Bolalar adabiyotining boshqa fanlar bilan hamkorligi yoxud adresliligi. Bolalar adabiyotining kamolotida uning barcha fanlar bilan aloqadorligi muhim ahamiyatga ega. BuM.Gorkiyning «Mavzular to’g’risida» maqolasida yorqin ifodalangan bo’lib, bolalar adabiyotining rang-barang mavzular hisobiga boyib, xilma-xil obrazlar hisobiga to’lishib borishini ta’minlashdan tashqari ma’lum darajada o’zligiga daxldor xossalarini ham oydinlashtiradi. Shu ma’noda, aytish mumkinki, bolalarga o’zlarini qurshagan olam va uning sirlaridan voqif bo’lishda, narsa va hodisalar mohiyatini idrok etishda, ularni anglash va bilib olishda, o’rganish va o’zlashtirishda bolalar adabiyoti o’ziga xos hayot darsligi vazifasini o’taydi.
Aytaylik, elektr nima? Quyosh-chi? Oy-chi?Yulduzlar nega faqat kechasi ko’rinadi?Momaqaldiroq nimadan paydo bo’ladi? Yashin-chi? Suv nima? Shamol nimadan hosil bo’ladi? Tuproq nima? Yomg’ir nima? Qor nima? O’simliklar, hasharotlar nega xilmma-xil? Xullas, bunday savollarning cheku-chegarasi yo’q. Lekin bolalar bularning barchasini bilishidan iborat ehtiyojlarini qondirmay qoymaydilar. Ularning ma’naviy ulg’ayishlari ana shu istakni qondirish evaziga amalga oshadi. Binobarin, bolalar adabiyoti ana shu savollarga javob berish maqsadida fizika, astranomiya, geologiya, geografiya, kimyo, matematika, botanika, biologiya, qoying-chi kishilik jamiyati yaratgan barcha bilimlar bilan ijodiy hamkorlik qiladi. Bunda u mazkur bilimga xos sovuq ilmiy muhokama va mantiqiylikni emas, balki har qanday ilmiy tushunchaning insonni sharaflovchi badiiy obrazli ifoda etilishi orqali erishadi. Bunday obrazli ifoda pirovard-oqibatda uning qiziqarliligini (zanimatelnost) va ma’rifiyligini (poznavatelnost) ta’minlaydi. «Qiziqarli botanika», «Qiziqarli fizika», «Qiziqarli biologiya», «Qiziqarli geologiya», «Qiziqarli kimyo» yoki «Yosh tilshunos», «Yosh adabiyotshunos», «Yosh fizik» qomuslari singari bolalarbop rang-barang kitoblar, shuningdek, turli-tuman kasb-korlar, aniqrog’i, shishapazlik, chinnisozlik, yog’och va ganch oymakorligi, misgarlik va mis oymakorligi, temirchilik, kulolchilik, boyraboflik, gilamboflik, temirchilik, haykaltaroshlik, kashtachilik, zargarlik, zardo’zlik, rangpazlik, qog’oz tayyorlash va hokazolarning kelib chiqishi tarixiga oid zavqovar badia va hikoyalar yosh avlodning ular haqidagi bilimlarini chuqurlashtiribgina qoymaydi, balki ularda ajdodlar tajribalari va an’analarini o’zlashtira turib e’zozlashni, demakki, qadriyatlarni anglash jarayonida o’zliklarini anglashlariga, eng muhimi, kelajakda kim bo’lishdan iborat havaslarini uyg’otibgina qoymaydi, balki shu havasning qat’iyatga aylanishida yordam beradi.
Shu mantiqqa muvofiq bolalarni yosh xususiyatlariga ko’ra uch guruhga bo’lish an’anaga aylanganki, bu ularga mo’ljallab badiiy asarlar yozishda ham rost keladi:
1). Maktabgacha tarbiya bosqichi: tug’ilgandan to 6-7 yoshgacha;
2). Kichik yoshdagi o’quvchilik davri: 6-7 yoshdan 11-12 yoshgacha yoki muchalni to’ldirguncha;
3). O’smirlik davri yoki o’rta va katta yoshdagi o’quvchilik bosqichi: 12-13 yoshdan 17-18 yoshgacha.
Share with your friends: |