3. Suyuq uglevodorodlar va tabiiy gaz qazib olish holati O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligidan so‘ng neft va gaz sanoatiga alohida e’tibor berila boshlandi. Chunki mustaqillikning dastlabki paytlarida respublikamizda qazib olinayotgan neft hajmi o‘zini ta’minlash uchun yetarli emas edi. Mustaqillikdan so‘ng respublika neft va gaz sanoatida tub burilish bo‘ldi, ya’ni uglevodorodlar qazib olish miqdori o‘sdi, soha infrastrukturasi yaxshilandi.
Respublikamizda 1991 yildan 1999 yilgacha neft va gaz kondensati qazib olish o‘sib bordi. 1995 yilda respublikamizga neft importi to‘xtadi va neft mustaqilligi ta’minlandi.
Respublikamiz bo‘yicha 1999 yilda suyuq uglevodorodlar qazib olish eng maksimal miqdorga erishildi. Keyingi yillarda tashkiliy va geologik-texnik tadbirlar o‘tkazilib suyuq uglevodorodlar qazib olish yiliga 7,2-7,3 mln. t. miqdorida turg‘unlashdi.
Respublikamizda neftning boshlang‘ich zahiralari 81,3 mln t, tabiiy gazning jami boshlang‘ich zahiralari 6,25 trln m3 ni tashkil etadi (2004 yil). Hozirgi vaqda umumiy zahirasi 511,7 trln m3 bo‘lgan 48 ta kon foydalanish uchun tayyorlab qo‘yilgan. O‘zbekistonda yiliga 55 mlrd. m3 dan ziyod tabiiy gaz qazib olinmoqda, uning asosiy qismi respublika xalq xo‘jaligi ehtiyoji uchun foydalanilmoqda.
Qazib olinayotgan gazning tarkibidagi vodorod sulfidi turli usullar bilan ajratib olinib, iste’molchilarga tozalangan gaz yuborilmoqda.
1.4.Xalq xo‘jaligida neft va gazdan foydalanish Hozirgi kunda xalq xo‘jaligida ishlatilayotgan tabiiy gaz: sanoat tarmoqlarida –48%, maishiy maqsadda –10%, issiqlik elektr stansiyalarida –34% va boshqa sohalarda 7%ga to‘g‘ri keladi.
Kimyo sanoatida neft va neft mahsulotlarini qayta ishlashda hosil bo‘lgan moddalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydash natijasida olingan past oktanli benzinlar, shuningdek benzol, toluol va shu kabilarni olishda chiqadigan qo‘shimcha moddalar, aromatik uglevodorodlar, shu jumladan benzol kabi moddalar asosiy xom-ashyo sifatida qo‘llaniladi. Neft xom-ashyosi neft gazi yoki suyuq neft mahsulotlari holatida kimyo sanoatida tayyor mahsulot hisoblanmaydi. Ulardan avvalo kimyoviy faol moddalar hosil qilinadi. Bunday moddalarga birinchi navbatda to‘yinmagan uglevodorodlardan olefinlar: etilen, propilen va butilenlar kiradi. Kimyo sanoatida neft va neft mahsulotlaridan xom-ashyo sifatida foydalanib yangi moddalar: sun’iy kauchik, plastmassalar, sintetik tolalar, yuvuvchi moddalar, kimyoviy mineral moddalar, qurumlar va yana ko‘plab boshqa moddalar ishlab chiqariladi.
O‘zbekistonda hozirgi kunda metallurgiya sohasiga qarashli Bekobod metallurgiya zavodi, Olmaliqdagi tog‘-metallurgiya kombinati, Navoiy kon-metallurgiya zavodi, barcha turdagi mashinasozlik zavodlari va shu kabilar neft va gazdan foydalanuvchi asosiy sanoat korxonalari hisoblanadi.
Asosiy qurilish materiallari g‘isht, sement, alebastr, gips, ohak, keramzit quvurlar, qoplama plitkalar va shu kabilarni tayyorlash jarayonlari qizdirish, isitish va pishitish bilan bo‘lishi tufayli qurilish sanoatida ham gazdan ko‘p miqdorda foydalanilmoqda.
Maishiy xizmat sohasida asosan issiq suv, bo‘g‘ olish bilan kimyoviy usullarda kiyim tozalash, kir yuvish va xonadonlarni isitish maqsadlarida shu turdagi korxonalarda tabiiy gazdan keng foydalanilmoqda.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Davlat Dasturiga ko‘ra to‘liq gazlashtirish mo‘ljallab qo‘yilgan. Hozirgi vaqtda respublikamiz shaharlarining 70-95%i gazlashtirilgan, qishloqdagi xonadonlar ham tezlik bilan gazlashtirilmoqda. Tabiiy gaz barcha sanoat tarmoqlarida keng miqyosda ishlatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasida tabiiy gaz sanoati yirik tarmoq sifatida rivojlanib bormoqda.