Kayfiyat. Kayfiyat - zaif yoki o’rtacha kuchga ega bo’lgan va, odatda, ancha barqaror emotsional holatdir. Odamdagi ba’zi bir kayfiyat bir necha kun, bir necha hafta, bir necha oy va undan ham ko’proq davom qilishi mumkin. Quvnoq kayfiyat, ma’yus kayfiyat, g’amginlik kayfiyati, g’azab kayfiyati va shu kabi kayfiyatlar, yaxshi yoki yomon kayfiyatlar bo’lib turishi hammaga ma’lum. Biz biror kishidan, ahvollaringiz qalay, deb so’raganimizda, biz, asosan, uning kayfiyatini nazarda tutamiz.
Odamdagi turli kayfiyat turlicha sabablar tufayli tug’ilishimumkin. Odamning shaxsiy yoki ijtimoiy hayotida sodir bo’lgan va shu odam uchun katta ahamiyatga ega bo’lgan biror voqea mana shu xildagi kayfiyatning tug’ilishiga sabab bo’lishi mumkin. Biror ishning muvaffaqiyatli bajarilganligi odamda bir necha kun davom qiladigan xursandlik, shodlik kayfiyatini tug’dirishi mumkin. Biror ishning muvaffaqiyatli bajarilganligiga mo’’tabar kishi yoki muassasa tomonidan berilgan yuksak baho odamning kayfini chog’qilib yuboradi. Ishdagi chatoqlik, muvaffaqiyatsizlik, odamning qilgan ishiga past baho berilganligi uning ruhini tushirib yuboradi, unda ma’yuslik tug’diradi, uning o’z kuchiga ishonchsizlik vujudga keltiradi.
Odamdagi nerv sistemasining holati va umuman odam sog’ligining holati odamda ma’lum bir kayfiyatning tug’ilishiga sabab bo’lishi mumkin. Ba’zan kishi o’zida muayyan kayfiyat tug’dirgan sabab nimaligini anglamaydi. Bunday hodisa ko’pincha organizmning holati, jumladan, nerv sistemasining holati sababli vujudga keladi.
Odatda, muayyan kishida u yoki bu xil kayfiyat ustunlik qilishi mumkin. Odatda qay xildagi kayfiyatning ustunlik qilganiga qarab, biz ba’zi kishilarni quvnoq, hushchaqchaq, bardam kishilar deymiz, ba’zi kishilarni esa g’amgin, ma’yus beparvo kishilar deymiz. Mana shunday ustunlik qilgan kayfiyat odam xarakterining xislati bo’lib qoladi.
Odamning barcha psixik jarayonlarida va faoliyatida kayfiyat katta rol o’ynaydi. Tasavvurlar va fikrlarning o’tishidagi tezlikka, shuningdek, tasavvur va fikrlarning mazmuniga hamda yo’nalishiga kayfiyat ta’sir qiladi. Odamdagi boshqa emotsional kechinmalarning hammasiga kayfiyat, odatda o’zining ta’sirini o’tkazib turadi, bu kechinmalarning, intilishlarning va harakatlarning faolligida shu kayfiyat o’zgarishini ko’rsatadi. Masalan, odamning kayfi chog’ bo’lsa, u ancha aktivroq bo’ladi, odam ma’yus bo’lsa, unchalik aktiv bo’lmaydi. Odamning kayfiyati uning tevarak-atrofdagi kishilarga va narsalarga munosabatiga ta’sir qiladi. Chunonchi, odam xursand bo’lib turganida uning ko’ziga hamma narsa yaxshi bo’lib ko’rinadi, odam xafa va ma’yus bo’lib turganida, uning ko’ziga hamma narsa yomon ko’rinadi. Ijobiy kayfiyat, hushchaqchaqlik va xursandlik kayfiyati ustun bo’lib turganida, odam vaqtincha muvaffaqiyatsizliklarni va xafagarchilikni ham osonlik bilan o’tkazib yuboradi.
Odamzod onglidir, binobarin, u salbiy kayfiyat bilan kurashmog’i: ma’yuslikka, bo’shanglikka, sababsiz tajanglikka berilmasligi mumkin va lozim. Odamning o’zida va boshqa kishilarda bardamlik, xursandlik, hushchaqchaqlik kayfiyati tug’dira bilishi uning eng yaxshi xislatidir.
Odamning o’zidagi e’tiqod, maslak, qiziqish hamda o’zi yashab va ishlab turgan vaziyat undagi muayyan kayfiyatning davom ettirilishi uchun katta ahamiyatga egadir. Bardamlik, hushchaqchaqlik, kayfiyati bizning kishilarimizni asosiy xususiyatidir. O’zbek xalqi mustaqillikka erishishini o’z maqsadi va maslagi deb biladi. U o’z mehnatining erkinligini anglab, Vatani uchun sidqidildan harakat qilish ularda mana shunday kayfiyatni vujudga keltirdi. Bizda har bir kishi nima uchun mehnat qilayotganini, kim uchun mehnat qilayotganini biladi. Mehnatning tagi rohat ekanligini his qiladi.
Ma’lumki, mehnat ijtimoiy foydali, moddiy yoki ma’naviy mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan faoliyatdir. Mehnat faoliyati o’zining amalga oshirilishi uchun yuksak psixologik funktsiyalarni talab qilish bilan birga, insoniyat taraqqiyoti jarayonida ularni tarkib topishi uchun shart-sharoitlar yuzaga keltiradi. Bu esa inson kayfiyatiga ta’sir qiladi. Kayfiyatning chog’ligi mehnatni unumdorligini oshiradi. Uni sermahsul qiladi.
Mustaqillika to’la erishib olgunga qadar qancha uqubatli mehnatlarga duch kelindi. Xalqimiz tushkunlikka tushmay, qiyinchiliklarga bardosh berib, to’siqlarni engib, ko’tarinki kayfiyat bilan mehnat qilib o’z maqsadlariga erishdilar. Xalqimiz qiyinchiliklarni qunt bilan engishga doim tayyordirlar.