Jahon tillari fakulteti ingliz tili va adabiyoti kafedrasi


O’smirlarga oid badiiy asarlarga qoyilgan talablar



Download 347.46 Kb.
Page12/62
Date15.02.2024
Size347.46 Kb.
#63511
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   62
Jahon tillari fakulteti ingliz tili va adabiyoti kafedrasi
ШНК 2 08 02 09 ЖАМОАТ БИНОЛАРИ ВА ИНШООТЛАРИ (1)
O’smirlarga oid badiiy asarlarga qoyilgan talablar. O’smirlik kattalar olamiga nomzodlik bosqichi bo’lib, bolalik bmlan xayrlashish va kattalarga ergashishdan iborat oralig’dir. U birinchi muchalni to’ldirib, ikkinchisiga qadam qoyish bilan boshlanadi va o’rta yasharlik-o’smirlik pallasiga kirishning ilk bosqichi hamda katta yasharlik-yoshlikka tayyorlanish tarzida namoyon bo’ladi. Binobarin, o’smirlik ham jismoniy, ham ma’naviy-axloqiy balog’atga etishuv bo’sag’asidir.
O’rta yosh boshlanishi bilan o’g’il va qiz bolalarda jinsiga daxldor xislatlar shiddat bilan rivojlana boshlaydi, avvalo, ovozlari farqlana boshlaydi: o’g’il bolalarda- erkaklik va qizlarda ayolikka xos biologik unsurlar ko’zga tez tashlana boshlaydi. Bu jarayon ma’naviy rivojlanishdan o’zadi, natijada o’smirlar hatti-harakatida, yurish-turishida o’zgachaliklar, aniqrog’i, beqarorlik, oqibatini oylamay ish qilish, mulohazasizlik, o’ziga bino qoyish holatlari uchray boshlaydi. Aslini olganda, bunday holat asosini bolalik olami bilan xayrlashish va kattalar olamiga da’vogarchilikdan iborat murakkabliklar tashkil etadi, o’smirlarda sodir bo’luvchi ma’naviy o’sishning jismoniy va biologik rivojlanishdan bir muddat orqada qolishi goho ularga pand beradi, ular bunday vaziyatda o’zlarini aql bilan boshqarolmay qoladilar, shu bois o’smirlar tarbiyasi og’ir kechadi. O’smirlarga mo’ljallangan badiiy adabiyotning vazifasi, avvalo, ana shu murakkab jarayonni chuqur va beran badiiy tadqiq etib, ularning ma’naviy kamoloti ehtiyojlarini qondirish, ularda chinakam insoniy fazilatlarning tarkib topishida faolroq ta’sir ko’rsata bilishdan iborat. Eng muhimi, o’smirlarga mo’ljallanib yozilgan badiiy, ma’rifiy, fantastik va publicistik asarlar ularni milliy istiqlol ruhida tarbiyalashi, dunyoqarashlarini shakllantirishi, yuksak axloqiy fazilatlarni singdirishga xizmat qilmog’i shart. Necha asrlar davomida ajdodlarimiz yaratgan boy madaniyat, mehnatkash xalqning o’z erki, Vatan mustaqilligi uchun olib borgan kurashlari, mehnatning barcha farovonliklar omili ekanligi, halollik, do’stlik, rostgoylik, qo’rqmaslik, fidoiylik va boshqa insoniy fazilatlar o’smirlar adabiyotining asosiy mavzulari bo’lishi mumkin.
O’smirlik-o’ziga sig’a bilmaslik, jussaning to’lisha borayotgan kuchini racional boshqara olmaslik davri. Ha, goyo qo’lini cho’zsa, narvonsiz ham yulduzga etguday his etadi, goho o’smirlar o’zini. Ularga ana shu jarayonni ongli ravishda anglay olishlarida sehrli-fantastik ertaklarga bo’lgan rag’batlarini ilmiy-badiiy fantastikaga yo’g’irish samarali natija beradi. Aytaylik, Jyul Vernnning «Kapitan Grant bolalari», «Ostin-ustun», «Havo sharida besh hafta», «Sirli orol», «g’aroyib sarguzashtlar», A.Tolstoyning «Injener Garinning mo’’jizasi», «Aelita», A.Belyaevning «Jahongir», «Prafessor Douelning boshi», A.Kazancevning «Yonuvchi orol», I.Efremovning «Odam-amfibiya», «Andromeda tumanligi», ilmiy-fantastik romanlari qatorida o’zbek fantastikasi namunalarini tavsiya etish mumkin.
