Ulugʻbek (taxallusi; asl ismi Muhammad Taragʻay) [1394.22.3, Sultoniya sh., Eron Ozarbayjoni — 1449. 27.10, Samarqand] — buyuk oʻzbek astronomi va matematigi, davlat arbobi. Shohruxning oʻgʻli, Amir Temurnint nabirasi. Sohibqironning "besh yillik yurish"ida (1392—96) Irokdagi Mordin qalʼasini qamal qilish chogʻida tugʻilgan. Sharafuddin Ali Yazdiy "Zafarnoma" asarida yozishicha, Amir Temur huzuriga chopar kelib U.ning tugʻilgani va munajjimlar bu nevara kelajakda ham olim, ham hukmdor boʻlishini bashorat qilganlari xushxabarini yetkazadi. Sohibqiron xursandligidan Mordin qalʼasi qamalini toʻxtatib, uning xalqiga yuklangan toʻlovni bekor qiladi. Uning oʻz nabirasiga Muhammad Taragʻay va Ulugʻbek deb ism qoʻyganini ham munajjimlarning yuqoridagi bashorati bilan bogʻlash mumkin.
Amir Temur U. tarbiyasiga alohida eʼtibor bergan va uni davlat ahamiyatiga molik tadbirlarda qatnashtirgan. Klavixonmng qayd etishicha, U. bobosining xorijiy elchilarni qabul qilish marosimlarida ishtirok etgan. 1404 y. Konigillya. oʻtkazilgan tantanalarda Amir Temur oltita nabirasining (jumladan, U.ning) nikoh toʻylarini oʻtkazgan. Toʻyda Sohibqiron U.ka Toshkent, Sayram, Yangi (hozirgi Taroz), Ashpara va Moʻgʻulistonni to Xitoy hududigacha suyurgʻol qilib bergan. Amir Temur Oʻtrorda vafot etgan chogʻda U. ham oʻsha yerda boʻlgan. [[Temuriylar oʻrtasida toju taxt uchun kurash boshlangan. Oʻtrordan qaytgan Shohrux farzandlari — U. va Ibrohim Sultonni amirlar poytaxt Samarqandga kiritmaydilar, ular Buxorodan panoh topishgan. Samarkand taxtini Xalil Sulton egallagan. Xurosonni boshqarib turgan Shohrux U.ka dastlab Andxoʻy bilan Shibirgʻonni, keyinchalik Xurosonning Tus, Xabushon, Kalot, Bovard, Naso, Yozir, Sabzavor va Nishopurdan iborat qismini boshqarishni topshirgan. 1410 y. Shohrux Movarounnahrni oʻz tasarrufiga kiritgach, uni idora eti sh ni Turkiston viloyati bilan birga U.ka topshirib, Sohibqiron vasiyatini qayta tiklagan. U. yosh (15 yosh) boʻlgani sababli amir Shohmalik unga homiy etib belgilangan. Lekin Shohmalikning raqibi — Oʻtrordagi Shayx Nuriddin va Muhammad Jahongirning Hisordagi voliylari 1410 y. bahorida U. va Shohmalikka qarshi chiqqanlar. Shu yilning yozida Shohrux ishtirokida boʻlgan jangda Shohmalik va U. gʻalaba qilganlar. 1411 y. sent.da Shohrux Samarqandga kelib, Shohmalikni oʻzi bilan Hirotga olib ketgan va keyinchalik Xorazmga hokim qilib yuborgan (1413). Shu vaqtdan boshlab U. Movarounnahrni mustaqil idora etishga kirishgan. Shohrux Movarounnahrda boshqa temuriy shahzodalarga ham mulk ajratgan edi. Chunonchi, Hisori Shodmonni Muhammad Sultonnpng oʻgʻli Muhammad Jahongir mirzoga, Oʻzgand viloyatini Umarshayxning oʻgʻli Amirak Ahmadga suyurgʻol qilgan edi. Biroq ular U.ka tobe edilar. 1414—15 y. ular oʻrtasida ixtilof chiqib, U. Amirak Ahmad ustiga qoʻshin tortgan va uni yenggan. Shohrux Amirak Ahmadni Xurosonga chaqirtirib olgan; Qashgʻar ham to 1428 yilgacha U.ka tegishli boʻlgan.
