6. Kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish 1. Etakchi xorijiy jamiyat sog‘liqni saqlash muassasalari bilan hamkorlikda oliy tibbiy ta’lim muassasalari tibbiyot-profilaktika yo‘nalishidagi kafedralari o‘qituvchilarining jamiyat salomatligi va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sog‘lom ovqatlanish, diyetologiya masalalari bo‘yicha malakasini oshirish.
2. Oliy tibbiy ta’lim muassasalarining tibbiyot-profilaktika yo‘nalishiga ixtisoslashgan kafedralari, shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasining Jamiyat sog‘lig‘ini saqlash maktabi hamda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimining o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni xalqaro talablarga moslashtirish.
3. Tibbiyot institutlarining tibbiy-profilaktika yo‘nalishidagi soha kafedralari hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi Jamiyat sog‘lig‘ini saqlash maktabining o‘quv dasturlarini Yevropa mintaqasining jamiyat sog‘lig‘ini saqlash maktablari assotsiatsiyasi (ASPHER — The Association of Schools of Public Health in the European Region) tomonidan akkreditatsiya qilinishini ta’minlash.
4. O‘rta tibbiy xodimlarni “Diabetik oyoq yuzi bo‘yicha tibbiy hamshira — podiatr”, “Sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha maslahatchi”, “Tamakidan voz kechish bo‘yicha maslahatchi”, “Bronxial astma bo‘yicha maslahatchi” hamda boshqa yo‘nalishlarda ixtisoslashtirish va sertifikatlash dasturlarini ishlab chiqish.
5-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar Konsepsiyani amalga oshirish natijasida quyidagilar:
aholi tomonidan sabzavot va mevalar iste’mol qilinishini 15 foizga oshirish;
osh tuzi iste’mol qilinishini 15 foizga qisqartirish;
vitaminlar va zarur minerallar bilan boyitilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish ulushini oshirish;
aholining jismoniy faolligi darajasini 10 foizga oshirish;
alkogol va tamaki mahsulotlari iste’molini 10 foizga qisqartirish;
yuqori arterial bosimga ega bemorlar sonining o‘sishini to‘xtatib turish;
semirish va qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlar sonining o‘sishini to‘xtatib turish;
tibbiy muassasalarni yuqumli bo‘lmagan asosiy kasalliklarni davolash uchun zarur bo‘lgan bazaviy diagnostik testlar, jihozlar va asosiy dori vositalari bilan ta’minlanganligi darajasini 50 foizga yetkazish;
infarkt va insultning oldini olish uchun yuqori xavf darajasiga ega va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalingan bemorlarning kamida 50 foizini zarur dori-darmon terapiyasi hamda maslahatlar bilan ta’minlash;
aholi orasida yurak qon-tomir kasalliklari, xavfli o‘smalar, qandli diabet va o‘pka surunkali obstruktiv kasalliklaridan barvaqt o‘lim holatlari darajasini 10 foizga qisqartirish kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi PQ-4063-son qaroriga 2-ILOVA