-bob. ChQBTni tashkil etish va amalga oshirish bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning asosiy vazifalari
2-bob. ChQBTni tashkil etish va amalga oshirish bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning asosiy vazifalari 6. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati ChQBTni tashkil etish va uni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul organlar hisoblanadi.
7. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ta’lim muassasalarida ChQBT tadbirlarini moliyalashtirish, moddiy-texnik jihatdan ta’minlash, fan o‘quv-moddiy bazasini ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq barpo etish ishlarini mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan yillik ish rejalariga kiritilgan holda muntazam ravishda amalga oshiradi.
8. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
har yili iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari tomonidan mudofaa ishlari boshqarmalari bilan kelishilgan holda taqdim etiladigan so‘rovnomalar asosida ta’lim muassasalaridagi ChQBT o‘quv xonalarini o‘quv qurollari bilan jihozlash, ushbu fan o‘quv-moddiy bazasi obyektlarini qurish va ta’mirlash, mudofaa ishlari bo‘limlari va ta’lim muassasalaridagi o‘quv o‘qotar quroli, o‘quv granata va minalari (keyingi o‘rinlarda — o‘quv qurol-aslahalari) saqlanadigan qurol saqlash xonalarini O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi texnik qo‘riqlash punktlari tomonidan qo‘riqlanishini mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tadbirlari kelgusi yil ish rejalariga kiritilishini tashkil etadi;
harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi harbiy-sport musobaqalarining tuman, viloyat va respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan ta’lim muassasalarining ChQBT fani o‘quv-moddiy bazasini birinchi navbatda mustahkamlash orqali rag‘batlantirib boradi;
har yili 10-fevralga qadar harbiy okruglar tomonidan taqdim etilgan reja-jadval asosida mart-may oylarida harbiy poligonlarda ta’lim muassasalaridagi bitiruvchi sinf va kurslar o‘quvchilari (o‘g‘il bolalar) bilan amaliy otish mashg‘ulotlarini tashkil etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qiladi hamda ushbu tadbirlarni amalga oshirish davrida ta’lim muassasalarini transport vositalari (avtobuslar) bilan ta’minlaydi;
mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq o‘quv-moddiy baza obyektlarini barpo etish ishlarini loyihalashtirish uchun belgilangan tartibda shartnomalar tuzadi va xarajatlarini qoplaydi;
harbiy poligonlarda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda o‘q-dori va nishonlar uchun sarflanadigan xarajatlarni har yili 20-fevralga qadar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan holda mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplab beradi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
mas’ul organlarning ChQBTni tashkil etish va rejalashtirishga oid faoliyatini muvofiqlashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ChQBT fani o‘quv dasturini hamda o‘quv dasturi doirasida darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda ta’lim muassasalarini harbiy qism va muassasalarga hududiylik prinsipi asosida biriktirish ishlarini tashkil etadi hamda ularga har yili iyun oyida ChQBT fani o‘quv dasturi doirasida Qurolli Kuchlarning umumharbiy nizomlari, ko‘rgazmali o‘quv qo‘llanmalarini elektron ko‘rinishda taqdim etib boradi;
o‘quvchilarni harbiy xizmatchilar hamda harbiy ta’lim muassasalari kursantlarining kundalik faoliyati, ijtimoiy va moddiy ta’minoti, shuningdek, qurol-aslaha, harbiy texnika bilan tanishtirib borish yuzasidan ta’lim muassasalari hamda harbiy qism va harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtiradi;
ChQBT fani bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishida ta’lim muassasalariga o‘zlari biriktirilgan harbiy qism, muassasalar, harbiy poligonlarning doimiy joylashuv joyidagi o‘quv-moddiy bazasidan foydalanishlari uchun shart-sharoitlar yaratadi;
har yili mart-may oylarida harbiy poligonlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, harbiy okruglar, tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda ta’lim muassasalaridagi bitiruvchi sinf va kurslar o‘quvchilari (o‘g‘il bolalar) bilan amaliy otish mashg‘ulotlari o‘tkazilishini nazorat qiladi;
o‘quvchilar bilan harbiy poligonlarda o‘tkaziladigan amaliy otish mashg‘ulotlari davomida sarflanadigan xarajatlarni qoplash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida shartnomalar tuzilishi hamda ushbu shartnomalar bajarilishini tashkil etadi;
harbiy okruglar so‘rovnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi texnik qo‘riqlash punktlari tomonidan qo‘riqlanishi yo‘lga qo‘yilgan qurol saqlash xonalari mavjud ta’lim muassasalarini ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq o‘quv qurol-aslahalari bilan mudofaa ishlari boshqarmalari orqali ta’minlaydi;
