7-bob. ChQBT fani o‘qituvchisining huquq va imtiyozlari 37. ChQBT fani o‘qituvchisi lavozimiga ko‘ra ta’lim muassasasi direktorining o‘rinbosariga tenglashtiriladi. Ta’lim muassasasida ushbu fan o‘qituvchilari soni shtat bo‘yicha ikki nafar bo‘lgan taqdirda, ulardan ish staji va tajribasi ko‘p bo‘lgan ChQBT o‘qituvchisi lavozimi bo‘yicha direktor o‘rinbosari hisoblanadi.
Malakaviy attestatsiya xulosasiga ko‘ra malaka toifasi berilgan ChQBT fani o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlari umumta’lim muassasalarida — mos keluvchi malaka toifasiga ega bo‘lgan fan o‘qituvchilarining, o‘rta maxsus hamda boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarida — tegishlicha katta (yetakchi, bosh) o‘qituvchilarning bazaviy lavozim maoshiga tenglashtiriladi.
38. ChQBT fani o‘qituvchisining pedagogik ish stajiga Qurolli Kuchlar tizimlarida o‘tagan haqiqiy harbiy xizmat muddati qo‘shiladi.
39. ChQBT fani o‘qituvchilariga respublika ta’lim muassasalarida boshqa fan o‘qituvchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, rezervdagi (zaxiradagi) ofitser yoki serjant unvoniga ega bo‘lgan ChQBT fani o‘qituvchilariga o‘z harbiy-hisob mutaxassisligi bo‘yicha amaldagi harbiy formali kiyim-kechak va farqlovchi nishonlarni taqib yurish huquqi beriladi.
8-bob. Ta’lim muassasalarida ChQBT tashkil etilishini o‘rganish 40. Ta’lim muassasasida ChQBTning tashkil etilishini o‘rganish ishlari mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bilan kelishilgan holda har yili oktyabr oyida amalga oshiriladi. O‘rganish davomida ChQBT dasturining to‘liq bajarilishi, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi, shuningdek, fan o‘quv-moddiy bazasi holati o‘rganib chiqiladi.
41. O‘rganish ishlari yakuni bo‘yicha tuzilgan ma’lumotnoma nusxalari mudofaa ishlari bo‘limidan mudofaa ishlari boshqarmasi va tuman (shahar) hokimligiga, mudofaa ishlari boshqarmasidan tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalariga yuboriladi, bir nusxa mudofaa ishlari bo‘limi va ta’lim muassasasida saqlanadi.