Tayanch iboralar: mulk bozori, umumiy bozor, bozor funktsiyalari va tamoyillari, mulk bozorining: turlari, tovari, institutsional va funksional tuzilmasi, ishtirokchilari, ko'rsatkichlari, kon'yunkturasi, iqtisodiy modeli, transparentligi, regulyativ modeli.
1. Mulk bozorining umumiy bozor sifatidagi tushunchasi, nazariy asoslari va uning tovari fuqarolik huquqlari obyektlari ekanligi to'g’risida
Insoniyatning ongli ravishdagi maqsadli faoliyati paydo bo'lishi tarixiga nazar tashlansa, mulkiy munosabatlar odamlar o'rtasida ularning boyliklarini natural tovar sifatida maqsadli va o'zaro manfaatli tarzda oddiy almashinuvi (barter) jarayonidan boshlanganini ko'rish mumkin. Hozirga kelib bozor alohida nazariyasiga va faoliyat mexanizmiga ega, yuqori darajada tartiblashgan murakkab infratuzilma (industriya) shaklida namoyon bo'luvchi dinamik muhitga ega bo'lib, zamonaviy iqtisodiyot rivojini obyektiv aks etadi va belgilaydi.
Bozorning dinamik muhitga ega murakkab tizim ekanligi unda tovarlar hajmi va narxi vaqt birligi ichida talab va taklif asosida uzluksiz o'zgarib borishi bilan belgilanadi.
Asrlar davomida bozor va uning mazmuniga oid tushunchalar shakllanib va uzluksiz takomillashib kelmoqda. Bunga sabab, inson sivilizatsiyasining bozor sohasidagi tajribasini yillar davomida boyishi, unda shaxslarning (yuridik va jismoniy) bozor munosabatlari va qiziqishlari kengayib, maqsadlari va faoliyat turlari, ehtiyojlari ortib, manfaatlari tobora o'sib, ularning haq-huquqlari borgan sari mustahkamlanib va ta'minlanib borishidadir.
Bozorni, umuman olganda, quyidagicha ta'riflash mumkin: bozor - bu ma'lum hajm, qimmat, qimmat va narxga ega bo'lgan tovarning erkin savdosi bilan bog’liq tashkillashgan ijtimoiy-iqtisodiy-informatsion-huquqiy mexanizm bilan ta'minlangan munosabatlarni turli omillar ta'siri sharoitida maqsadli amalga oshirilishini ta'minlovchi yaxlit murakkab tizim (mexanizm) sifatida namoyon bo'luvchi tovar bo'yicha talab va taklif funtstiyasi. Ushbu tizimning faoliyat mexanizmi davlat va iqtisodiyotning barcha sub'yektlari tomonidan birgalikda ularni har birining alohida manfaatli maqsadlari doirasida harakatga keltiriladi. Bozorda tovarlar ishlab chiqaruvchi(sotuvchi)lardan iste'molchi(haridor)larga tomon, moliyaviy resurslar esa aksincha yo'nalishda harakat qiladi.
Har qanday bozorda mulkiy munosabatlar mulkdorlar va mulkdor bo'lmagan shaxslarning o'zaro manfaatli aloqalari mazmun-mohiyati va shakllarini ifodalaydi, ijtimoiy ishlab chiqarishning turini va shaklini, mulkchilik tizimidagi faoliyat xarakterini, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish modelini hamda bu shaxslarning ishlab chiqarish vositalari bilan bog’lanish, ishlab chiqarish omillari va mahsul(natija)laridan foydalanish shart-sharoitlarini belgilaydi. Shuning uchun ham mulkiy munosabatlarsiz ijtimoiy ishlab chiqarish jarayoni va bozor faoliyati mazmunga ega bo'lmaydi. Zero, yuqoridagi fikrga qo'shimcha sifatida aytilsa, mulkiy munosabatlar - bu jamiyatdagi boyliklarni bozor muomalasi va o'zlashtirish bilan bog’liq ijtimoiy-iqtisodiy-informastion-huquqiy munosabatlar bo'lib, ularni amalga oshirilishi jarayonida huquq va majburiyat, mas'uliyat va javobgarlik, manfaat kategoriyalarining uzviy birligi ta'minlanadi.
