3. Daromadlarni taqsimlash va sug‘urtalovchilarning xarajatlari Sug‘urtalovchining xarajatlari sug‘urta fondini taqsimlash jarayonida shakllanadi. Xarajatlar tarkibi va strukturasini ikki o‘zaro bog‘liq iqtisodiy jarayonlar: sug‘urtalanuvchilar oldidagi majburiyatlarni qoplash va sug‘urta tashkiloti faoliyatini moliyalashtirish aniqlab beradi. Shundan kelib chiqib, sug‘urta ishida xarajatlarni quyidagicha turkumlash qabul qilingan: sug‘urta qoplamalari va sug‘urta summalarini to‘lash xarajatlari; zahira va rezerv fondlariga ajratmalar; oldini olish tadbirlariga ajratmalar; ish yuritish xarajatlari. Bu xarajatlar birgalikda sug‘urta operatsiyalarining tannarxini bildiradi. O‘z salmog‘i va ijtimoiy-iqtisodiy mazmundagi ahamiyati bo‘yicha sug‘urtalovchi xarajatlarining asosiy moddasini sug‘urta qoplamalari va sug‘urta summalarini to‘lash xarajatlari tashkil qiladi. To‘lov paytida sug‘urtalovchining sug‘urtalanuvchi oldida shartnoma tuzish paytida olgan yoki qonun asosidagi (majburiy sug‘urta bo‘yicha) majburiyatlarini bajarilishi ro‘y beradi.
Zahira fondlari yoki badal rezervlariga ajratmalar sug‘urta ishidagi kelasi davr xarajatlarining o‘ziga xos bir variantini bildiradi. Ular sug‘urta qoplamalari va sug‘urta summalarining me’yoriy va haqiqatdagi kattaliklari o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Sug‘urtalanuvchi xarajatlarining boshqa elementlari singari oldini olish tadbirlariga ajratmalar ham tarif stakasi tuzilishida me’yorlashtirilgan. Davlat sug‘urta boshqarmasi amal qilgan davrlarda oldini olish tadbirlarini moliyalashtirishga mo‘ljallangan mablag‘lar budjetga yo‘naltirilgan. Endi bu mablag‘lar sug‘urta tashkilotlarining o‘zlarida bo‘lmokda.
Sug‘urta ishida ish yuritish xarajatlari muhim rol o‘ynaydi. Ular sug‘urtalovchilar faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, brutto-stavkaning yuklamasiga kiritiladi va sug‘urta operatsiyalari tannarxining muhim elementi hisoblanadi. O‘z tarkibiga mehnatga haq to‘lash xarajatlari, xo‘jalik va idora xarajatlari, xizmat safarlari va ba’zi boshqa xarajatlarni oladi.
Jahon amaliyotida ish yuritish xarajatlari akvizitsion, inkassa, bartaraf (likvidatsiya) qilish va boshqaruv xarajatlariga bo‘linadi.