Investitsiyalar tuzilmasi va ularni investitsion qarorlar samaradorligiga ta’siri Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ishlab chiqarish kuchlarini va iqtisodiyotni tubdan modernizatsiyalashni muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun faqatgina miqdoriy emas, balki sifat jihatidan ham qaralishi muhimdir. Bugungi kunda biz faqatgina qancha miqdordagi investitsiyaga ega ekanligimiz emas, balki undan qanday foydalanayotganimiz, ularning qoplanishi qanday ekanligi muhimdir. Investitsiyalarning qoplanishi ko‘p jihatdan kapital qo‘yilmalarning tuzilmasiga, ya’ni kapital qo‘yilmalarning umumiy hajmidagi alohida harajatlarning ulushiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
Hozirgi kunda investitsiyalarning tuzilmaviy shakllanishini quyidagi turlarga ajratadilar.
1. Texnologik tuzilma.
2. Takror ishlab chiqarish tuzilmasi.
3. Tarmoqlararo tuzilma.
4. Hududiy tuzilma.
Investitsiyaning texnologik tuzilmasi – bu qurilish-montaj ishlarini bajarish, asbob-uskunalar, mashinalar va boshqa mehnat vositalarini sotib olish hamda loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha xarajatlarning o‘zaro foizlardagi nisbatidir. Iqtisodiy jixatdan foydaliroq bo‘lib shunday tuzilma hisoblanadiki, unda qurilish-montaj ishlariga harajatlarning ulushi kamayib boradi va ishlab chiqarish asbob-uskunalariga ketadigan harajatlar qismi nisbatan tezroq o‘sib boradi. Biroq texnologik tuzilma yaratilayotgan asosiy fondlarning xarakteri va qurilish tarmog‘iga sezilarli darajada bog‘liq.
Investitsiyalarning takror ishlab chiqarish tuzilmasi yangi qurilishlarga qilinayotgan xarajatlar bilan, faoliyat yuritayotgan korxonani rekonstruksiya qilish, kegaytirish va texnik qayta qurollantirish harajatlari orasidagi, shuningdek, asosiy fondlarni eskirishi sababli chiqarilishini qoplash xarajatlari o‘rtasidagi o‘zaro nisbatni o‘zida aks ettiradi.
Bugun investitsion siyosat qayta ta’mirlashga, faoliyat yuritayotgan korxonalarni texnik ta’mirlash va kengaytirishga ajratilayotgan harajatlarini ko‘paytirishga, yangi qurilishni ulushini esa qisqartirishga sezilarli burilish qilmoqda, vaholanki, yangi qurilishlarsiz ilmiy – texnika taraqqiyotiga va raqobatbardosh zamonaviy ko‘rinishdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga erishish qiyin.