18.3. Quduqlarni kapital ta’mirlashda yer osti boyliklarini muhofaza qilish Quduqlarni kapital ta’mirlashda yer osti boyliklarini muhofaza qilishning asosiy mezonlari ularning normal faoliyat ko‘rsatishi (qatlam bilan aloqaning o‘rnatilishi, loyihaviy unumdorlikka erishish, germetiklikni tiklash), shuningdek quduqni ishlatishda aniqlangan barcha nosozliklarni bartaraf etish hisoblanadi.
GEOSIni ishlatishda birikmalarning sifatsiz sementlanishi va rezbali bog‘lanishlarning nogermetikligi oqibatida yuzaga kelgan qatlamlararo gaz oqib o‘tishi holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Gaz oqib o‘tishini oldini olish, birikmalarning germetikligini tiklash va kuchaytirish bo‘yicha tadbirlar nuqsonlar aniqlanishi bilan olib boriladi.
Gazning sizib chiqib ketishi va qatlamlararo oqib o‘tishi holatlari paydo bo‘lganda GEOSIning geologiya xizmati tomonidan texnologik sxema muallifi bo‘lgan loyiha tashkilotining uslubiy yordamida gaz harakati qanday sabablarga ko‘ra va qaysi qatlamlarda yuz berayotganligi aniqlanadi. Agar gazning sizib chiqib ketishi nazorat gorizontlarida qayd etilgan bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida gazning tarkibi, oqimining yo‘nalishi va sarfi aniqlanishi kerak. Olingan ma’lumotlar asosida nuqsonli quduqlarni ta’mirlash va ta’mirlash-tiklash tadbirlari sifatini baholash ishlari dasturi tuziladi.
Inshoot rahbariyati qatlamlararo gaz oqib o‘tishi bilan bog‘liq barcha holatlar va nuqsoni aniqlangan quduqlar, shuningdek quduqlarni kapital ta’mirlash bo‘yicha ishlarning natijalari to‘g‘risida "Sanoatgeokontexnazorat" DIning xududiy organiga xabar berishi shart.
18.4. Havo basseynining ifloslanishini oldini olish Saqlash inshooti hududida havo basseynini ifloslantirish manbalari quyidagilar bo‘lishi mumkin:
a) bog‘lama quvur o‘tkazgichlarni siqilgan havo oqimi bilan tozalash, texnologik zaruriyatlarda kommunikatsiyalardan gaz chiqarish amalga oshiriladigan kompressor sexi hududidagi siqilgan havo bilan tozalash svechasi;
b) shleyflar, separatorlar va boshqa texnik uzellar siqilgan havo oqimi bilan tozalash svechasi;
v) nogermetik quduqlar, zichlanmagan armatura zadvijkalari, flanetsli bog‘lanishlar, salnikli zichlovchilar va h.k.
g) kompressor qurilmasi, DEGning olovli regeneratorlari, qozon qurilmalari va boshqa atrof-muhitta meyordan ortiqcha ta’sir ko‘rsatish manbalaridan chiqadigan ishlangan sanoat chiqindilari.
Ochiq favvoralar, burg‘ilash ishlari tugallangan va o‘zlashtirilayotgan quduqlar ham ularni tadqiq etish davrida GEOSI hududidagi havo basseynini ifloslantirish manbai bo‘lishi mumkin.
Tutash hudud havo basseynini ifloslantirmaslik uchun sanitariya hududlari o‘rnatiladi. Ularning chegaralari GEOSIni ishlatishning muayyan sharoitlariga qarab belgilanadi.
GEOSIni barpo etish va ishlatish jarayonida yer osti boyliklari va atrof-muhitni muhofaza qilishga doir meyorlar va nizomlarning buzilishiga nisbatan qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda javobgarlik mavjud.