U. oʻz hukmronligi davomida 2 marta yirik harbiy yurish qilgan. Birinchisida 1425 y. Moʻgʻuliston xoni Shermuhammad oʻgʻlon (1421—25) oʻzini mustaqil xon deb eʼlon qilganda, U. unga qarshi yurish qilib zafar qozongan. U.ning 2yurishi Sigʻnoq sh. tomon boʻlgan. Sirdaryoning quyi havzasi U. tasarrufida edi. U. 1427 y. Sigʻnoq yaqinida uning mulkiga tahdid qilgan [[Ba[[roq oʻgʻlon (q. [[Ba[[roq) bilan toʻqnashgan va magʻlubiyatga uchragan. Dushman U.ni taʼqib qilib, Samarqand ostonalarigacha kelgan.
Movarounnahr xavf ostida qolganligi tufayli Shohrux Xurosondan katta lashkar tortib kelib xavfni bartaraf etadi.
Shohrux vafoti (1447, 12 mart)dan keyin U.ning katta oʻgʻli Abdullatif voris sifatida [[Temuriylar hukmdori boʻlib qoladi. Lekin Shohruxning qattiqqoʻl xotini Gavharshod begim bu haqda oʻz fikriga ega edi. U Shohrux davrida [[Temuriylarning poytaxti boʻlib qolgan Hirot taxtiga marhumning 3oʻgʻli boʻlmish Boysungʻur mirzoning oʻgʻli va suyukli nabirasi Alouddavla mirzoni oʻtqazish tarafdori edi. Gavharshod begim Hirot taxtiga Alouddavlani oʻtqazganini U.ka nisbatan isyon deb qaralmogʻi kerak edi. Shuning uchun U. 1448 y. bahorida Abdullatif bilan birgalikda 90 ming askar bilan Xurosonga kelib, Hirot yaqinida boʻlgan jangda Alouddavlani tormor qiladi. Gʻalaba Abdullatifning shaxsiy shijoati va lashkarboshilik isteʼdodi tufayli erishilgan boʻlsa ham, U. Fathnomani kichik oʻgʻli Abdulaziz nomidan eʼlon qiladi. Undan tashqari, bobosi Shohrux tomonidan Abdullatifga vasiyat qilingan Hirotdagi Ixtiyoriddin qalʼasi va uning ichidagi boyliklarini ham U. Abdulazizga beradi. Shundan soʻng U. bilan Abdullatif oʻrtasidagi munosabat ochiq dushmanlik tusini oladi.
U. Samarqandda Abdulazizni qoldirib, lashkar bilan katta oʻgʻliga qarshi jangga yuradi. Abdullatif ham oʻz lashkari bilan Amudaryo yoqasiga kelib turadi. Ikkala lashkar ham daryoning 2 soxilida uzoq muddat turib, suvni kechib oʻtishga botinmaydi. Bu orada U., Abdulaziz lashkardagi amirlarning oilalarini taʼqib etayotir, — degan xabarni eshitib, Samarqandga qaytib kelishga majbur boʻladi va shahar aholisining Abdulazizga qarshi isyon koʻtarganining guvohi boʻladi. Tezda shaharni tartibga keltirib, yana Abdullatifga qarshi jangga yoʻllanadi, lekin Samarqand yaqinida undan magʻlubiyatga uchraydi.
Oradan koʻp oʻtmay, U. Abdullatif buyrugi bilan qatl etiladi. Uning jasadi Goʻri Amir maqbarasiga dafn etilgan (q. Amir [[Temur maqbarasi).
