3-bob. ChQBTni tashkil etish va amalga oshirish tartibi 15. Tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan ChQBT fani o‘quv dasturi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ta’lim turlari bo‘yicha uzviylik ta’minlangan holda ishlab chiqiladi. ChQBT fani o‘quv dasturi bo‘yicha mashg‘ulotlar ta’lim muassasalarida ushbu fan uchun ajratilgan bir xil hajmdagi o‘quv soatlari doirasida o‘tkaziladi.
Ta’lim muassasalari o‘quvchilarining o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va mahoratlari harbiy ish asoslarini o‘rganish to‘garaklari, sportning harbiy-amaliy turlari bo‘yicha seksiyalar va harbiy-sport musobaqalari davomida mustahkamlanadi.
16. ChQBT fani o‘quv-moddiy bazasi to‘liq mustahkamlanmagan ta’lim muassasalari tomonidan mashg‘ulotlar va harbiy-sport musobaqalarini o‘tkazishda o‘zlari biriktirilgan (eng yaqin joylashgan) harbiy qism va muassasalar yoki ushbu obyektlar mavjud bo‘lgan ta’lim muassasalari o‘quv-moddiy bazasidan foydalaniladi. Ushbu tadbirlar ta’lim muassasasi tomonidan tegishli komandirlar (rahbarlar) bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
17. Ta’lim muassasalarida ChQBT fani o‘quv dasturi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘g‘il va qiz bolalar bilan birgalikda o‘tkaziladi. Bitiruvchi sinf va kurslardagi o‘g‘il bolalar bilan harbiy poligonlarda bir kunlik amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan kunda ta’lim muassasalarida qiz bolalar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etiladi.
18. Ta’lim muassasalarida ChQBT rejasi butun o‘quv yili uchun haftalarga taqsimlangan holda ishlab chiqiladi hamda mashg‘ulotlar umumiy dars jadvaliga kiritilgan holda o‘tkaziladi.
19. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan ChQBT fani mashg‘ulotlarida foydalanish uchun beriladigan o‘quv qurol-aslahalari, shuningdek, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ta’minlanuvchi pnevmatik miltiq va ularning o‘q-dorilari, qurol saqlash xonalari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi texnik qo‘riqlash punktlari qo‘riqloviga olingan mudofaa ishlari bo‘limlari va ta’lim muassasalarida (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining hisobidan chiqarilmagan holda) doimiy saqlanishiga ruxsat beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi texnik qo‘riqlash punktlari qo‘riqloviga olinmagan ta’lim muassasalari tomonidan mudofaa ishlari bo‘limlarida saqlanuvchi o‘quv qurol-aslahalaridan ish vaqti davomida ChQBT fani mashg‘ulotlarida foydalaniladi. Mudofaa ishlari bo‘limlari va ta’lim muassasalarining o‘quv qurol-aslahalaridan mashg‘ulotlar davomida foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.
20. Mudofaa ishlari bo‘limlarida saqlanuvchi o‘quv qurol-aslahalaridan ChQBT fani mashg‘ulotlarida foydalanish ishlarining to‘g‘ri tashkil etilishi uchun ta’lim muassasasi va mudofaa ishlari bo‘limlari rahbarlari mas’ul hisoblanadi.
21. Ta’lim muassasalarida o‘q otishni o‘rgatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ta’lim muassasasi ixtiyoridagi ko‘chmas tirda, sport tashkilotlari, ta’lim muassasasi biriktirilgan harbiy qism va muassasalar tirlarida pnevmatik miltiqlardan foydalangan holda o‘tkaziladi. Bunday mashg‘ulotlarda qatnashishga o‘q otish mashqlarining shartlari va xavfsizlik qoidalariga oid sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilarga ruxsat beriladi. O‘q otish mashqlarining shartlari va xavfsizlik qoidalariga oid sinovdan o‘tolmagan o‘quvchilarga ushbu sinovni navbatdagi ish kunida qayta topshirishga ruxsat beriladi, qayta sinovdan o‘tolmagan o‘quvchilar amaliy otish mashqlariga qo‘yilmaydi.
22. O‘quvchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida ChQBT fanining yakuniy bosqichida ushbu fan uchun ajratilgan o‘quv soatlari hisobidan ta’lim muassasalarining bitiruvchi sinf va kurslarida o‘qiyotgan o‘quvchilar bilan o‘quv dasturiga asosan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Bunda ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ushbu fan bo‘limlariga oid nazorat me’yorlarini bajarish bo‘yicha ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi.