O’zbek ilmiy-badiiy fantastikasi 20-yillarda Abdurauf Fitrat va Abdulla Qodiriylar ijodida kurtak yozgan bo’lsa-da, asosan, 60-yillardan e’tiboran chinakam jonlanish jarayoniga kirdi. Bugungi kunda o’zbek fantastikasining «Rene jumbog’i», «Ajdodlar xotirasi», «/aroyib ko’lanka», « Jodugarning eli», «Telba dunyo», «Ikki jahon ovorasi», «Tutash olamlar», (H.Shayxov), «Hikmat afandining o’limi», «Somon yo’li elchilari», «Falak», «Chorrahada qolgan odamlar» (T.Malik), «Men- men emas», «Mangu kuy izlab», «Teskari ko’zlilar sayyorasi», «Rayhondagi zarpechak», (M.Mahmudov), «Ming bir qiyofa», «Ko’zgu oldidagi odam» (O.Muxtor) singari e’tirofga sazovor qissa va romanlardan iborat namunalari paydo bo’ldi. Bu asarlar o’smirlar tafakkurini teranlashtiradi, dunyoqarashlarining shakllanishiga, xayol qila bilish salohiyatlarining takomillashuviga, taxayyullotlarining uchqurlashuviga kuchli ta’sir ko’rsatadi.
O’smirlar tabiatiga xos ilmiy-badiiy fantastikaga o’chlik, o’z navbatida, ma’rifiy-badiiy (poznavatelnoy) asarlarga qiziqishlarini inkor etmaydi, balki bu jarayon bir-biriga omuxta holda kechgandagina katta natijalar beradi. Taassufki, o’zbek bolalar yozuvchilari mahrifiy-badiiy asarlar yaratishda qarzdor bo’lib qolmoqdalar. Fan va badiiyat sintezidan iborat holda asarlar ijod etishda rus o’smirlar adabiyoti katta tajriba to’plagan, ularda ma’rifiy-badiiy asarlar alohida yo’nalishni tashkil etadi va turli-tuman mavzulardagi ko’rinishlarga ega adabiyot sifatida shakllangan. Kishilik bilimlarining barcha tarmoqlarida qiziqarli hikoyalar, qissalar va romanlar yaratilgan bo’lib, ularni mazmun-mundarijasiga ko’ra: tarixiy-badiiy, fizikaviy-badiiy, kimyoviy-badiiy, geologik-badiiy, biologik-badiiy va hokazo ko’rinishdagi asarlar guruhlariga bo’lish mumkin. Bu silsilaga mansub asarlardan dunyoda turli xildagi elatlar va xalqlarning paydo bo’lish sabablarini hikoya qiluvchi R. Podolniyning «Xalqlarning yo’llari», turli-tuman tillarning yuzaga kelish tarixini bayon etgan L.Uspenskiyning «Til yo’llari va so’qmoqlarida», Ed. Vartanyanning «So’zning tug’ilishi», jangovar harbiy san’at sabog’idan iborat V.Abchukning «Buyuk sarkardalar sinoati», Irina Uvarovaning «Tuproq, suv va olov», Viktor Komarovning «O’zligim bilan olishuv», Eduard Shimning «Yog’och kitob», G.Elizavetinning «Pulnoma», Viktor Drachukning «Yozuvlar-o’tmish sirlari shohidi» kabi o’nlab ko’rkam namunalarini ko’rsatish mumkin. Shuningdek, fanning turli tarmoqlarida o’smirlarbop qilib yaratilgan xilma-xil qomuslar, qiziqarli kitoblar va hatto maxsus «O’rgan va bajar» ruknida uzluksiz chop etilayotgan S.Gazaryanning «Go’zallik o’z qo’llarimizda» N. Kolpakovaning «Qo’shiq ovchilari» singari ma’rifiy-adabiy kitoblar hayot haqidagi ilmiy tasavvurlarini chuqurlashtirishdan tashqari kelajakda kim bo’lishlarini ham oylab ko’rishga undaydi. Shunisi ajablanarliki, o’zbek bolalar adabiyotida ma’rifiy-badiiy yo’nalishida ijod etish hamon oqsab kelayotir, bu sohadagi boshqa xalqlar adabiyotlaridagi ilg’or tajribalar sekinlik bilan o’zlashtirilayotir.