U. otasi Shoxrux davrida siyosiy hukmdor sifatida ichki va tashqi siyosat bobida birmuncha mustaqil boʻlgan. Boshqa davlatlar bilan bevosita savdo va elchilik munosabatlari olib borgan. U. davrida Samarkand sh. yanada ravnaq topgan. Shaharda hunarmandchilik, meʼmorlik, adabiyot, umuman ilmfan yuksaldi, savdo taraqqiy etdi. Buxoroda (1417), Samarqandda (1420), Gʻijduvonda (1432—33) madrasalar va Marvda xayriya muassasalari qurildi. Madrasalarda diniy fanlar bilan birga dunyoviy fanlar ham oʻqitildi, koʻproq aniq fanlarga ahamiyat berildi. Bibixonim masjidi, Amir [[Temur maqbarasi, Shohizinda va Registon majmualari qurilishlari poyoniga yetkazildi. Bundan tashqari, mamlakatda koʻplab jamoat inshootlari (karvonsaroy), tim, chorsu, hammomlar va boshqa ham bunyod etilgan (U. davridagi Movarounnahrdagi ichki va tashki siyosat, elchilik aloqalari, pul islohotlari, iqtisodiy, madaniy holat haqida q. [[Temuriylar).
Ilmiy va madaniy merosi. U. Oʻrta Osiyo xalqiari ilmfani va madaniyatini oʻrta asr sharoitida dunyo fanining eng yuqori pogʻonasiga olib chiqsi. Uning qilgan eng buyuk ishi — Samarkand ilmiy maktabini oʻsha davr akademiyasini barpo etganligi boʻldi. Bu ilmiy maktabda 200 dan ortiq olimlar faoliyat olib borgan. Ular orasida eng yiriklari Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy edi. U.ning ilmiy maktabi oʻz faoliyatida oʻrtaosiyolik mashqur olimlar Muhammad Xorazmiy, Ahmad alFargʻoniy, Abul Abbos alJavhariy, Ibn Turk alXuttaliy, Xolid alMarvarrudiy, Ahmad alMarvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniylir boshlab bergan ilmiy anʼanaga asoslanar edi. U. Samarqand yaqinida rasadxona barpo qildi (q. Ulugʻbek rasadxonasi).
U. akademiyasidagi yirik olim — Ali Qushchshsh U. "Ziji"ning soʻzboshisida "farzandi arjumand", yaʼni "aziz farzandim" deydi. Aslida u U.ning sadoqatli shogirdi boʻlib, "Zij" ustida ishlar poyoniga yetkazilguniga qadar ustoziga yordam bergan.
U. Samarqandda 2 ta Madrasa: biri — Registon ansambli tarkibida va 2si Goʻri Amir ansambli tarkibida barpo qilgan. Boshqa yirik olimlar qatorida U.ning oʻzi ham bu madrasalarning har birida haftada bir marotaba maʼruza oʻqigan. Boshqa vaqtini koʻproq astronomik kuzatishlarga, "Zij" ustida ishlashga va davlat ishlariga bagʻishlagan. (q. Ziji Koʻragoniy).
U.ning yana bir matematik asari "Risolai Ulugʻbek" deb ataladi va uning 1nusxasi Hindistonda Aligarx universiteti kutubxonasida saqlanadi, hali oʻrganilmagan. Balki u ham hisoblash matematikasiga aloqadordir.
U. merosini oʻrganish. Fan va madaniyat tarixida soʻnmas iz qoldirgan U.ning ilmiy merosi uning "Zij"idir. Bu asar sayyoralar, Quyosh va Oy harakatini talqin qilish, yulduzlar katalogi va unda qoʻllanilgak matematik usullari boʻyicha oʻrta asrlardagi astronomik asarlarning eng mukammali boʻlganligi uchun avvalambor u musulmon mamlakatlaridagi olimlarning diqqatini jalb qilgan. "Zij"ga ilk sharhni U.ning shogirdi Ali Qushchi "Sharhi Ziji Ulugʻbek" nomi bilan yozgan.
