Savol va topshiriqlar:
1. Replikatsiya, transkripsiya so'zlarining ma'nosini tushuntirib bering.
2.DNKdan RNKning sintezlanish mexanizmini izohlang.
3.Genetik kod xususiyatlari nimalardan iborat?
4.Matritsali sintez nima?
5.Oqsil sintezida ribosomalar qanday funksiyalarni bajaradi?
6.t-RNKning oqsil biosintezidagi funksiyasini izohlang.
8-Mavzu:Hujayrani hayotiy sikli. Amaliy mashg’ulot 1. Mitoz va miyoz jarayonlarini ozaro taqqoslash..
Reja:
1. Hujayraning hayotiy sikli.
2. Mitozning biologik ahamiyati.
3. Amaliy mashg’ulot 1. Mitoz va miyoz jarayonlarini ozaro taqqoslash..
Tirik organizmlarning irsiy axborotni saqlash va keyingi avlodga o'tkazishdek eng muhim xususiyati xromosomalardagi DNKga bog'liq. Bir bo'linishdan ikkinchi bo'linishgacha bo'lgan davrda har bir xromosoma bitta DNKdan iborat bo'ladi. Yadroning bo'linishidan avval reduplikatsiya tufayli DNK molekulalari soni ikki hissa ortadi. Natijada har bir xromosoma ikkita xromatidadan iborat bo'ladi. Yadro bo'linishidan avval xromosomalar yorug'lik mikroskopida aniq ko'rinmaydigan, lekin maxsus bo'yoqlar yordamida bo'yaladigan uzun va ingichka tuzilmalar holida bo'lib, bu tuzilmalar xromatin deb ataladi. Spirallanish darajasiga ko'ra xromatinda ikki xil qismlarni farqlash mumkin.
Euxromatin -xromatinning spirallashmagan, mikroskopda ko'rinmaydigan ingichka, genetik jihatdan faol qismi. Geteroxromatin- xromatinning spirallashgan, zichlashgan, genetik jihatdan nofaol qismi.
Yadroning bo'linishidan avval xromatin kuchli spirallashgan, kaltalashgan, yog'onlashgan strukturani, xromosomani hosil qiladi. Xromosomalar birin- chi marta Fleming (1882) va Strasburger (1884) tomonidan aniqlangan. «Xromosoma» atamasini fanga Valdeyer taklif etgan.
Xromosomalar quyidagi funksiyalarni bajaradi: irsiy axborotni saqlash, hujayra faoliyatini tashkil etishda irsiy axborotdan foydalanish, irsiy axborotning o'qilishini nazorat qilish, irsiy axborotni ikki hissa orttirish, ularning nasldan naslga o'tishini ta'minlash.
Xromosomalar kimyoviy tarkibiga ko'ra DNK (40%) va oqsillar (60%)dan tarkib topgan. DNK irsiy axborotni saqlash, oqsillar tuzilma va regulatsiya (boshqarish) funksiyalarini bajaradi. Bo'linayotgan hujayrada xromosomalar kuchli spirallashuvi tufayli irsiy material ixcham shaklga kiradi. Bu holat xromosomalarning mitoz davrida hujayra bo'ylab harakatlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Odam hujayrasidagi DNKning umumiy uzunligi 2 metr bo'lsa, spirallashgan xromosomalarning umumiy uzunligi 150 mkm (mikron) ga teng bo'lib qoladi (28-rasm).
Xromosomalar bo'linayotgan hujayralarda, ayniqsa, mitozning meta- fazasida yorug'lik mikroskopida yaxshi ko'rinadi. Bunday xromosomalar ikkita yelkadan iborat bo'lib, ularning o'rtasida birlamchi belbog' (sentromera) joylashadi. Xromosomalarning shakli aynan sentromeraning joylashuviga bog'liq.
Asosan uch xil tipdagi xromosomalar farqlanadi: 1) teng yelkali - metasentrik;2) noteng yelkali -submetasentrik (bitta yelkasi ikkinchisi- dan uzunroq); 3) tayoqchasimon -akrosentrik (bitta yelkasi juda uzun, ikkinchisi juda kalta).
Xromosomada xromotidalar (1)dan iborat yelkalar (2), birlamchi belbog' (3), ikkilamchi belbog' (4) bo'ladi. Xromosomaning ikkilamchi belbog'i yo'ldosh xromosomani hosil qiladi. Hujayra bo'linayotgan vaqtda xromosomaning birlamchi sentromerasiga mikronaychalar birikadi va ularni qutblarga tortadi. Bu davrda har bir xromosoma ikkita xromatidalardan iborat bo'ladi.
Tirik organizmlar har bir turining hujayrasida xromosomalar soni hujayralarida o'zgarmas, ya'ni bir xil bo'ladi. Bu holat xromosomalar sonining doimiylik qoidasi deyiladi.
Jinsiy hujayralarda somatik (tana) hujayralarga nisbatan xromosomalar soni ikki hissa kam bo'ladi. Jinsiy hujayralarda xromosomalar gaploid to'plamda, somatik hujayralarda esa xromosomalar juft, ya'ni diploid to'plamda bo'ladi. Xromosomalar to'plami n, shu to'plamga xos DNK soni c harflari bilan ifoda etiladi. O'lchami, shakli bilan bir-biriga o'xshash, biri otadan, ikkinchisi onadan o'tadigan xromosomalar gomolog xromosomalar deyiladi. Masalan, odamning somatik hujayralarida 23 juft xromosoma bo'ladi. Xromosomalarning miqdor (soni, o'lchami) va sifat belgilari yig'indisi kariotip deyiladi. Xromosomalar soni va tuzilishining doimiyligi biologik tur uchun xos xususiyat hisoblanadi.
Share with your friends: |