11.3 GEOSI uchun qidiruv o‘tkazilgan maydonlarni topshirish Quduqni topshirishdan oldin qidiruv tashkiloti kuyidagilarni amalga oshirishi shart:
a) quduqqa lift quvurlarini tushirishi va og‘ziga favvora armaturasini o‘rnatishi;
b) quduq og‘zini burg‘ilash dastgohi va yordamchi qurilmalardan bo‘shatish;
v) quduq atrofidagi maydonni tekislash, yer omborlarini ko‘mish, hududdan langar va boshqa yordamchi jihozlarni olib tashlash;
g) quduq bilan kuchsiz sementlangan kollektor-qatlamni ochishda qatlamni tub filtri bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
Qidiruv o‘tkazilgan maydonni GEOSIdan foydalanadigan buyurtmachi-kompaniya (korxona)ga topshirishga quyidagi hollarda ruxsat etiladi:
a) qidiruv o‘tkazilgan maydonda qidiruv loyihasida ko‘zda tutilgan geologiya qidiruv ishlari tugallangan bo‘lsa;
b) O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining strukturaning yaroqliligi va GEOSI qurish mumkinligi haqidagi xulosasi olingan bo‘lsa;
v) barcha qidiruv quduqlari fondi bo‘yicha gidrodinamik tadqiqotlar bajarilgan bo‘lsa;
g) suvli struktura qidiruvi natijalari bo‘yicha hisobot tuzilgan bo‘lsa;
d) quduqlarning og‘zini jihozlash, lift quvurlarini tushirish, quduklar atrofidagi yordamchi inshootlarni demontaj qilish, yerni rekultivatsiya kilish, sanoat oqovalarini tashlash imkoniyatini baholash va boshqa turdagi ishlar tugagan bo‘lsa;
e) mahsuldorligi bo‘yicha tavsif, o‘zlashtirish va sinash, kon-geofizik tadqiqotlar hajmi va turlari, qatlam suvlari xususiyatlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilgan bo‘lsa;
j) qumni olib chiqilishi, sinov paytidagi ishchi va chegaraviy depressiyalar, suvni rejimli chiqarib tashlash bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan bo‘lsa;
z) kern olish oralig‘i va kern materialining tahlili natijalari ko‘rsatilgan bo‘lsa.
Quduqlarni topshirish ularning har biri uchun tegishli dalolatnoma tuzish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi, bunda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
a) burg‘ilashning boshlanish va tugatilish sanasi;
b) quduqni joylashtirilgan o‘rni (koordinatalarini ko‘rsatgan holda);
v) quduq og‘zi (birikma flanetsi)ning altitudasi;
g) konstruksiyasi (mustahkamlovchi quvurlarning markasi va devorining qalinligi, birikmalarni diametri va tushirish chuqurligi, ochish oralig‘i, birikma ortidagi sementning ko‘tarilishi va sement stakanining balandligi);
d) germetiklikka sinash natijalari.
Quduqlarni burg‘ilash va sanoat qurilishi uchun yer ajratmasi qidiruv tashkiloti va buyurtmachi tomonidan hududida qidiruv ishlari va yer usti inshootlari qurilishi olib borilayotgan tegishli hokimiyatlar orqali o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
Ishlatish quduklarini burg‘ilashdan va GEOSIni jihozlashni boshlashdan oldin «Foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlar uchun kon ajratmalarini taqdim etish tartibi to‘g‘risida Nizom» (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 13 yanvardagi 19-son qarori 1-ilovasi)ga muvofiq kon ajratmasini tasdiqlovchi dalolatnoma rasmiylashtirilishi lozim.