Usha 15-a.ning oʻzida qohiralik munajjim Shamsiddin Muhammad asSufiy alMisriy "Tashil Ziji Ulugʻbek" ("Ulugʻbek "Zij"ini osonlashtirish") nomli asar yozib, unda U. jadvallarini Qohiraning geografik kengligiga moslashtirdi. AlMisriy oʻzining "Taqvim alkavokib assabʼa" ("Yetti sayyoraning taqvimlari") va "Jodavil almahlul assani ala usul Ulugʻbek" ("Ulugʻbek usuliga koʻra ikkinchi yechimlar jadvali") nomli yana 2 asarida U. "Zij"iga murojaat qiladi.
Suriyalik olim Zayniddin alJavhariy asSolihiy (15-a.) "AdDurr annozil fi tashil attaqvim" ("Taqvimni soddalashtirishda nozil boʻlgan durlar") nomli asarida U. "Zij" ini qayta ishlagan.
U. "Zij"iga yozilgan eng mukammal sharh Samarqand ilmiy maktabining eng soʻnggi namoyandasi Nizomiddin Abdul Ali ibn Muhammad ibn Husayn Birjandiyning (1525 y.v.e.) 1523 y. yozib tugatilgan "Sharhi Ziji Ulugʻbek" asaridir. Birjandiy oʻz "Sharh"ida mufassal va aniq raqamlar bilan bayon qilib, "Zij"ning sirlarini ochadi. U.ning koʻplab jumlalarini u chizmalar bilan tushuntirib isbotlagan.
Samarqandlik 2 buyuk olim — Qozizoda Rumiy va Ali Qushchining nabirasi Miram Chalabiy (1525 y.v.e.) "Zij"ga sharh yozib, uni "Dastur alamal va tashih aljadval" ("Amallar dasturi va jadvallarning tuzatilishi") deb atagan.
Eronlik olim Gʻiyosiddin Mansur alhusayniy ashShiroziy (1542 y.v.e.) "Zij"ga "Risola dar taʼniq Ziji Ulugʻbek" ("Ulugʻbek "Zij"ini aniklashtirish haqida risola") nomli sharh yozgan.
16-a.ning 2yarmi va 17—18-a.lardagi qator musulmon olimlari "Zij"ga sharxlar yozdilar va uni qayta ishlab oʻz zamonlari va makonlariga moslashtirganlar. Ular orasida suriyalik Taqiyiddin ashShomiy (1526—85), Mazhariddin alQori (16-a.), misrlik Abdulqodir alManufiy ashShofiʼiy (16-a.), eronlik Shoh Fathulloh Shiroziy (1589 y.v.e.), Muhammad Boqir alYazdiy (1637 y.v.e.), hind Farididdin Dehlaviy (1629 y.v.e.), turk Muhammad Chalabiy (1640 y.v.e.), misrlik Rizvon arRazzoq alMisriy (1710 y.v.e.), Dogʻistonlik Damodon alMuhiy (1718 y.v.e.) kabi olimlarning sharhlari shular jumlasidandir.
Bular orasida hind daapat arbobi va olimi Savay Jay Singhning faoliyati alohida oʻrin tutadi. U Hindistonning Boburiy sultoni Muxammadshohning (1719—48) farmoni bilan U. rasadxonasidagi jihozlarning taʼriflariga koʻra, Dexli, Banoras, Jaypur, Ujjayn va Muttrada rasadxonalarini barpo qiladi. Soʻng u homiylik qilgan sultonga atab "Ziji Muxammadshohiy" asarini yozgan va unda U.ning baʼzi jadvallarini tayyorligicha qabul qilgan. T.N. QoriNiyoziy va dushanbelik G. Sobirovlar Savay Jay Singhning asari bilan U. "Zij" orasidagi bogʻliqlikni oʻz ishlarida koʻrsatganlar.
