O’qishni o’rgatish mashqlari Ilmiy manbalarda tavsiya etiladigan va maktab tajribasida qo‘llanadigan mashqlar turli jihatdan tasnif etiladi: 1) matn bilan ishlash bosqichlari; 2) o‘qish turlari; 3) o‘qish texnikasi va mazmuni bilan bog‘liq mashqlar.
Birinchi tasnifga ko‘ra leksik-grammatik birliklarni o‘zlashtirish mashqlarini bajarish tayyorlov bosqichiga kiradi.
Leksik ko‘nikmani shakllantirish maqsadida ushbu bosqich muhim ahamiyatga egadir. Ushbu tushuncha ham jarayon metodi, ham ma’nosi ma’lum bo’lgan leksik birlikni nutqda ishlatish deb ta’riflash mumkin.
So‘zni o’rgatishning uchta bosqichi mavjud bo’lib (tanishtirish yoki taqdim etish, mashq bajarish, qo’llash), har uchala bosqich ham tegishli mashqlarda amalga oshiriladi.
Leksikani o‘zlashtirishda so’z ma’nosini ochib berish birinchi qadam hisoblanadi. Ikkinchi, muhim qadam nutqda so’zni ishlatishga qaratilgan tadbir – leksik birlikning so’z birikmalari va jumlalarda ishtiroki va oqibati natijasida ko’nikma hosil qilish bosqichidir.
Leksik birlik ko’nikmaga kirishi uchun bajariladigan mashqlarda so’zni ikki xil ishlatish usuli mavjud: o’rganilayotgan so’z bir joyda turli birliklar bilan ishlatiladi yoki har xil o’rinlarda yangi so’z birliklari hosil qilib takrorlanadi. Bundan kelib chiqadiki, so’zni belgilangan belgilangan yoki o’zgarib turadigan joylarda ishlatib, mashq bajarish orqali leksik ko’nikma shakllantiriladi.
Leksik mashqlar information va operatsion qismlardan iboratdir. Informatsion qismi ko’rsatma berish va ijro namunasi bo’lib, tilga oid qoidalar hamda nutq amaliyotini birlashtiruvchi mashqlardan iborat. Operatsion mashqlarda leksik material asosida nutq harakatlari egallanadi. Mashqdagi muayyan element – leksik operatsiyani egallash doimo asosiy vazifa qilib qo’yiladi. Masalan, “Matnni o’qing, ajratib ko’rsatilgan so’z, so’z birikmasi yoki gapga e’tibor bering” mashqidagi birliklar shular jumlasidandir.
Leksik ko’nikmani egallash ham murakkab jarayon bo’lganligi sababli, har bir yangi so’z bir nechta mashqda yoki mashqlar to’plamida takror ishlatiladi. Har bir mashq tegishli operatsiyani egallashga mo’ljallangan bo’ladi.
Leksik mashqlarning quyidagi asosiy turlari mavjud: 1) real so’z boyligini o’zlashtirish, lug’at tarkibini kengaytirish va ularni tahmin (bashorat) qilish orqali bilib olish ko’nikmalarini hosil qiladigan mashqlar; 2) retseptiv (o’qish, tinglab tushunish) va reproduktiv (gapirish, yozish) leksik mashqlar; 3) leksik birlikning har xil turlari (so’z, so’z birikmasi, nutq klishesi)ni o’rganish mashqlari.
O’z navbatida mashq turlari yana kichik guruhlarga bo’linadi: joyiga ko’ra (auditoriyada bajariluvchi, uyda bajariluvchi), shakli va usuliga qarab (og’zaki yoki yozma, individual yoki guruh bilan, mustaqil yoki o’qituvchi nazoratida), ona tiliga munosabati nuqtai nazaridan (chet tilida yoki ona tili va chet tilida), amallarni mustahkamlashga oid (biriktirish, o’zgartirish – reproduksiyada, tanlash, guruhlash, o’xshatish, farqlash – retsepsiyada), tuzilishi jihatidan (bir yoki turli xil birliklar ishtirokida), yordamchi vositalarni qo’llsh orqali (ko’rgazmalilik, texnika vositalari, dasturlash elementlari yordamida), o’zlashtirish bosqichlaridan kelib chiqib (dastlabki egallash, mashq qilish, amaliyot, takrorlash, nazorat qilish) mashqlari bajariladi.
Dastlabki bosqichda, asosan, og’zaki, kontekstli, bir tilli (chet tilida) mashqlar auditoriyada, o’qituvchi nazoratida, guruh bilan, rasmlardan foydalanib bajariladi.
O’rta bosqichda mashqlarning katta qismi darsdan so’ng, yozma shaklda, o’qituvchi bevosita nazorat qilmaydigan, kontekstli va kontekstdan tashqari, yakka tarzda, ikki tilda bajarishga mo’ljallangan bo’ladi.
