2.1.Buyuk Ipak yo’lining tarixi Qadimda va oʻrta asrlarda Sharq va Gʻarb mamlakatlarini ilk bor oʻzaro bogʻlagan qitalararo karvon yoʻli (miloddan avvalgi 2-asr— milodiy 15-asr). Buyuk Ipak yoʻli atamasi ushbu yoʻldan tashilgan qimmatbaho mahsulot – Xitoy ipagi bilan bogʻliq. Gʻarb mamlakatlari uzoq vaqtgacha ipakchilik sirasrorlaridan bexabar boʻlishgan.
Buyuk ipak yoʻli atamasi qadimda ishlatilmagan. Buyuk ipak yoʻlini tarixiy, geografik va madaniy jihatlarini ilmiy oʻrganish amalda koʻplab mamlakat olimlari tomonidan 19-asrning 2-yarmidan boshlangan. Uni tadqiq etishga Gʻarbiy Yevropa, Rossiya va Yaponiya olimlari salmoqli hissa qoʻshdilar. Xususan, Yaponiyada „Buyuk ipak yoʻli ensiklopediyasi“ nashr qilindi. 1877-yil mashhur nemis olimi Karl Rixtgofen oʻzining „Xitoy“ nomli yirik ilmiy asarida ulkan Yevroosiyo materigining turli qismlarini bogʻlovchi yoʻllar tizimini „Ipak yoʻli“ deb atagan, keyinchalik „Buyuk ipak yoʻli“ atamasi qabul qilingan.
Miloddan avvalgi 2-asrgacha ham Sharq bilan Gʻarb oʻrtasida Oʻrta Osiyo karvon yoʻllari orqali amalga oshirilgan aloqalar mavjud boʻlgan. Bunga Togʻli Oltoydagi Poziriq qoʻrgʻonidan topilgan Kichik Osiyoda tayyorlangan buyumlar, Afgʻoniston va Oʻrta Osiyodan topilgan yunon buyumlari misol boʻlishi mumkin. Iskandar Maqduniy (qarang Aleksandr Makedoniyalik) saltanati tuzilishi bilan bu aloqalar toʻgʻri yoʻlga solingan. Buyuk ipak yoʻlining sharqiy qismini barpo etishda sugʻdiylar katta rol oʻynaganlar. Iskandar Maqduniy tomonidan Sugʻdiyona mamlakati istilo etilishi bilan koʻplab sugʻdiylar sharqqa tomon koʻchganlar va Buyuk ipak yoʻlining markaziy qismini – Oʻrta Osiyodan tortib Xitoyning Chanan shahrigacha boʻlgan oraliq masofada savdo faktoriyalari (manzilgohlari) bunyod etganlar. Oʻz navbatida Xan imperiyasi miloddan avvalgi 1-ming yillik oxirida oʻz hududini Oʻrta Osiyo tomon kengaytirish siyosati yurgizib bu yoʻnalishga alohida eʼtiborini qaratadi va bu yoʻl haqida maʼlumot toʻplash, aygʻoqchilik va diplomatik maqsadlarida elchi Chjan Szyanni yuboradi. Ammo Suriyadagi Oʻrta dengizning sharqida joylashgan Giyerapol shahridan Serika (Xitoy)gacha boʻlgan masofa boʻylab tuzilgan dastlabki batafsil yoʻllik makedoniyalik savdogar May Titsian (milodiy 100 yil) tomonidan tuzilgan. Bu maʼlumotlar Klavdiy Ptolomeyning „Geografik qoʻllanma“sida saqlangan. Ptolemey esa oʻz navbatida bu maʼlumotlarni tarixchi Marinning taxminan 107—114-yillar oraligʻida yozilgan va bizgacha yetib kelmagan asarlaridan olgan. Ushbu maʼlumotlarga kõra, Buyuk ipak yoʻli 2 kat (kiyem) ga boʻlingan: Giyerapoldan Toshminor (Toshqoʻrgʻon)gacha va Toshminordan Serikagacha. Yoʻlning Oʻrta Osiyo qismi Ariya (hozirgi Turkmanistonning janubiy va Afgʻonistonning shimoliy-gʻarbida joylashgan qadimiy viloyat) dan boshlangan. Ariyadan yoʻl shimolga Margʻiyonadagi Antioxiyaga (Bayramali shahri yaqinidagi koʻhna Marv shahri xarobasi) ketgan, soʻngra sharqqa burilib Baktra (Shimoliy Afgʻonistondagi Balx shahri)ga borgan. Bu yerdan yoʻl shimoliy tomon yoʻnalib Termiz atrofida Amudaryodan oʻtilgan va soʻngra 2 tomonga ketilgan. Birinchisi, shimoldagisi boʻylab Temir darvoza orqali Marokanda (Samarqand)ga, u yerdan Fargʻonaga ketilgan. Ikkinchisi, janubdagisi esa Surxondaryo vodiysi boʻylab komedlarning togʻli oʻlkasiga (hozirgi Qorategin) olib borgan. Har ikki yoʻnalish ham Toshminorga olib borgan. Uni ayrim olimlar Toshkent hududida, boshqalari Olay vodiysida joylashgan deb hisoblaydilar. Toshminordan soʻng yoʻl Oʻrta Osiyo hududidan tashqariga