qurol saqlash xonalari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi texnik qo‘riqlash punktlari tomonidan qo‘riqlanishi yo‘lga qo‘yilmagan ta’lim muassasalarini o‘quv qurol-aslahalari bilan mudofaa ishlari boshqarmalari orqali faqat mashg‘ulotlar vaqtida foydalanish uchun ta’minlaydi;
ChQBT fani o‘qitilishida foydalanish uchun mudofaa ishlari bo‘limlari va ta’lim muassasalariga berilgan o‘quv qurol-aslahalari hisobini yuritish, ularni saqlash va foydalanishga oid yo‘riqnomalarni ishlab chiqadi hamda mudofaa ishlari boshqarmalari orqali ta’lim muassasalari rahbarlariga taqdim etadi;
ChQBT fani o‘qituvchilari malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash masalalarida “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga amaliy yordam ko‘rsatadi;
ChQBTga oid tadbirlarni umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim hamda boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarini qamragan holda amalga oshiradi;
harbiy qism va muassasalar tomonidan ta’lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlar bilan ofitserlar, serjantlar va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirokida vatanparvarlik tarbiyasiga oid davra suhbatlarini tashkil etadi;
tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda har yili oktyabr oyida ta’lim muassasalaridagi ChQBT fani o‘quv-moddiy bazasining holati, o‘qituvchilar bilan jamlash sifati, ChQBTga jalb etilgan o‘quvchilar soniga oid ma’lumotlarni ushbu Nizomga 2 — 4-ilovalarga muvofiq umumlashtiradi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
ta’lim muassasalaridagi ChQBT o‘quv xonalarini ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq jihozlar va ko‘rgazmali vositalar bilan ta’minlaydi, ularni doimiy ravishda takomillashtirib borish yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qiladi;
har yili iyul oyida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ChQBT fanining o‘quv-moddiy bazasini mustahkamlash yuzasidan takliflar hududiy boshqarmalar tomonidan mudofaa ishlari boshqarmalari bilan kelishilgan holda taqdim etilishini tashkil etadi;
yangi qurilayotgan ta’lim muassasalarining smeta-loyiha hujjatlarida ChQBT fani o‘quv-moddiy bazasini mustahkamlash masalasi inobatga olinishini ta’minlaydi;
ta’lim muassasalarida ChQBT fani o‘qitilishi va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyaviy ishlarning sifatli tashkil etilishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ChQBT fani o‘quv dasturini tayyorlaydi, hududiy boshqarmalari orqali ta’lim muassasalarini fanga oid darsliklar, o‘quv-uslubiy va ko‘rgazmali qo‘llanmalar, o‘quv filmlari bilan ta’minlaydi;
ta’lim muassasalari ixtiyoriga berilgan o‘quv qurol-aslahalari, pnevmatik miltiqlar, ularning o‘q-dorilari but saqlanishini hamda mudofaa ishlari bo‘limlarida saqlanayotgan o‘quv qurol-aslahalaridan ChQBT fani mashg‘ulotlarida foydalanilishini nazorat qilib boradi;
hududiy boshqarmalari tomonidan mudofaa ishlari boshqarmalari bilan hamkorlikda har yili oktyabr oyida ta’lim muassasalaridagi ChQBT fani o‘quv-moddiy bazasining holati, o‘qituvchilar bilan jamlash sifatini o‘rganish va mazkur Nizomga 2 — 4 ilovalarga muvofiq tegishli ma’lumotlar ishlab chiqilishini tashkil etadi va umumlashtiradi, shuningdek, ChQBT fani o‘quv-moddiy bazasini mustahkamlash yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taklif kiritadi;
ChQBTning yakuniy bosqichida ta’lim muassasalarining bitiruvchi sinf va kurslarida o‘qiyotgan o‘quvchilar bilan amaliy mashg‘ulotlarni, shu jumladan, harbiy poligonlarda o‘qotar quroldan amaliy otish mashg‘ulotlari o‘tkazilishini Mudofaa vazirligi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorlikda amalga oshiradi;
ta’lim muassasalarida ChQBT fani o‘qitilishini doimiy ravishda o‘rganib boradi hamda ilg‘or tajribalarni keng joriy etish bo‘yicha choralar ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda ChQBT fani o‘qituvchilarining o‘quv dasturi doirasida tibbiy bilim asoslari, shuningdek, hayot faoliyati xavfsizligi bo‘yicha qayta tayyorgarlikdan o‘tishini tashkil etadi;
ChQBT fani o‘qituvchilarining tegishli oliy ta’lim muassasalarida malakasini oshirish hamda ularga malaka toifasi berish tadbirlarini vazirliklarga davlat budjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiradi va amalga oshiradi;
mudofaa ishlari bo‘limlari tavsiyanomalariga ko‘ra ta’lim muassasalari ChQBT fani o‘qituvchisi lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar bilan suhbatlar tashkil etadi (Qurolli Kuchlar tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar tizimidagi ta’lim muassasalari bundan mustasno);
ChQBT fani o‘qituvchilarining xizmat faoliyatiga oid masalalar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi hamda ushbu yo‘nalishda mavjud muammolarni bartaraf etish ishlarini taalluqli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiradi;