O’smirlar hayotga mustaqil nazar solishga intiladilar. Ular hayotdagi har bir voqea va hodisaning ijtimoiy-axloqiy mohiyatini anglashga, undan o’zlariga saboq chiqarishga harakat qiladilar. Shu jarayonda ularda fuqarolik tuyg’ulari teranlasha va takomillasha boradi, jamiyat va Vatan oldidagi burch va mas’uliyatlarini anglash istagi uyg’ona boshlaydi. Bunda ularga S.Ayniy, Oybek, A.Qahhor, N.Safarov, O.Muxtor, T.Malik va boshqalar yozgan biografik va avtobiografik asarlar, memuarlar ayricha ta’sir ko’rsatadi. Shu tahsir chuqurlashgani sayin o’smirlar tabiat va jamiyat sirlaridan ogoh bo’lishni, jamiyat taraqqiyotiga sezilarli mehnati singgan kishilar hayotini o’rganishni xohlab qoladilar. O’smirlardagi bu ma’naviy ehtiyojni o’z zamonidayoq payqagan Maksim Gorkiyning XX asrning 30-yillarida «Ajoyib kishilar hayoti» ruknida badiiy-biografik asarlar ijod etish tashabbusi bilan chiqqan edi. Shu munosabat bilan ulug’ tabiatshunos olim K.Timiryazevga-Charlz Darvin, Romen Rollanga-Betxoven, Fritof Nansenga-Kolumb, Gerbert Uellsga-Edisson, Alfons Shatobrionga-Janna-d’ Ark, Ivan Buninga-Servantes biografiyalarini aks ettiruvchi ilmiy-badiiy badialar yozishni so’rab murojaat qilgan edi. O’zi esa Italiyaning milliy qahramoni Garribaldi haqida shunday asar yaratmoqchi bo’ldi. 1933-yilda qaror topgan bu ruknda mashhur yozuvchilar, olimlar, bastakorlar, davlat arboblari, harbiy sarkardalar, mashhur razvedkachilar, jahon urushlarining qahramonlari, mohir hunarmandlar, mehnat qahramonlari hayoti va ijod yo’lining badeasimon tadqiqotidan iborat mingga yaqin asar yuzaga keldi. Shunisi quvonchliki, yakunlangan asrning etmishinchi yillariga kelib, bu ruknda asarlar ijod etish an’anasi o’zbek ijodkorlari faoliyatida ham ko’rina boshladi.Endilikda Aziz Qayumovning «Alisher Navoiy», «Abu Rayhon Beruniy», «Abu Ali ibn Sino»; Laziz Qayumovning «Hamza»; Naim Karimovning «Hamid Olimjon», «Oybek», «Cho’lpon», «Usmon Nosir»; Adham Akbarovning «G’afur G’ulom»; Ozod Sharafiddinovning «Abdulla Qahhor»; Bo’riboy Ahmedovning «Mirzo Ulug’bek», «Amir Temur»; B.Reskov va G.Sedovlarning «Usmon Yusupov»; Radiy Fishning «Jaloliddin Rumiy»; Otayorning «Mirtemir», «Islom shoir»; Habib Karimovning «O’ral Tansiqboev» singari asarlari shu yo’nalishdagi izlanishlarning samaralari bo’lib, o’zbek voqeligini ilmiy-ma’rifiy asosda badiiy tadqiq etganligi bilan e’tibor qozonib borayotir. Bunday asarlar o’smirlarni insonparvarlik ruhida, tarixiy qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalaydi, ularning kasb tanlashlariga ko’maklashadi, ajdodlar jasoratidan iftixor qilish tuyg’ularini qo’zg’atadi, chinakam vatanparvar va mehnatkash inson sifatida kamol topishlariga ta’sir ko’rsatadi.
O’smirlik-qizlar va o’g’il bolalar o’rtasida bir-birlariga nisbatan o’rtoqlik, havas va muhabbat bilan talpina boshlash pallasi. Binobarin, ularda sevish-sevilish mavzuidagi asarlarni o’qishga alohida rag’bat bilan qarash kuchayadi. Shu rag’batni qondirishda H. Nazirning «Lochin qanotlari», «Kenjatoy», «Tohir-Zuhra qissasi», shuningdek, A.Aleksinning «Akam klarnet chaladi», «Kolya Olyaga yozadi, Olya Kolyaga yozadi» singari asarlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu asarlar o’smirlikka xos tuyg’ularning yuksak axloqiy ideal darajasida kamol topishiga tahsir ko’rsatadi.
Modomiki, o’smirlar kattalar safini to’ldiruvchi avlod sifatida tarix sahnasiga chiqib borisharkan, kattalar olamiga xos ma’naviy fazilatlarini kasb etmoqlari zaruriyatga aylanadi. Shu ma’naviy zaruriyat tufayli ular o’qishi doirasiga kattalar adabiyoti namunalari ham kira boradi va o’smirlar kitobxonligi doirasini kengaytiradi. Bunda nafaqat o’zbek adabiyoti vakillari, balki jahon adabiyotining barcha zabardast namoyandalarining kishilik ma’naviyati taraqqiyotida muhim qimmat kasb etgan asarlarini o’qish, ulardan saboq va zavq olish, shu asosda jahon xalqlari turmushi, orzu-intilishlari, kurashi va mag’lubiyatlaridan ogoh bo’lish – o’smirlar dunyoqarashi o’sishining asosiy omiliga aylanadi.