Bunda aniq mulkdori(mulkiy huquq sub'yekti)ga ega FHOning har qanday turi o'z tabiatiga mos keluvchi bozorning tovari sifatida namoyon bo'lishi barcha uchun ma'lum (aksiomatik) fakt. Bu esa FHOning barcha turlarini o'z tovari sifatida shartli qamrab oluvchi umumiy bozorni mulk bozori yoki milliy bozor yohud jahon bozori deb qabul qilinishiga asos bo'ladi. Mos ravishda, FHO turlariga qarab mulk bozori tasniflab o'rganilishi mumkin. Zero, tovar bo'lmish FHO turiga va uning egasi bo'lmish mulkdorni turiga qarab mulkchilik tizimining va mulk bozoridagi mulkiy munosabatlarning xarakterlari, jumladan, talab va taklif mexanizmining (jarayonlarining) xarakteri belgilanadi.
Mulk bozori mazmunidagi umumiy bozor mulkdor bo'lmish davlat va iqtisodiyot sub'yeklarining maqsadli mulkiy munosabatlari asosida tovar sifatida namoyon bo'lgan moddiy va nomoddiy boyliklarga ega bo'lish va ularni ishlab chiqarish bilan bog’liq bo'lib, bunday boyliklar bozor qonunlari va kon'yunkturasi asosida ob'yektiv muomalada bo'ladi. Umuman olganda, bu bozor davlat va iqtisodiyot sub'yektlarining maqsadli naf va manfaatlari sari etaklovchi imkoniyatlari doirasida tartiblashtirilgan harakatlari evaziga turli (ijobiy yoki salbiy) samara (foyda) darajasida ob'yektiv sodir bo'luvchi bozor tovarlari (FHO) bo'yicha mulkiy munosabatlarining narxiy muhiti bo'lib, unda taraflarning nafiy manfaatlari talab va taklif asosida shakllanadigan ob'yektiv narxlarda qondiriladi. Bu narxiy muhit Allohning hohishi ila vujudga kelib, undagi iqtisodiyot sub'yektlarining faoliyati davlat va jamiyat tomonidan turli omillar ta'siri ostida takomillashib rivojlanuvchi mulkiy (ijtimoiy-iqtisodiy-informatsion-huquqiy) munosabatlar mexanizmi bilan ta'minlangan bo'ladi. Ushbu mexanizm mulkiy bozor munosabatlariga kiruvchi iqtisodiyot sub'yektlari tomonidan harakatga keltiriladi. Bunda umumiy bozorning (jumladan, undagi davlat va iqtisodiyot sub'yektlarining) vazifasi iqtisodiyotda tovarlarning erkin va transparent (shaffof) muomalasi uchun zaruriy shart-sharoit yaratishdan iborat. Umumiy holda, milliy bozor (uning sinonimi deb qabul qilingan FHOlari yoki huquqiy fantomlari bozori) narxi va hajmi ko'paytmasi mamlakat iqtisodiyotining kapitalizatsiyasini ifodalaydi.
Bozorning maqsadi - bozor ishtirokchi(qatnashchi)larining tovarlar oqimi bilan bog’liq erkin raqobatli va transparent munosabatlarini amalga oshirishlari uchun ob'yektiv kon'yunktura, yetarli, zaruriy va qulay shart-sharoitlar yaratish asosida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining regulyativ “barometri” rolini bajarish.
Bozorning vazifasi - bozorning ushbu maqsadiga erishishi bilan bog’liq funktsiyalarni samarali bajarishini ta'minlash asosida bozor qatnashchilarining bozor munosabatlari jarayonida vujudga keluvchi muammolarini hal qilinishiga ko'maklashish.
Bunda bozor bir qator funktsiyalarni bajaradi. Uning funktsiyalarini to'rt guruhga ajratish mumkin: makroiqtisodiy, umumbozor, maxsus (ixtisoslashgan) va globallashtirish (meta, ya'ni halqaro darajada moliyaviy globallashtirish) funktsiyalarga.
Makroiqtisodiy funktsiyasi iqtisodiyotda ishlab chiqarilgan mahsulotlar va xizmatlarni bozor tovariga smarali transformatsiyasi va “pul-tovar-Δ” sxemasi mazmunida ifodalanuvchi o'zaro tovar almashinuvi (ayirboshlanishi) jarayonini ta'minlab berishdan iborat.
Umumbozor funktsiyasi, odatda, har bir milliy bozorga mansub bo'lib, makroiqtisodiy va mahsus funktsiyalarini o'z ichiga olgan holda shakllanadi. Maxsus funktsiyasi esa uni boshqa turdagi bozorlardan (tovarlari turlari va xususiyatlari bo'yicha) farqlaydi.