chiqqan, Ergashtom atrofida „savdogarlar qoʻnimgohi“ joylashgan, soʻngra yoʻl TaklaMakon choʻlidan oʻtib Dunxuanga, soʻngra Xitoyning qadimiy poytaxti – Chananga olib borgan. Bu yerdan yoʻl ehgimol shimoli-gʻarbga Koreya va Yaponiyaga ketgan boʻlsa kerak. Milodiy 5—8-asrlarda Buyuk ipak yoʻlining Yettisuv orqali Choch (Toshkent vohasi), Sugʻd, soʻngra Poykend, Marv boʻylab Eron Xurosoniga eltuvchi shimoliy qismi muhim ahamiyat kasb etgan. Ayni shu davrda Eron orqali Vizantiyaga ipak olib oʻtish taqiqlanganligi munosabati bilan sugʻd savdogarlari Vizantiya va Turk xoqonlari vositachiliklarida Sugʻd va Xorazmdan Kaspiy dengizini aylanib oʻtib, Shimoliy Kavkazdagi dovonlardan oshib Qora dengiz va keyinchalik Konstantinopolgacha olib boruvchi yangi yoʻl tarmogʻini ochadilar. Gʻarbda yuksak kadrlangan, qiymati jihatidan oltin va qimmatbaho toshlarga tenglashtirilgan ipak vositasida Vizantiya imperatorlari Yevropadan jangchilar yollashgan va qoʻshni „varvar“ – german va slavyan qabilalarining hukmdorlarini oʻz tomonlariga ogʻdirib olishgan, chunki ipak ularda yanada qadrliroq sanalgan. Ipak bu paytda 3 buyuk davlat: Vizantiya imperiyasi, Sosoniylar Eroni va buyuk Turk xoqonligi oʻrtasidagi iqtisodiy raqobat obyektiga aylangan. Biroq, bu „ipak“ yoʻli aftidan uzoq vaqt mavjud boʻlmagan, chunki 6-asr 2-yarmida Xitoy ipak ishlab chiqarish boʻyicha monopol huquqdan mahrum boʻlgan, asr oxirida esa Vizantiya shu qadar koʻp miqdorda ipak yetishtirar ediki, uni Xitoydan keltirishga hech qanday ehtiyoj qolmagan. Vizantiya ipak sanoatini barpo etilishi va uni astasekin Kavkazorti va Oʻrta dengiz mamlakatlariga tarqalishi bilan Buyuk ipak yoʻlining tarixi tugaydi. Keyingi asrlarda, ayniqsa moʻgʻullar saltanati davrida garchand Sharq bilan Gʻarbni bogʻlovchi karvon yoʻli mavjud boʻlgani haqida koʻplab dalillarni keltirish mumkin boʻlsada, lekin „ipak yoʻli“ nomini unga shartli ravishda qoʻllash mumkin, chunki bu yoʻlning ahamiyatini endilikda ipak emas, boshqa tovar va maqsadlar belgilar edi.
Buyuk Ipak yoʻli Xitoyni Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shahar — Samarqand bilan bogʻlagan. Qadimda Samarqand atrofida eron xalqlaridan biriga mansub, zardushtiylik diniga eʼtiqod qiluvchi sugʻdlar yashagan. Xitoyning asosiy shaharlarida arxeologlar tomonidan sugʻdlarning qabrlari topilgan, bu esa qadimgi xitoyliklar va sugʻdlar oʻrtasidagi mustahkam aloqadan dalolat beradi.
Qizigʻi shundaki, Ipak yoʻli orqali amalga oshirilgan savdo-sotiq jahon mehnat taqsimotiga oʻz hissasini qoʻshgan — baʻzi mamlakatlar faqatgina maʼlum mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslasha boshladilar, chunki bu mahsulotlar boshqa davlatlarga eksport qilinardi.
Buyuk Ipak yoʻli boʻylab savdo XIII-XV asrlarda sezilarli ravnaq topdi. Chingizxon va uning merosxoʻrlarining keng koʻlamli istilolaridan soʻng Yevroosiyo qitʼasining salmoqli qismi moʻgʻullar hukmronligi ostida birlashdi. Chingizxon avlodlari — сhingiziylar bir qancha yirik davlatlarni tashkil qilishdi va boshqa boshlashdi. Ular Buyuk Ipak yoʻli boʻylab karvon savdosidan daromad olishdan manfaatdor edi, buning uchun karvonlarni talon-taroj qilgan qaroqchilarni yoʻq qilish va karvonsaroylar qurishni yoʻlga qoʻyishdi. Qolaversa, ular savdogarlarga koʻmaklashish va zarur boʻlgan boshqa xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshira boshlagan. Ammo XV asrga kelib, moʻgʻul davlatlarida oʻzaro urushlar ham tez-tez sodir boʻla boshladi va karvon savdosi xavfsizligiga eʼtibor qaratilmay qoʻydi.