Yuqori bosqichda mavhumotlarga suyanib, kontekstdan tashqarida va kontekstda, ichki imkoniyatli potensial lug’atni boyitish, yangi so’z ma’nosini anglash, leksik operatsiyalarni ong ishtirokisiz erkin qo’llay olish kabi mashqlar bajarilishi tavsiya etiladi.
Potensial lug’at boyligi to’g’risida gap ketganda shuni ta’kidlash kerakki, bu lug’atni o’zlashtirish emas, balki uni shakllantirish va kengaytirish, real leksik bilimlarga, ko’nikmalarga tayanib, retseptiv nutq faoliyatida uchraydigan leksikaning katta qismini tushunish, yangi so’z ma’nosini mustaqil anglash bo’yicha ko’nikmalar hosil qilishdir.
Leksik ko‘nikmani shakllantirish uchun foydalaniladigan amaliy mashqlarga misollar keltiriladi: 1) So’zlarni harflab athlil qilish; 2) Tushirib qoldirilgan harf/harf birikmasini qo’yish; 3) Muayyan qoidaga muvofiq o’qiluvchi so’zlarni o’qish; 4) Qoidadan mustasno so’zlarni o’qish; 5) Berilgan so’zlarni o’qish; 6) Qo’shma so’zlar tarkibini ajratib yozish; 7) Berilgan so’zlarni qaysi so’z turkumiga mansubligini aniqlash; 8) Ona tili bilan bir o’zakli so’zlarni matndan topish; 9) So’z yasash elementlarini farqlash orqali so’z ma’nosini ochish; 10) Afikslariga ko’ra so’zlarni tasniflash; 11) Gaplarda ko’p ma’noli so’zlarni ajratish; 12) Mavzuga tegishli/tegishli bo’lmagan so’zlarni aniqlash; 13) Gapdagi yangi so’zlarni belgilash; 14) Eshitilgan so’zlarni matndan topish; 15) Ona tilida berilgan so’zni chet tilidagi matndan topish; 16) Matnda ajratib ko’rsatilgan so’zlarni ona tiliga tarjima qilish.
Grammatik hodisalarni chet tilida ko’nikmaga aylantirish uchun ham mashqlarning o’rni muhim. Grammatik ko’nikmaga deganda, nutqda morfologik-sintaktik hodisalarni to’g’ri va avtomatlshtgan tarzda qo’llashni va naglashni ta’minlovchi amallar tushuniladi. Morfoligik ko’nikmada shakllar yasalishi va qo’llanishi, operatsiya va amallari to’g’risida gap boradi (otning qo’shimchalari, fe’lga oid qo’shimchalar, ot bilan birga qo’llaniladigan grammatik birliklar). Sintaktik ko’nikmaga esa so’z tartibi, so’z birikmalarining yasalishi kabilar kiradi. Grammatik materialning qo’llanish ko’nikmasiga so’zlarni o’zgartirish va o’rniga qo’yish kiritiladi.
Grammatik hodisalar mashq qilish orqali talabalarning nutq faoliyatiga kiritiladi. Ularning grammatik ko’nikmalari shakllantirishdagi mashq qilish bosqichi asosan uch qismdan iborat: 1. Grammatik hodisalarni taqlidiy aytishni o’rgatish; 2. Taqlidiy o’rganilgan hodisa tarkibida o’zgartirishlar sodir etib, mashq qilish; 3. Oldin o’rganilgan va bugun taqdim etilgan grammatik hodisalar birgalikda o’g’zaki va yozma fikr bayon etish. Yuqorida ko’rsatib o’tilganlar bilan bir qatorda nutqni idrok etish mashqlari ham barariladi.
O’qish jarayonida grammatikani quyidagi tartibda mashq qilish mumkin: 1. Matnda grammatik hodisani topish (Masalan, Read the text and find any grammatical phenomenon); 2. Grammatik hodisani taxmin qilish (Masalan, Read the text and find the missing part); 3. O’xshash grammatik hodisalarni farqlash; 4. O’rganilayotgan grammatik hodisa orqali o’qilayotgan matnni tushunish (Read the text and pay attention to a grammatical phenomenon and use this phenomenon to tell the meaning of the text);
Matnni o‘qish bosqichida esa quyidagi mashqlar bajariladi: 1. Matn mazmuni bilan tanishish. 2. Matn abzasini gapmagap o‘qish. 3. Keyingi abzasdagi hikoya qiluvchininng grammatik shaxsini o’zgartirib o’qish. 4. Navbatdagi abzasning fe’l zamonini o’zgartirib o’qish. 5. O’qituvchi matnga mos tushmaydigan jumla aytadi, o’quvchi matndan to’g’risini topib o’qiydi. 6. Matn mazmunini navbatma-navbat aytish. 7. Matn mazmuni yuzasidan o’quvchilar bir-biri bilan savol-javob qiladilar. 8. Matn mazmunini reja asosida beradilar.
