Affektlar Tez paydo bo’ladigan, nihoyat darajada kuchli, g’oyatjo’shqinlik bilan o’tadigan qisqa muddatli emotsional holatlar affektlar deb aytiladi. Masalan, birdaniga achchiqlanish, g’azablanish, to’satdan qo’rqish va shu kabi holatlar affektlarning bir ko’rinishidir. Affektlar ko’pincha to’satdan paydo bo’ladi va ba’zan atigi bir necha minut davom qiladi. Affekt holatida kishining ongi, tasavvur qilish va fikr qilish qobiliyati torayadi, susayib qoladi. Mana shunday kuchli emotsional qo’zg’alish shiddatli harakatlarda, tartibsiz gaplarni gapirib yuborishda, ko’pincha, baqirib yuborish tarzida namoyon bo’ladi. Affektlar vaqtida odamning harakatlari kutilmagan tarzda, «portlash» singari, birdaniga boshlanib ketadi.
Ba’zan affektlar tormozlanish holati tariqasida namoyon bo’ladi va bunday holatda organizm bo’shashib, harakatsiz bo’lib va shalvirlab qoladi. Chunonchi, kutilmagan bir quvonchli holatni ko’rib suyunib ketgan kishi «o’zini yo’qotib qo’yadi» va «nima deyishni bilmay qoladi». Bunday holat ko’pincha odam birdaniga qo’rqqanida, to’satdan quvonganida, birdaniga g’azablanganida va shu kabi hollarda ayniqsa yaqqol namoyon bo’ladi.
Affektlar kishining irodasi bo’shashgan vaqtda paydo bo’ladi, affektlar odamning o’zini tiya olmasligini, o’zini tuta bilmasligini ko’rsatadigan alomatdir. Affekt – emotsional hatti-harakatning ibtidoiy formasidir.
Lekin har bir kishi o’zi etarli daraja ongli bo’lganligi uchun, o’zida affekt paydo bo’lishiga yo’l qo’ymasligi yoki affekt paydo bo’lishi bilanoq o’zini darhol bosib olishi mumkin. Odam affekt juda zo’r kuch bilan paydo bo’lgan vaqtda ham «o’zini tutib qolishi» mumkin. Albatta, buning uchun kishida kuchli iroda bo’lishi, unda o’zini tuta bilish, o’zini tiya bilish singari iroda sifatlari mavjud bo’lishi kerak. Odamda bu sifatlar tarbiya va o’z-o’zini tarbiya qilish yo’li bilan paydo qilinadi.
Iroda kuchi Iroda ma’lum kuchga ega bo’ladi; ba’zi hollarda kishining irodasi kuchli suratda namoyon bo’lsa, boshqa hollarda kuchsiz namoyon bo’ladi.
Iroda kuchi irodaning muhim sifatidir. Iroda kuchining turli darajasi butun irodaviy jarayonlarda ko’rinadi. Iroda kuchi avvalo intilishlarda ko’rina boshlaydi; biz kuchli hamda kuchsiz intilishlarni, kuchli va kuchsiz hohishlarni farq qilamiz. Iroda kuchi yana tezlik bilan qarorga kela olishda va qarorning mustahkamligida ko’rinadi.
Yuksak g’oyaviytamoyillarga asoslangan ongli qat’iyat va sabotlilik kuchli iroda belgilaridandir; qat’iyatsizlik, ikkilanish, qabul qilingan qarorning bajarila olishiga shubha bilan qarashlik va sabotsizlik kuchsiz iroda belgilaridandir. Iroda kuchi qat’iyatlikda ifodalanadi. Qat’iyatqarorning bajarilishiga to’la ishonish va qarshilik hamda qiyinchiliklar qanchalik katta bo’lmasin (yoki katta bo’lib ko’rinmasin) uni albatta amalga oshirishga otlanishdir.
Jazm o’z-o’ziga buyruq berishdir. Vijdoniy burch talabi yoki yuksak maqsadni amalga oshirish tufayli odamning kerak bo’lib qolgan paytda o’lim bilan hayot o’rtasidan birontasini darhol tanlab ola bilishida ko’rinadigan jazm, kuchli iroda dalilidir. Bunday jazmning misoli sifatida Usmon Nosir, Cho’lpon, Abdulla Kodiriylarning mardona jasoratini ko’rsatishimiz mumkin .
Iroda kuchi qabul qilingan qarorni o’z vaqtida bajarishda ko’rinadi. Shuning uchun qarorni bajarmaslik yoki uning bajarilish muddatini doim «galdan-galga» qoldira berish va boshlangan ishni oxirigacha etkaza olmaslik kuchsiz irodaning alomatidir. Ammo berilgan qarorni bajarishning, qilingan ish-xarkatning hammasi ham irodaning kuchli ekanidan darak beravermaydi. Iroda kuchi, asosan, irodaviy harakatlar yordami bilan qanday to’siqlar engilgani va buning bilan qanday natijalarga erishilganligi ila aniqlanadi. Biz irodaviy zo’r berishlar vositasi bilan engadigan qarshilik va qiyinchiliklar darajasi va xarakteri iroda kuchining ob’ektiv ko’rsatkichi bo’lib xizmat qiladi.
Agar kishi katta to’sqinlik va qiyinchiliklarni, qarshi harakatlarni irodaviy zo’r berish va irodaviy harakatlar yordami bilan engib, katta muvaffaqiyatlarga erishar ekan, bunday holda biz shu kishining kuchli irodaga ega ekanligi va kuchli iroda ko’rsatgani haqida gapira olamiz.Ishlab chiqarishda faqat shaxsiy muvaffaqiyatga erishishgina cheklanib qolmay, balki boshqa shaxslarning hamda butun bir jamoaning irodasini uyg’ota olish, tarbiyalay olish va tashkil qila olish muhimdir.
Bizda yuksak irodaviy sifatlar faqat ayrim shaxslarninggina emas, balki butun bir jamoaning ham xususiyatidir.
Ishlab chiqarish korxonalarida unumli ishlari bilan bir vaqtda sirtqi hamda kechki o’quv muassasalarida o’qiyotgan yoshlarimiz irodaviy faollik na’munalarini ko’rsatmoqdalar.
Kishi irodasining kuchsizligi uning juda arzimas qarshiliklarni ham enga olmasligida ko’rinadi. Masalan, ba’zan kishi, biron kerakli xatni yozishga yoki biron zarur ishni boshlashga o’zini majbur eta olmaydi.
Irodaning kuchsizligi, odatda, irodasizlik deb ataladi,
Iroda kuchi, ayniqsa, o’zini tuta bilishda, jasurlikda, qat’iyatda, matonatda va chidamlilikda namoyon bo’ladi.