eng ilg‘or ChQBT fani o‘qituvchilarini vazirlik tizimida ta’sis etilgan mukofotlar bilan taqdirlaydi va boshqa mukofotlarga tavsiya etadi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati va Milliy gvardiyasi:
tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda, ta’lim muassasalarini hududiylik prinsipi asosida harbiy qism va muassasalarga biriktirish ishlarini tashkil etadi;
ChQBT fani bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishida ta’lim muassasalariga harbiy qism va muassasalarning o‘quv moddiy-texnik bazasidan foydalanishlari uchun sharoit yaratadi;
harbiy qism va muassasalar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan ta’lim muassasalariga ChQBT fanini tashkil etish hamda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyaviy harbiy-sport musobaqalari va boshqa tadbirlar o‘tkazilishida doimiy ravishda amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlaydi;
o‘quvchilarni muddatli harbiy xizmatchi va kursantlarning kundalik faoliyati, maishiy ta’minoti, shuningdek, qurol-aslaha, harbiy texnika bilan tanishtirib borish yuzasidan ta’lim muassasalari bilan harbiy qism va muassasalar o‘rtasida hamkorlikni muvofiqlashtiradi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
ChQBT fani o‘quv dasturini tayyorlash jarayonida ishtirok etadi, har yili iyun oyida tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarga o‘quv dasturi doirasida fuqaro muhofazasiga oid ko‘rgazmali elektron o‘quv qo‘llanmalari va o‘quv-uslubiy filmlarni taqdim etib boradi;
ta’lim muassasalariga qutqaruvchi kasbini targ‘ib qilish va fuqaro muhofazasiga oid amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishda soha mutaxassislari, shuningdek, texnik vositalar bilan amaliy yordam ko‘rsatadi;
tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar buyurtmasiga ko‘ra, shuningdek, yillik tinglovchilar bilan jamlash rejalariga muvofiq ChQBT fani o‘qituvchilarining Hayotiy faoliyat o‘quv markazlarida malaka oshirishini tashkil etadi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarida amaliy ko‘nikmalarni hosil qilish maqsadida har yilgi “Yosh qutqaruvchi” harbiy-sport musobaqasini o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
ChQBT fani o‘quv dasturini tayyorlash jarayonida ishtirok etadi, tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarga har yili iyun oyida o‘quv dasturi doirasida tibbiy bilim asoslariga oid ko‘rgazmali elektron o‘quv qo‘llanmalar va o‘quv-uslubiy filmlarni taqdim etadi;
tibbiy bilim asoslari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadigan hamshiralarni (o‘qituvchilarni) tayyorlash va qayta tayyorlashda ta’lim muassasalariga amaliy yordam ko‘rsatadi;
tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ChQBT fani o‘qituvchilari bilan o‘quv dasturi doirasida tibbiy bilim asoslari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishini tashkil etadi;
tibbiyot yo‘nalishidagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari bilan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun bo‘ysunuvidagi tegishli davolash-profilaktika muassasalarini ta’lim muassasalariga biriktiradi;
mudofaa ishlari bo‘limi huzuridagi hududiy tibbiy komissiyalarga jalb qilinuvchi shifokor-mutaxassislar tomonidan ta’lim muassasalarining 11-sinf yoki 2-kursda o‘qiyotgan o‘g‘il bolalarni mudofaa ishlari bo‘limlaridagi chaqiruv uchastkalarida qayd etish jarayonida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini tashkil etadi.
14. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda:
ta’lim muassasalari o‘quvchilarida diniy ekstremizm va fundamentalizm g‘oyalariga qarshi immunitet hosil qilish, harbiy burchni ongli ravishda bajarishga tayyorlik, vatanparvarlik, yurt kelajagi va taqdiri uchun javobgarlik kabi yuksak ma’naviy-ruhiy fazilatlarni shakllantirish hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning aniq maqsadi va mohiyatini anglab yetishga oid targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boradi;
ta’lim muassasalari o‘quvchilarida yuksak fuqarolik pozitsiyasini, mamlakat Qurolli Kuchlari bilan g‘ururlanish tuyg‘usini shakllantirish maqsadida katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan urush va mehnat faxriylari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazadi;
doimiy ravishda ta’lim muassasasi o‘quvchilarining muddatli harbiy xizmatni a’lo darajada o‘tayotgan harbiy xizmatchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etadi, harbiy xizmatchilar uchun joriy etilgan imtiyozlar tizimi to‘g‘risida ta’lim muassasalari o‘quvchilari va ularning ota-onalari ishtirokida tushuntirish ishlarini olib boradi;
ta’lim muassasalarida ommaviy ravishda tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarini tashkil etadi va o‘tkazadi;
ta’lim muassasalariga ChQBT tadbirlari doirasida harbiy-sport musobaqalarini o‘tkazishda sport inshootlari moddiy-texnik bazasidan foydalanish masalasida amaliy yordam ko‘rsatadi.