U.ning nomi Yevropada va umuman Gʻarb mamlakatlarida buyuk bobosi Amir Temurning shuhrati tufayli ancha ilgari maʼlum boʻlgan. Yevropa Amir Temur va uning oila aʼzolari haqida 1boʻlib Samarqaidga 1403—05 yillar sayohat qilgan Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixodan eshitgan. Klavixoning "Kundaliklar"i 1582 y. Sevilyada va 1607 y. Parijda nashr etilganidan soʻng yevropaliklar darhol Amir Temur va uning oila aʼzolari bilan qiziqqanlar. U. nomi 17-a. boshidanoq (1601 yildan) Amir Temurga bagʻishlangan dramatik asarlarda eslatiladi.
Bevosita U.ka bagʻishlangan Yevropadagi 1nashr ingliz astronomi Jon Grivs (1602—52) qalamiga oid. Uning 1648 y. nashr etilgan asarida U. yulduzlar jadvalining bir qismi (98 ta yulduz) ilova qilingan. 1665 y. yana bir ingliz olimi Tomas Xayd (1636—1703) Grivs bilan bogʻlanmagan holda "Zij"dagi yulduzlar jadvalini forsiy va lotincha tarjimada nashr etgan.
1690 y. Gdanskda polyak astronomi Yan Geveliy chop ettirgan "Yulduzlar osmonining atlasi"dagi ikkita gravyurada oʻsha davrning mashhur astronomlari orasidan U.ka faxrli oʻrin bergan, unda U.ning yulduzlar jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Richchioli, Vilgelm IV va oʻzining jadvallari bilan solishtirgan. 1711 y. Oksfordda U.ning geografik jadvali 3marta nashr etilgan. 1807 y. oʻsha yerda bu jadval yangi grek tilida ham nashr etilgan. 1725 i. ingliz astronomi D. Flemetid (1646—1719) U.ning yulduzlar jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Vilgelm IV, Yan Geveliy va oʻzining jadvallari bilan birga nashr etgan. 1767 y. ingliz G. Sharp U. yulduzlar jadvalining T. Xayd nashrini kayta nashr qilgan. 1843 y. ingliz F. Beyli (1774—1844) shu nashrni yanada takomillashtirib, 3nashrni amalga oshirgan. Fransuz sharqshunosi L .A. Sediyo (1808—76) 1839 y. U. "Zij"idagi astronomik jadvallarning bir qismini nashr etgan. 1917 i. amerikalik olim E. B. Nobl U. "Zij" idagi yulduzlar jadvalini 27 qoʻlyozma asosida tanqidiy matnini , 1927 y. K. Shoy "Zij"ning trigonometrik jadvalini nashr etgan. U. "Zij"i Rossiyada va sobiq Sovet Ittifoqida ham alohida tarixga ega boʻldi. 18-a.ning 1yarmida Peterburg akademiyasida U. "Zij"i maxsus muhokamada boʻlgan va olimlar J.N. Delil (16881768), G. Ya. Ker uni tarjimasiga kirishganlar, lekin ish oxiriga yetkazilmagan.
1908—09 yillar V.L. Vyatkin U. rasadxonasining xarobalarini va uning asosiy asbobi — kvadrantini kavlab topgandan soʻng , Samarkand olimlarining faoliyatiga yangidan qiziqish boshlanadi. Natijada 1918 y. V. V. Bartoldiint "Ulugʻbek va uning davri" asari nashr etilgan.
Sovet davrida U.ning xayoti va ijodi bilan mamlakat jamoatchiligini tanishtirish boʻyicha T.N. QoriNiyoziy koʻp saʼyharakat qilgan. U. ijodini targʻib qilishda Gʻ. Jalolov va V. P. Shcheglovlarning nashrlari ham diqqatga sazovordir. 20-a.ning 80-yillari boshiga kelib U. "Zij"ining toʻliq va mukammal holda, ilmiy izoxlar bilan taʼminlangan tarjimasini A. Axmedov 1994 y. amalga oshirib, nashr ettirdi.