Umumbozor funktsiyasiga quyidagilar kiradi:
- tijoratni rivojlantirish funksiyasi (bu funktsiya bozor qatnashchilarining o'zaro erkin raqobat asosida daromad olishini ta'minlovchi funksiya);
- narx-navoni bedgilash funksiyasi, ya'ni bozor narxlarini shakllanishi va ta'siri jarayonini, ularni bozor konyukturasiga bog’liq tarzda uzluksiz harakatini (o'zgarishini) ta'minlaydi;
- informatsiya bilan ta'minlash funksiyasi, ya'ni bozor o'z qatnashchilariga savdo ob'yektlari va savdo ishtirokchilari to'g’risidagi axborotni shakllantiradi va havola qiladi;
- regulyativ (tartibga solish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish) funksiya, ya'ni bozor o'zidagi savdo va unda ishtirok etish, qatnashchilar o'rtasidagi munosabatlar me'yorlarini va nizolarni hal qilish tartiblarini joriy qiladi, ustuvor yo'nalishlarni aniqlaydi, nazorat organlarini va tartib-qoidalarini belgilaydi, bozor qatnashchilari tomonidan bu me'yor va tartib-qoidalarga rioya qilinishini nazorat qiladi va h.k.
Bozorning maxsus funksiyalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
- tovarlarni ishlab chiqaruvchilardan iste'molchilarga, pul mablag’larini aksincha yo'nalishda taqsimlash va qayta taqsimlash funktisyasi. Uni o'z navbatida to'rt kichik funksiyaga ajratish mumkin:
1) texnologik funksiya: tarmoqlar ichida ishlab chiqarish jarayonlari uchun tovar va hom ashyolarni taqsimlash va qayta taqsimlash;
2) iste'molni ta'minlash funksiyasi: tehnologik funkstiya mahsuli bo'lmish tayyor mahsulotlarni istemolchilar (ya'ni aholi) o'rtasida taqsimlash;
3) moliyaviy funksiyasi: jamg’armalarni investitsiyalarga aylantirish; jamg’armalarni, ayniqsa aholi jamg’armalarini, noishlab chiqarish shaklidan ishlab chiqarish shakliga o'tkazish (transformatsiyalash); noinflyatsion asosda davlat byudjetini moliyalashtirish, ya'ni qo'shimcha pulni muomalaga chiqarmasdan; pul massasini boshqarish;
4) ijtimoiy funksiyasi: tovarlarni istemolchilarning tabaqalari o'rtasida ularning talablari doirasida taqsimlash va qayta taqsimlash.
- narx va bozor risklarini oldini olish funksiyasi (sug’urtalash va xedjirlash asosida).
Iqtisodiy globallashtirish funktsiyasi quyidagilarda namoyon bo'ladi:
- tovarlarni umumjahon miqyosida globallashgan iqtisodiyot doirasida samarali taqsimlanishi va qayta taqsimlanishi;
- milliy bozorlarni o'zaro integratsiyalashuvi (uyg’unlashuvi);
- bozorlarni internatsionallashuvi;
- jahon globallashuvi jarayonlari (barcha yo'nalishlarda) rivojini katalizatori va h.k.
Bozorning amaliy funksiyalari - tovarning bozor muhitida zaruriy funksiyasini bajarishiga shart-sharoitlar yaratish, obyektiv bozor kursini (narxini) va hajmini belgilash, “pul-tovar-Δ” sxemasida ularning o'zaro ekvivalentliligini aniqlash, tovar va pul resurslarining samarali taqsimlanishi va qayta taqsimlanishini ta'minlash, bozor tovari bilan bog’liq biznesni baholash, tartiblashtirish va raqobatli rivojlantirish, iqtisodiyotning holatini sifatiy va miqdoriy ifodalash. Umumiy funksiyasi esa bozor muhitini rivojlantirishdan iborat. Metodologik funksiyasi - bozor tovari muomalasi bilan bog’liq bozor munosabatlarini tizimli tadqiq etish va rivojlantirishning nazariy asoslarini, yondashuv va usullarini takomillashtirish va rivojlantirish.
Bozor vazifalarini asosiy va qo'shimchalarga ajratish mumkin. Asosiy vazifalari uning bozor munosabatlari tizimidagi ahamiyati va qulay sharoitlarni ta'minlashi bilan ifodalanadi (ular yuqorida sanab o'tilgan).
Bozorning qo'shimcha vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
-tovar ishlab chiqaruvchilarning moliya va tovar oqimlarini optimallashtirish, iqtisodiy manfaatlarini himoyalanishini ta'minlash;
- bozor qatnashchilarining ijobiy imidjini shakllantirish;
- biznesni rivojlantirish va qo'shimcha ish joylarini yaratish;
- jahon bozor tizimiga integratsiyalashtirish;
- siyosiy va iqtisodiy vositasi sifatida ta'sir ko'rsatish;
-iste'molchilarning huquqlarini himoyalash va maqsad-manfaatlarini ta'minlash.
Share with your friends: |