Zardushtiylikning zo`r ehtiromga sazovor xudolari Ahuramazda, Mitra va Anaxitadir. Ahuramazda zardushtiylarning ulug` va donishmand oliy xudosi hisoblanadi. Mitra — Quyosh va yorug`lik xudosi, dehqonlar va chorvadorlarning hosildorlik, farovonlik va mol-davlat bag`ishlovchi homiysidir. Mitra Ahuramazda va odamlar O`rtasida bosh vositachi bo`lgan. Mitra o`spirin va jangchi qiyofasida tasvirlangan. o`tli chaqmoqlar yordamida u yovuzlik va o`lim xudosi bo`lmish Ahriman bilan jang qiladi. Yomg`irdan keyin hosil bo`ladigan kamalak Mitraning o`q uzayotgan yoyidek egilgandir. Anaxita zardushtiylikda hosildorlik va suv ilohasi hisoblangan. Zardushtiylik dini ta'limoti insoniyatning Ezgulik va Yovuzlik haqidagi dualistik qarashlari takomiliga katta ta'sir ko`tsatdi.
"Avesto" va zardushtiylik marosimlari
Olimlarning izlanishlari tufayli bugungi kunda biz zardushtiylarning muqaddas kitobi "Avesto" matnlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo`ldik. Fransuz olimi A.Dyuperron ilk marotaba "Avesto"ning alohida qismlarini tarjima qilish baxtiga muyassar bo`lgan.
Zardushtiylik dunyoga kelishi haqida shunday bir afsona bor. Bir kuni erta tongda Zardusht suv olish uchun daryo bo`yiga boribdi. Zilol suvda u Ahuramazda elchilaridan birining siymosini ko`rib qolibdi, siymo nur bilan qaysi tomonga borishga yo'1 ko`rsatibdi. Zardusht sehrli nur izidan ergashibdi, ko`p o`tmay oliy iloh qarshisiga borib qolibdi. Ahuramazda unga Zardushtni xudo Ahuramazda va uning ezgu amallari haqidagi bilimlarni tarqatish uchun tanlab olinganini ma'lum qilibdi.
Shu alfozda Zardusht 30 yoshida yangi diniy ta'limot payg`ambariga aylangan. "Payg`ambar" so`zining o`zi esa "ezgu amallar haqida mujda beruvchi" ma'nosini anglatadi.
Zardusht va'zlari matnlarining hammasi miloddan avvalgi III asrda 21 ta kitobga jamlangan, bu kitoblar "Avesto" asosini tashkil etgan edi. "Avesto" matnlariga sharh esa "Zand" deb yuritiladi.
Zardushtiylik ta'limotiga ko`ra, butun Borliq va bizni qurshab turgan hamma narsa ikki ibtidodan, ya'ni Ezgulik va Yovuzlikdan tashkil topgan. Ezgulik va Yovuzlik O`rtasida doimiy kurash boradi. Masalan, yorug`lik zulmat bilan, hayot o`lim bilan, yaxshilik yomonlik bilan, haq-huquq esa haqsizlik bilan kurashadi.
Zardushtiylar umrining tub ma'nosi ezgu amal, ezgu so`z va ezgu fikrdan iborat bo`lishi lozim. Insonning asosiy burchi eng avvalo adolatli turmush tarzi hisoblangan. Yovuzlik bilan kurashda Ezgulikka yordam berish lozim: yolg`on so`zlamaslik, aldamaslik, va'daga vafo qilish, faqat ezgu ishlarni amalga oshirish.
Zardushtiylik ta'limotiga ko`ra, inson o`z yo`lini o`zi tanlaydi, kimning yonini olish, kimni himoya qilishni ham o`zi hal qiladi.
Olov, tuproq, suv va havoni zardushtiylar muqaddas hisoblashgan. Ularni Yovuzlikni ifoda etuvchi buyumlar bilan qorishtirib yubormaslik kerak.
Yer yuzidagi eng qo`rqinchli Yovuzlik o`limdir. Shuning uchun ham zardushtiylarda vafot etgan kimsalarni dafn etish borasida alohida marosim dunyoga kelgan. Inson vafot etganida bu hol unga Yovuz ibtido — o`lim ko`chib kirganini anglatadi, Yovuzlik bilan Ezgulik bo`lmish Tuproqni bulg`amaslik kerak. Marhumning jasadini yerga ko`mish ham, yondirib tashlash ham, suvga tashlab yuborish ham mumkin emas. Shuning uchun ham murdani qushlar va hayvonlar yeb ketishi uchun maxsus inshootda qoldirishgan. Yomg`irlar poklagan va oftob qoqlagan suyaklarni maxsus sopol tobutchalar — ossuariylar (suyakdonlar)da dafn etishgan.