O’zbekiston respublikasi Moliya vazirligi 1991-yildan buyon o’z ish faoliyatini olib boradi.
Moliya vazirligi quyidagi funksiyalarni bajaradi:
respublika yigʻma moliya balansining moliyaviy resurslarini shakllantirishning uzoq muddatli va qisqa muddatli istiqbolni belgilashlarini tuzish ishida, shuningdek, umumrespublika maqsadli byudjetdan tashqari pul jamgʻarmalarini shakllantirishda qatnashadi, ularni tashkil etish, foydalanish va miqdorlari tartibi, Oʻzbekiston Respublikasi mintaqalari tomonidan mazkur pul jamgʻarmalariga mablagʻ ajratish kvotalari toʻgʻrisidagi takliflarni tayyorlaydi;
respublika va mahalliy byudjetlarni shakllantirishning yangi usullari asosida hududiy moliya-byudjetni, soliqni rejalashtirishni takomillashtiradi, moliya-byudjetni va soliqni rejalashtirish, narx belgilash, xalq xoʻjaligi va ijtimoiy-madaniy sohani mablagʻ bilan taʼminlash sohasida uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi, respublika va mahalliy byudjetlardan sarflanayotgan xarajatlar smetasini tuzish, koʻrib chiqish, tasdiqlash va ijro etishning umumiy qoidalarini belgilaydi;
respublika vazirliklari, idoralari va korxonalari tomonidan respublika byudjetining ijro etilishini, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va respublikaning boshqa banklari tomonidan byudjetning kassa ijrosi qoidalariga rioya qilinishini, shuningdek, banklar tomonidan kapital sarmoyalarni mablagʻ bilan taʼminlashni va byudjet mablagʻlari hisobidan roʻyobga chiqariladigan boshqa tadbirlarni nazorat qilishni amalga oshiradi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishgan holda respublika byudjeti ijrosiga tegishli masalalarni hal qiladi;
joriy yilda respublika byudjeti va valyuta rejasining bajarilishi yuzasidan hisobot tayyorlaydi va uni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
xalq xoʻjaligi tarmoqlari va mintaqalar iqtisodiyoti va moliyasi holatini tahlil qiladi, vazirliklar va idoralarga, shuningdek, mahalliy boshqaruv organlariga korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarda moliya-iqtisod ishlarini tashkil etish boʻyicha uslubiy va amaliy yordamlar koʻrsatadi, moliya-kredit mexanizmini takomillashtirish, jamgʻarma fondi va isteʼmol fondi oʻrtasidagi mutanosiblikni takomillashtirish, mulkni davlat tasarrufidan chiqarishning moliyaviy jihatlari boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
vazirlik auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi va auditorlik sertifikatini taqdim etadi. Tashkilot saytida auditorlik faoliyatiga oid maʼlumotlar, auditorlik faoliyatining standartlari joylashtiriladi.