O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV Toshkent sh.,
2023-yil 8-noyabr,
591-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-noyabrdagi 591-son qaroriga
1-ILOVA
Ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etish tartibi to‘g‘risida NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim hamda boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarida (keyingi o‘rinlarda — ta’lim muassasalari) chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni (keyingi o‘rinlarda — ChQBT) tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. ChQBT chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinf o‘quvchilari, o‘rta maxsus hamda boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi o‘quvchi-yoshlar (keyingi o‘rinlarda — o‘quvchilar) bilan o‘tkaziladi.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari (keyingi o‘rinlarda — mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari) davlat ta’lim muassasalarida ChQBT fani o‘quv-moddiy bazasi barpo etilishi, ChQBT bilan bog‘liq tadbirlar moddiy-texnik ta’minlanishi va moliyalashtirilishi uchun mas’ul hisoblanadi.
4. ChQBTni uslubiy jihatdan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
5. ChQBT jarayonida o‘quvchilar:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuni, mamlakat mudofaa va milliy xavfsizligini ta’minlash, fuqaro muhofazasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarining asosiy talablarini o‘rganadi;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining (keyingi o‘rinlarda — Qurolli Kuchlar) asosiy vazifalari hamda Qurolli Kuchlarning umumharbiy nizomlari talablarini, harbiy xizmat va Vatanga qasamyodning ahamiyatini anglab yetadi;
favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ommaviy qirg‘in qurolidan himoyalanish ko‘nikmalarini amaliy o‘zlashtirib oladi;
mamlakat Qurolli Kuchlarida mavjud qurol-aslaha, harbiy texnikaning asosiy taktik-texnik tavsiflari, harbiy xizmatchilarning kundalik hayoti va xizmat faoliyati, mavjud oliy harbiy ta’lim muassasalari hamda ularda tayyorlanayotgan mutaxassisliklar to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘ladi;
harbiy xizmatga chaqirilishga ruhan va jismonan, shuningdek, intellektual jihatdan shay bo‘ladi;
ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetadi va yetkazilgan ma’lumotlarni o‘zlashtiradi.