Matn ustida ishlashning uchinchi bosqichida o’ziga xos mashqlar bajariladi: 1. Yakka nutq yoki juft nutqda ushbu matn va oldin o’tilgan materiallardan foydalanib gapirish mashq qilinadi. 2. Yangi O’NV bo’yicha matndan foydalanib gapirish. 3. Juftnutq mashlarini bajarish. Matn xususiyatiga ko’ra tushunganlikni tekshirish mashqlari (og’zaki va yozma) bajariladi.
Ikkinchi tasnifga binoan o’quvchilar tanishuv, o’rganuv va kuzatuv o’qishga oid bajarishadi.
Tanishuv o’qish mashqlariga quyidagilar kiradi: 1. Matnning umumiy mazmunini tushunib savollarga javob berish. 2. O’qituvchi matndagi ayrim axborotni ataylab o’zgartirib aytadi, o’quvchilar matndan to’g’ri ma’lumotlarni aytib beradi. 3. Matndan oldingi savollarga javob topish. 4. O’qituvchi fikrini isbotlovchi dalillarni matndan topib aytish.
O’rganuv o’qish davrida matn mazmunini batafsil tushunishga qaratilgan mashqlar bajariladi: 1. Matnni ko’z yugurtirib o’qib chiqish. 2. Diqqat bilan o’qish. 3. Tushunganlikni tekshirish uchun matnning ayrim joylarini yoki to’liq yozma tarjima qilish. 4. Savol-javob mashqini bajarish.
Kuzatuv o’qish chog’ida chog’ida boshqa turlardagi o’qishga qo’shimcha quyidagi mashqlar tavsiya etiladi: 1) uch-to’rt daqiqa mobaynida matnda nima haqida gap borishini aniqlash; 2) matndan biror narsa haqidagi joylarni topib o’qish; 3) gazetadan falon maqolani topib o’qish.
Uchinchi tasnif bo’yicha o’qish mashqlari ikki toifada bajariladi: 1) til materialini, boshqacha aytganda, nutqiy faoliyat ko’rsatish vositalarini o’zlashtirishga va 2) matndagi axborotni fahmlash usullarini egallashga mo’ljallangan mashqlar.
Til hodisalarini o’qish jarayonida o’rganish mashqlari: 1) so’zni yozish (ko’ruv timsolini hosil qilish) va o’qish; 2) orfografik belgiga binoan so’zlarni guruhlab o’qish; 3) harfi tushirib qoldirilgan so’zlarni to’ldirib yozish va o’qish; 4) diktantlar yozish va o’qish; 5) muayyan harfni o’z ichiga olgan qator so’zlarni o’qish; 6) biror tovushli so’zlarni o’qish; 7) qisqa va cho’ziq unli ishtirokidagi so’zlarni o’qish; 8) qiyoslangan so’zlar ustunini o’qish; 9) bir qoidaga rioya qiladigan tanish va notanish so’zlarni o’qish; 10) so’z birikmalarini o’qish; 11) gaplarni o’qish; 12) mikromatnni o’qish.
Grafemalar (harf va harf birikmalari)ni, so’z va so’z birikmalari, gap, mikromatnni sinf doskasidan, daftar yoki kitobdan va tarqatma materialdan o’qish mumkin.
O’qishdan axborot olish mashqlari: 1) matnning biror tarafini ajratish (asosiy g’oyasini, biror tafsilotini, muayyan faktni topib o’qish); 2) biror masalalarni yoritadigan o’rinlarni topish; 3) voqealar (qahramonlar) orasidagi bog’lanishni ochish maqsadida o’qish; 4) mavzuning ibtidosi va intihosini aniqlash uchun o’qish; 5) o’qilgan joyni sharhlash; 6) yashirin mazmun (tagma’no)ni fahmlash va boshqalar.
Tegishli so’zlarni toppish, fe’l zamonini aniqlash, tayanch jumlalarni belgilash, so’z va jumlalarni almashtirish, bir nechta jumlani biriktirish singari til materialiga doir mashqlar ham bajariladi.
Nutqiy mashqlarda ashyoviy ko’rgazmalilik, syujetli rasmlar, flanegraf kabilardan keng foydalanish mumkin.
Xullas, o’qishni o’rgatishda lisoniy (leksik, grammatik, talaffuzga oid) ko’nikmalarni hosil qilish mashqlari va nutq (o’qish, tinglash, gapirish, yozuv) malakalarini o’stirish mashqlari bajariladi.