Og‘zaki o‘qitish usullari. Tabiat bilan tanishtirishning og‘zaki uslubi. Suhbat Didaktik vazifalardan kelib chiqqan holda suhbat ikki turga — oldindan o‘tkaziladigan suhbatlar va yakuniy suhbatlarga bo‘linadi. Oldindan o‘tkaziladigan suhbatlarni tarbiyachi kuzatishlar, ekskursiyalardan oldin qo‘llaydi. Bunday suhbatning maqsadi —bo‘lajak kuzatishlar bilan mavjud bilimlar o‘rtasida aloqa o‘rnatishdir. Yakuniy suhbat o‘rganilgan faktlarni tizimlashtirish, mustahkamlash va aniqlashga yo‘llanadi. Bu suhbatlar mazmunan turli darajada bo‘lishi mumkin: ba‘zi kuzatiladigan ob‘ektlarning tor doirasini (masalan, issiq o‘lkalarga uchib ketuvchi qushlar haqida, yovvoyi hayvonlarning o‘rmonda qishlashi va shu kabilar), boshqalari hodisalarning keng doirasini (masalan, mavsumlar haqida suhbatlar) qamrab olishi mumkin.
Suhbatlar turlari va suhbatda ko‘rgazmali vositalardan foydalanish. Suhbat — bu bolalar bilan o‘tkazilgan mashg‘ulotning yakunidir. Uning samaraliligi bolalarning tayyorgarliklariga bog‘liqdir. Shuning uchun tarbiyachi bolalarni kuzatishlar, mehnat faoliyati, o‘yinlar, tabiat haqidagi hikoyalar orqali suhbatga tayyorlashi lozim. Bolalarda nima haqida konkret tasavvur bo‘lsa, faqat shu mavzu yuzasidan suhbat o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Tarbiyachi suhbatning didaktik maqsadini aniq tasavvur qilishi, ya‘ni uning mazmunini aniqlashi, umumlashtirishi hamda muhim tomonlarini ajratib, suhbat yakunida aniq bir xulosa chiqara olishi lozim. Suhbat hodisa, faktlarni analiz qilishdan, ularning xususiyatlari, belgilari o‘rtasidagi muhim aloqa hamda munosabatlarni ta‘kidlashdan boshlanadi. Bunday analiz savollar orqali umumlashtirishga o‘tishni ta‘minlaydi, tarqoq faktlarni bir tizimga soladi. Masalan: «Qaysi qushlar birinchi bo‘lib uchib keladi? Qora qarg‘ani qanday tanib oldik? Biz ularni qayerda ko‘rganmiz? Qora qarg‘alar dalada nima qilayotgan edi? Qora qarg‘alar nima yeydi?». So‘ng keyingi savol beriladi: «Nima uchun qora qarg‘alar boshqa qushlardan oldin uchib keladi?» (chug‘urchuq, qaldirg‘och va shu kabi boshqa qushlar haqida ham shunday savollar beriladi). Suhbatning ikkinchi qismida «Nima uchun hamma qushlar bir vaqtda uchib kelmaydi?» kabi umumlashtiruvchi savolni berish mumkin. Ular mazmunan aniq, to‘g‘ri, qisqa bo‘lishi kerak. Har bir savolda bitta fikr bo‘lishi shart. Qisqa «ha» yoki «yo‘q» javoblarini talab qiluvchi savollarni berib bo‘lmaydi. Bunday savollar tafakkurning o‘sishini, munosabatlarning aniqlanishini ta‘minlamaydi. Tarbiyachi suhbat davomida bolalarning xulosa, umumlashtirishlarini o‘zlari mustaqil chiqarishlariga g‘amxo‘rlik qiladi. Suhbatda xilma-xil ko‘rgazmali materiallardan ham foydalanish zarur. Bular tabiat jismlari, ob-havo kalendarlari, gerbariylar, illyustratsiyalardir. Bundan tashqari topishmoqlar, she‘rlar, qushlar ovozining yozuvlari foydalidir. Bu bolalarda muhokama qilinayotgan hikoyaga nisbatan emotsional munosabat uyg‘otadi. Suhbat bolalarni tabiat bilan tanishtirish uslubi sifatida, o‘rta va maktabgacha katta yoshda qo‘llaniladi. O‘rta guruhda suhbat, asosan, hodisalarni eslatishga, katta va maktabga tayyorlov guruhlarida esa mavjud bilimlarni umumlashtirish va sistemaga solishga yo‘naltiriladi.
Vizual usullarga kuzatish, rasmlarga qarash, modellar, plyonkalar, filmlar, transparentlarni namoyish qilish kiradi. Vizual usullar maktabgacha yoshdagi bolalarning kognitiv faoliyati imkoniyatlariga to‘liq mos keladi, ularga tabiat haqida jonli, aniq g‘oyalarni shakllantirishga imkon beradi.