Usmonli turklar XV asrda Vizantiya imperiyasini bosib olgach, Ipak yoʻli boʻylab amalga oshaytogan savdoni oʻz nazoratiga olish uchun jiddiy qadamlar tashlashdi. Bu esa, oʻz navbatida, yevropaliklarni sharq bilan savdo qilishning boshqa yoʻllarini izlashga majbur qildi. Natijada XV asr oxirida portugallar Hindistonga Afrika boʻylab dengiz yoʻlini ochishdi, ispanlar esa Amerikani kashf etib, uni mustamlaka qila boshlashdi. Yangi dengiz savdo yoʻllarining paydo boʻlishi munosabati bilan Ipak yoʻli muhimligi pasaya boshladi, uning iqtisodiy va siyosiy ahamiyati ham sezilarli darajada kamayib borardi. Ipak yoʻlining umumiy uzunligi taxminan 10 000 km bo’lgan. Mashhur venetsiyalik sayohatchi Marko Polo Ipak yoʻli boʻylab Xitoyga yetib borgan. Ipak yoʻli boʻylab yuk tashish tuyalar yordamida amalga oshirilgan. Otlar choʻllarning ogʻir iqlim sharoitlariga bardosh bera olishmagan. Qaroqchilar hujumidan oʻzlarini himoya qilish uchun Ipak yoʻli boʻylab sayohat qilgan savdogarlar soqchilar bilan birgalikda harakat qilishgan. XIX asrda Yevropa aholisining katta qismini yoʻq qilgan bubon oʻlati epidemiyasi gʻarbga Ipak yoʻli boʻylab kirib kelgan deb ishoniladi.
Ipak yoʻlining eng baland qismi Xunjerab dovonidir. Uning balandligi dengiz sathidan 4693 km.
Savdo yoʻli sharqda Xitoyning Loyan shahridan boshlanib, Xitoyning koʻplab shaharlari va Oʻrta Osiyodan oʻtib, Italiyada, Rimda tugagan. Yo‘l uchta yo‘nalish va ko‘plab tarmoqlardan iborat bo‘lgan. Asosiy yo‘nalishlar Shimoliy, Markaziy va Janubiy yo‘llar bo’lgan.
Shimoliy yoʻl Tarim daryosi boʻylab Tyan-Shan togʻlari orqali, Fargʻona vodiysiga burilib, Oʻrta Osiyo daryolari oralig‘idan Volganing quyi oqimiga, yunon koloniyalariga oʻtgan. Yo‘l-yo‘lakay karvonlar shaharlarda yoki eng go‘zal vohalarda to‘xtab, o‘z mollarini sotardilar. Shu tariqa, yangi shaharlar paydo bo‘ldi, eskilari esa o‘sib, yanada kattalashdi. Oʻzbekiston hududida savdo va hunarmandchilik shaharlari: Andijon, Qoʻqon, Buxoro, Shahrisabz, Samarqand va Xiva gullab-yashnagan.
Janubiy yo‘l Hindiston, Afg‘oniston va Eronning hozirgi hududlaridan o‘tgan. Markaziy yo‘l Fors va O‘rtayer dengizi orqali o‘tgan. Ipak yo‘lining yo‘nalishlari butun dunyoga ma’lum bo‘ldi va tez orada u orqali nafaqat karvonchilar, balki afsonaviy sayohatchilar va sarkardalar ham o‘ta boshladilar. Masalan, italiyalik sayyoh va savdogar Marko Polo Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qilganidan so‘ng “Dunyo xilma-xilligi haqida kitob” asarini yaratdi. Shuningdek, jahonga mashhur sarkarda Chingizxon Buyuk Ipak yo‘li tarmoqlari bo‘ylab o‘tgan. Ko‘p yillar davom etgan mashaqqatli yo‘l mard sayohatchilar va savdogarlarni cho‘chitib yubormadi. Ularning yo‘lida jangari ko‘chmanchilar, suvsiz cho‘llar va iqlimi og‘ir tog‘lar uchrashishi mumkin edi. Ko‘pincha to‘g‘ri yo‘lning yo‘nalishini “odamlar va hayvonlarning suyaklari” orqali tanib olish mumkin edi. Ammo bu yo‘l tufayli dunyo biz hozir ko‘rib turganimizdek, zamonaviy tarzda o‘zgardi. Ulug‘vor yodgorlik shaharlari tarixiy va me’moriy binolari bilan o‘tmishdan bir xotira sifatida tirik afsonaga aylandi.