Yaqin yillargacha U. faqat astronom va matematik deb hisoblanardi. Lekin 20a. oxirida uning ijodi serqirra boʻlib, u tarix, sheʼriyat va musiqa bobida ham qalam tebratgani aniqlandi.
Tarixchi Mirzo Muhammad Haydar "Tarixi Rashidiy" asarida "Mirzo Ulugʻbek tarixnavis donishmand (va) "Toʻrt oʻlus" (tarixi)ni (ham) yozib qoldirgan edi", deb yozgan. U.ning turkiyda yozgan "Tarixi arbaʼ ulus" ("Toʻrt ulus tarixi") asari Chingizxon bosib olgan mamlakatlarning 13— 14-a. lar 1yarmidagi siyosiy hayotini oʻrganishda muhim manbadir.
Mashhad binolarining birida U. qalamiga mansub ushbu bayt topilgan:Harchand mulki husn ba zari nigin tustShoʻxi makun ki chashmi bidon dar kamintust.
Maʼnosi:Harchand husn mulki sening hukmingda boʻlsa ham,Shoʻxlik qilmagilki sen uning nazari ostidasen.
Navoiyning "Majolis unnafois" va Abu Tohirxojaning "Samariya" asarlarida ham uning sheʼrlaridan namunalar keltirilgan. Uning davrida koʻpgina asarlar arab va fors tilidan eski oʻzbek tiliga tarjima qilingan. U. tashkil etgan boy kutubxonada turli fanlarga oid 15 mingdan ortiq jildli kitob boʻlgan.
Alisher Navoiy "Xamsa" asarida U. ni uluglab, shunday yozgan edi: Temurxon naslidan Mirzo Ulugʻbek, Ki olam koʻrmadi sulton aningdek, Ki davr ahli biridin aylamas yod, Aning obnoyi jinsi boʻldi barbod. Valek ul ilmi sari topdi chun dast, Koʻzi oldinda boʻldi osmon past. Rasadkim bogʻlamish — zebi jahondur, Jahon ichra yana bir osmondur, Bilib bu nav ilmi osmoniy, Ki ondin yozdi "Ziji Koʻragoniy".
Uzoq va yaqin oʻtmish mualliflari (Darvishali Changiy, Fitrat va boshqalar)ning taʼkidlashicha, U. yoshligidan oʻzga fanlar qatori musiqa ilmidan saboq olib, bir qator kuy va usullar yaratgan, bu sohaga oid risola ham yozgan.
U. tavalludining 600 yilligi 1994 y. aprelda Parijda, okt.da Toshkent va Samarqandda tantanali ravishda nishonlandi va xalqaro konferensiyalar oʻtkazildi. Shu yili Toshkentda U.ka haykal oʻrnatildi.
U. siymosi Pulkovo rasadxonasi, Moskva universiteti konferenszallarida dunyodagi mashhur olimlarning portretlari qatoridan joy olgan. Samarqandda U.ning memorial muzeyi tashkil etilgan. Toshkentda Oʻzbekiston milliy universiteti, tuman, planetariy, koʻcha, mahalla, metro stansiyasi, istirohat bogʻi, shaharcha U. nomi bilan ataladi. Fargʻona pedagogika universitetiga, Samarqand arxitekturaqurilish institutiga, Kitob xalqaro kenglik stansiyasiga, qishloq, maktab va boshqalarga U. nomi berilgan.
U.ning hayoti va faoliyati haqida pyesa (M. Shayxzoda, "Mirzo Ulugbek" tragediyasi), roman (O. Yoqubov, "Ulugbek xazinasi"; S. Borodin, "Samarkand osmonida yulduzlar"), opera (A. Kozlovskiy, "Ulugʻbek"), poema (M. Boboyev, "Ulugbek"), balet (M. Bafoyev, "Ulugbek burji"), film (Rej. Latif Fayziyev, "Ulugʻbek yulduzi", 1965) va boshqa yaratilgan.
.
.. IV Yangi mavzuni Mustahkamlash