1. Mulkning fuqarolik huquqlari obyektlari sifatida tasniflash va tavsiflash metodologiyasi
Zamonaviy mulk ko'p atributli (ko'p turli, ko'p qirrali, ko'p xossali, ko'p bozorli, ko'p tabiatli) va turli omillarga ta'sirchan bo'lganligi sababli, uni fuqarolik huquqlarining ob'ektlari (FHO) sifatida qabul qilish mumkin. Bunday mulk(mulkiy huquq)ning atributlarini kompleks idrok qilish uchun uni tasniflash katta ahamiyatga ega. Zero, tasniflash zamonaviy mulkni (qisqacha - mulk deb yuritamiz) turfa shakllarda bo'luvchi murakkab fenomen sifatida chuqurroq tushunish va mazmun-mohiyatini ochib berishga xizmat qiladi.
Metodologik nuqtai nazardan, mulkni turli yondashuv, belgi, shakl va uslublarga asosan tasniflash va tavsiflash mumkin. Zero, bularning har biridan foydalanish tasniflash obyekti to'g’risidagi bilimlarni kengaytiradi va chuqurlashtiradi. Bu esa, o'z navbatida, mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda ishonchli qaror qabul qilishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, iqtisodiyot ilm-fani va amaliyotidagi tasniflashning mavjud bo'lgan yondashuv, belgi, shakl va uslublar tizimi zamonaviy mulkning tasniflash va tavsiflash metodologiyasini tashkil etadi.
Tasniflash sifatini oshirish maqsadida qonuniy-me'yoriy va ilmiy-metodologik yondashuvlarni qo'llash mumkin.
Tasniflashning har ikkala yondashuvi mulkni turli shakl, belgi va uslublar asosida tasniflanishini nazarda tutadi.
Bunda tasniflash mulkning atributlari mazmuniga mos keluvchi turli belgilar asosida amalga oshirilishi mumkin.
Tasniflash verbal, jadval va sxematik shakllarda amalga oshirilishi mumkin.
Tasniflash va tavsiflashda mulkni turlarga, guruhlarga, sinflarga, kategoriyalarga ajratish uslublari qo'llanilishi mumkin.
Tasniflash va tavsiflashning ilmiy-metodologik (nazariy) yondashuvi mulk bilan bog’liq ilmiy tadqiqotlar maqsadida qo'llaniladi. Bu yondashuvni qo'llash asosida olingan bilimlar nazariy xarakterga ega bo'lib, ilmiy tadqiqot va amaliy faoliyat metodologiyasini takomillashtirish va boyitishga xizmat qiladi. Masalan, mulk bilan bog’liq ilmiy ishlarda va o'quv-uslubiy adabiyotlarda ularning mualliflari ko'rilayotgan mulk mazmunini ilmiy asosda ochib berish maqsadida o'zgacha tasniflash belgilari, shakllari va uslublarini ilmiy-metodologik yondashuvda qo'llash yo'li bilan ilmiy-uslubiy ish maqsadiga erishadi.
Tasniflash va tavsiflashning qonuniy-me'yoriy (amaliy) yondashuvi mulkni amalda bo'lgan tegishli qonun hujjatlari asosida tasniflash va tavsiflashni nazarda tutadi. Bu yondashuvni qo'llash asosida tizimlashtirilgan bilimlar amaliy xarakterga ega bo'lib, mulk bilan bog’liq amaliy faoliyat sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi hamda ma'lum darajada ilmiy tadqiqot metodologiyasini takomillashtirishga yordam berishi mumkin. Masalan, mulk qiymatini baholovchilar o'zlarining amaliy faoliyatida mijozi uchun baholanayotga mulk turi bo'yicha aniq va ishonchli xulosa tayyorlash maqsadida mazkur mulkni amalda bo'lgan tegishli qonun hujjatlari asosida amaliy yondashuv yordamida amaliyotdagi tavsiflardan foydalangan holda tasniflaydi. Mazkur yondashuv professional xizmatlar ko'rsatuvchi rieltorlar, banklar, sug’urta va boshqa turdagi institutlar faoliyatida ham maqsadli qo'llaniladi.
Pedagog va talabalar uchun tavsiya sifatida aytish mumkinki, har ikkala yondashuv asosida amalga oshirilgan verbal yoki jadval yohud sxematik shaklda tasniflashni (mulkning mavjud turlari bo'yicha tasniflashning turlarga, guruhlarga, sinflarga, kategoriyalarga ajratish uslublarni qo'llab) lektor va talabaning Internet yordamida interaktiv muloqoti usulini qo'llash yo'li bilan talaba tomonidan (elektron taqdimot yoki yozma referatlar tayyorlash orqali) mustaqil amalga oshirish foydadan holi emas. Bunda mulkni tasniflash bilan bog’liq mavjud qonun hujjatlari va Internet resurslaridan hamda tegishli ilmiy va o'quv-uslubiy adabiyotlardan foydalanish tavsiya qilinadi.
Ko'chmas mulk obyektlari tasnifi ko'chmas mulk iqtisodiyotiga bag’ishlangan adabiyotlarda, mulkning alohida turi deb hisoblangan moliyaviy instrumentlar, jumladan, emissiyalanuvchi qimmatli qog’ozlar, tasnifi va tavsifi ular bilan bog’liq moliya va fond bozorlariga bag’ishlangan adabiyotlarda batafsil berilgan. Shu munosabat bilan, turli mulk obyektlari tasnifi mavjud tegishli adabiyotlar va qonun hujjatlari yordamida talabalar tomonidan mustaqil o'rganish tavsiya etiladi.
Baholash faoliyati nuqtai nazaridan, zamonaviy mulkning tasnifi va tavsifi ushbu faoliyatni tartibga soluvchi qonun hujjatlarida va mulk qiymatini baholashning milliy standartlarida (MQBMS) keltirilgan.
Share with your friends: |