3. O‘zbekiston sharoitida qayta tiklanuvchan energiya texnologiyalarini qo‘llash Ayni paytda O‘zbekistonda qayta tiklanadigan barcha energiya manbalaridan daryolar energetika salohiyati muvaffaqiyatli o‘zlashtirilmoqda. Bundan tashqari so‘nggi yillarda shamol va quyosh energiyasi garchi namunaviy xususiyatga ega bo‘lsada, ulardan foydalanish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirildi. SHu bilan birga, respublikada qayta tiklanadigan energetikaning quyidagi texnologiyalaridan yanada kengroq foydalanish uchun imkoniyat hamda undaydigan sabablar bor: • suv isitishga mo‘ljallangan quyosh panellari; • elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun quyosh fotoelektr tizimlari; • elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun mikrogidroelektr stansiyalar; • elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun shamol generatorlari; • elektr energiyasi va issiqlik ishlab chiqarish uchun biogaz qurilmalari. Kelajakda boshqa texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilishi lozim, ya’ni: • chiqindi yoqadigan yirik moslamalar, masalan, Toshkent yoki Samarqand kabi yirik shaharlarda markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimida maishiy chiqindilardan foydalanish; • quyosh elektr stansiyalaridan foydalanish; •geotermal energiyadan foydalanish. Qayta tiklanadigan energiya oqimining intensivligi ma’lum darajada yil mavsumi, kunlar va iqlim sharoitlariga bog‘liqligi tufayli ushbu energetika texnologiyalaridan foydalanishda ularni kafolatlangan va ishonchli energiya manbai deb qabul qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Masalan, fotoelektr ctansiyalar kechasi ishlay olmaydi, shamol qurilmalari shamol esmasa yoki uning tezligi past bo‘lsa, kerakli miqdordagi elektr energiyasini ishlab chiqarmaydi va hokazo. SHu sababli ular, odatda zaxira energiya manbaini talab qiladi va asosan an’anaviy energiya manbalari tomonidan chiqariladigan energiya miqdorini to‘ldirishga xizmat qiladi. Elektr energiyadan dehqon xo‘jaligida mexanizm va mashinalar yuritish, havo va suvni qizdirish, bug‘ olishda, texnologik ehtiyojlarda, suv ko‘tarishda, yoritishda va h.k.larda foydalaniladi. Dehqon xo‘jaligini avtonom elektr bilan ta’minlash butun mashinalar va jihoz komplekslari ishlash imkoniyatini ta’minlab berishi kerak. Shuning uchun, qishloq xo‘jalik energiya iste’molchilarning shunday turlarini tanlab olish zarurki, ular o‘zining energiya iste’moli, ish unumdorligi va boshqa texnik tavsiflari bo‘yicha kam hajmli qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lsin. Faqatgina qishloq xo‘jalik ishlarining qabul qilingan texnologiyasiga asosan energiya iste’molining vaqt bo‘yicha grafigini tuzib olib mikroGESning yoki boshqa avtonom energiya manbaining zarur quvvatini butun dehqon yoki shirkat xo‘jaligi tomonidan iste’mol qiladigan elektr energiyasini yoki texnologik operatsiyalar o‘rtasidagi elektr energiyasini aniqlash mumkin. Va nihoyat bu mikro GES boshqa avtonom elektr ta’minot manbalaridan foylanish maqsadga muvofiqligini texnik – iqtisodiy asosini o‘rnatishga imkon beradi. Suvni isitish. Maishiy elektr suv isitgichi markazlashgan issiq suv ta’minotiga ega bo‘lmagan uylarda, shuningdek, gaz va shunga o‘xshash apparatlardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘lmagan yoki mumkin bo‘lmagan binolardagi aholini issiq suv bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan uy sharoitlarida foydalanish uchun akkumulyatsiyalovchi suv isitgichlar qulayroq bo‘lib, ular katta vaqt oralig‘ida issiq suvni isitish va saqlash uchun mo‘ljallangan. Bunday suv isitgich issiqlik o‘tkazmaydigan metall bak ko‘rinishida bo‘lib, unda elektr qizdirgich element va suv haroratini rostlovchi yoki chegaralovchi qurilma joylashgan. Bak sig‘imi odatda issiq suvga bo‘lgan kundalik ehtiyojdan kelib chiqib tanlanadi. Hozirgi kunda jamiyatning rivojlanishini uning energiya bilan ta’minlanganligi belgilaydi. Ammo energiya iste’molining kundan-kunga oshib borishi hamda uni ishlab chiqarish uchun organik yoqilg‘ilardan foydalanish, atrof-muhitni global ifloslanishiga olib kelmoqda va natijada insoniyat hayotiga jiddiy xavf solmoqda. Shuning uchun hozirgi kun energetikasining dolzarb masalalaridan biri, ekologik toza, qayta tiklanadigan noan’anaviy energiya manbalaridan foydalanishdir. Mamlakatimiz hududi asosan tog‘ oldi va tekislik rayonlarida joylashgan. Shuning uchun bu hududlarda katta GESlar qurishning imkoni yo‘q. Chunki katta GESlarni doimiy ishlashi uchun daryolarga to‘g‘onlar qurish hamda hosil bo‘lgan suv omborlarida juda katta suv hajmini yig‘ish zarur. Natijada juda katta hududlar suv ostida qolib ketadi. Shuning uchun mamlakatimizda asosan meliorativ tarmoqlar(magistral, xo‘jaliklararo va ichki xo‘jalik tarmoqlaridagi kanallar, kollektor-zovur tizimlari, suv omborlari, sel-suv omborlari, soylar, buloqlar va boshqalar)ga, irrigatsiya rejimida ishlaydigan kichik va o‘rta GESlar qurib ekspluatatsiya qilinmoqda. 3.2-rasmda daryo hududlarining bo‘linishi va ularga (GESlar uchun) qurilgan suv omborlari hisob sathlarining yoyilish uzunliklari ko‘rsatilgan.