ChQBT fani bo‘yicha nazorat me’yorlarini qiz bolalar ommaviy qirg‘in qurolidan individual himoya vositalarini turli usullarda kiyish hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiradi.
23. O‘quv yilining yakuniy choragida (mart-may oylarida) harbiy okruglarga qarashli poligonlarda ta’lim muassasalarining bitiruvchilari (o‘g‘il bolalar) bilan o‘qotar quroldan amaliy otish mashg‘ulotlari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan holda quyidagi tartibda o‘tkaziladi:
har yili 20-dekabrga qadar mudofaa ishlari boshqarmalari tomonidan tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda, bitiruvchi sinf va kurslarda o‘qiyotgan o‘g‘il bolalar soni to‘g‘risida ma’lumotlar tegishli hokimliklar hamda harbiy okruglarga taqdim etiladi;
har yili 20-yanvarga qadar harbiy okruglarda o‘quvchilar bilan harbiy poligonlarda amaliy otish mashg‘ulotlari o‘tkazish bo‘yicha reja-jadval va ushbu mashg‘ulotlarni tashkil etishga oid harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining buyrug‘i tayyorlanadi;
harbiy okrugda o‘quvchilarni poligonlarga olib chiqishda ta’lim muassasalarining tegishli mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan transport bilan ta’minlanishi, transport kolonnalarining harakatlanish vaqtida yo‘l harakati xavfsizligini tashkil etish hamda mashg‘ulotlar davomida sarflanadigan o‘q-dori va nishonlar uchun xarajatlarni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qoplash, o‘quvchilar uchun tushlik tashkil etish yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarori loyihasi ishlab chiqiladi;
har yili 10-fevralga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan o‘quvchilar bilan harbiy poligonlarda amaliy otish mashg‘ulotlarini tashkil etish bo‘yicha tegishli qaror harbiy okruglar tomonidan taqdim etilgan reja-jadval asosida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;
o‘quvchilar bilan harbiy poligonlarda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar davomida sarflanadigan o‘q-dori va nishonlar uchun xarajatlarni qoplash yuzasidan 20-fevralga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ta’minot departamenti bilan belgilangan tartibda shartnoma tuziladi.
Harbiy poligonlardagi otish maydoni hamda harbiy qism va oliy harbiy ta’lim muassasasi ixtiyoridagi tirlarda o‘quvchilar bilan o‘tkaziladigan amaliy otish mashg‘ulotlari harbiy qism komandiri yoki oliy harbiy ta’lim muassasasi boshlig‘i tomonidan “Otish kursi” talablari asosida tashkil etiladi. Bunda harbiy okrug tomonidan har bir o‘quvchiga 3 dona o‘q-dori ajratiladi.
Harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonlari ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan harbiy poligonlarda amaliy otish mashg‘ulotlari xavfsizlik qoidalariga rioya etilgan holda o‘tkazilishi uchun mas’ul hisoblanadilar.
Harbiy poligonlarda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar vaqtida o‘quvchilar oziq-ovqat bilan mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi.
24. O‘quvchilarning ChQBT fani bo‘yicha egallagan nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari boshqa umumta’lim fanlari uchun belgilangan me’yoriy baholash tizimiga muvofiq baholanadi. O‘quvchining amaliy mashg‘ulotlar davomida olgan umumiy bahosi ChQBT fani bo‘yicha yakuniy baho chiqarilishida inobatga olinadi.
25. ChQBT o‘quv mashg‘ulotlari yakunida ta’lim muassasasi pedagogik kengashi tomonidan o‘quv yilida ChQBT fanining o‘qitilishiga baho beriladi va o‘quv yiliga yakun yasaladi.
26. Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari ChQBT fani mashg‘ulotlari bilan uyg‘unlashtirilgan holda tashkil etiladi.
27. Ta’lim muassasalari bilan harbiy qismlar, harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatiladi, ta’lim muassasalari o‘quvchilari orasida harbiy kasbni targ‘ib etishga doir tashviqot ishlari hamkorlikda olib boriladi.
O‘quvchilarda Vatan himoyasiga shaylik hamda ona yurtga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida ta’lim muassasalarida urush va jangovar harakatlar ishtirokchilari fotosuratlari qo‘yilgan “Jasorat burchagi” tashkil etiladi.