fani barcha iqtisodiy fanlarning nazariy-uslubiy asosidir. U fundamental fan bo‘lib, odamlarning hayot faoliyatiga yo‘naltirish beradi, ularni nazariy-uslubiy bilim bilan qurollantiradi.
4. Iqtisodiyot nazariyasi jamiyat taraqqiyoti to‘g‘risidagi ijtimoiy fan bo‘lib, u turli ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan chambarchas bog‘liqdir.
5. Iqtisodiyot nazariyasi nafaqat nazariy fan, balki u bevosita amaliy ahamiyat ham kasb etadi. Iqtisodiyot nazariyasini bilmay turib, murakkab iqtisodiy jarayonlarni to‘g‘ri hal qilib bo‘lmaydi.
6. «Iqtisodiyot nazariyasi» fani doirasida inson va jamiyatning yashash faoliyatining ijtimoiy, axloqiy, milliy va tarixiy tomonlarini tadqiq qilish va bilish mumkin.
7. Iqtisodiyot nazariyasining bilish, amaliy, uslubiy va g‘oyaviy-tarbiyaviy vazifalari mavjud. Ayniqsa, mamlakatimiz mustaqillika erishgandan so‘ng, o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda iqtisodiyot nazariyasining g‘oyaviy-tarbiyaviy vazifasining ahamiyati tobora oshib bormoqda.
Share with your friends: |