Har bir avlod farzandlariga o’z tajribalarini singdirishga intilishi ayon haqiqat, binobarin, o’smirlar ham o’z ota-onalari to’plagan hayotiy tajriba va an’analardan oziqlanib yashaydilar, biroq har bir avlodning yangi tarixiy sharoitda yashashiga, o’sishiga va kurashishiga to’g’ri keladi. Shunday bir jarayonda navqiron avlod ajdodlari hayotiy tajribalaridan nimalarnidir o’zlashtiradi, nimalarnidir rad etadi va o’zi ham nimalardir yaratishga intiladi, shu zaylda kattalarning murakkab olamida o’z mavjudligini tan oldirish uchun kurashishiga to’g’ri keladiki, bu jamiyatda avlodlar almashinuvi jarayoniga xos abadiy muammo-«otalar va bolalar» muammosini har bir zamonning o’zigagina xos qilib kun tartibiga qoyaveradi. Bu esa, o’smirlar adabiyoti oldiga yosh avlodni kelajakka ishonch bilan qaray bilishga, hayotda o’z o’rnini topa olishga o’rgatish vazifasini qoyadi, natijada bolalar adabiyotida ham zamonaviylik dolzarb muammoga aylanadi; zamonaviylik uning ham qalbi darajasida mohiyat kasb etadi. Bolalar adabiyotidagi zamonaviylik tarixiylikni inkor etmaydi. Bolalar adibi xalq va Vatan o’tmishi haqida hikoya qila turib, bugunning haqiqatini tasdiqlaydi, shu fazilati bilan zamonaviylik tarixiylik zamirida voqe bo’ladi. U bolalarning qobiliyatini nazarda tutib o’tmishni ham, bugunni ham, kelajakni ham keng va aniq ko’rsatadi, teran ifoda etadi.
Yuqoridagi mulohazalar shuni ko’rsatayotirki, bolalarga mo’ljallangan «kitob bir-biridan ajralib turuvchi uch tilda yaratilmog’i darkor, ne uchunki bola besh yasharligida bir tilda gapirsa, o’n yasharligida boshqacha bir tilda va o’n besh yasharligida uchinchi bir tilda so’zlaydi.» Shu bois kitob qaysi yoshdagi bolaga mo’ljallangan bo’lsa, o’sha yoshdaligida o’qilganda ijtimoiy-estetik ta’siri kutilgan darajada bo’ladi, kechikib o’qilganda esa bunday ta’sir kuchiga ega bo’lmaydi, aniqrog’i, ta’siri zaiflashadi.
Bolalar adabiyotining yoshga nisbatan mo’ljallanganligi qotib qolgan hodisa ham emas, u zamon va insonlar o’zgarishi bilan didaktik mohiyat kasb eta boradi. Binobarin, bolalar kitobining adresliligi doimiy harakatda bo’ladi: aytaylik,ijtimoiy-estetik taraqqiyot chuqurlasha borishi bilan bolalarning yosh xususiyatlari ham o’zgaradi,davr o’zgarishi bilan avlodlar o’zgaradi, insoniyat mutassil to’lishib, yasharib borarkan, uning qiziqishlarida ham bu zuhur topadi. Natijada qachonlardir kattalar ma’naviy mulki sanalgan ertaklar va topishmoqlar endilikda, asosan, bolalar ma’naviy ehtiyojlari qondirgichiga aylangani kabi yozma adabiyotda ham aslida kattalarda mo’ljallanib yaratilgan Ubayd Zokoniyning «Mushuk ila sichqon qissasi», Sayido Nasafiyning «Kim zo’r» kabi asarlari, shuningdek, A.S.Pushkinning qotor she’riy adabiy ertaklari bolalar o’qishi doirasiga kirib borgani tabiiydir.
Rost, bolalarga atalgan kitoblar orasida shunday namunalari ham borki, bir o’qigandayoq vazifasini o’tab bo’ladi, ularni ikkinchi o’qishga ehtiyoj qolmaydi; biroq shunday namunalari ham mavjudki, belgilangan adresati yoshiga nisbatan ma’naviy o’sish sari yo’naltira biladigan imkoniyati cheksiz. Bunday asarlar ko’p qatlamli bo’lib, qaysi yoshdalikda o’qilishidan qathiy nazar, o’quvchiga g’oyaviy-estetik zavq bag’ishlay oladi. Bunday kitoblar yuksak talant bilan yaratilgan ma’naviy obidalar sifatida bolalarning yangi va yangi avlodlarini to’lqinlantiravervdi, shu zaminda avlodlarni bir-birlariga tutashtiruvchi ma’naviy ko’prikka aylandi.
O’zbek bolalar adabiyoti-bolalar hayotining o’ziga xos qomusi, unda bolalarning oilada, bog’chada, maktabda va tengqurlar davralarida, shuningdek, oyinda,o’qishda, mehnatda, tengqurlari yoki kattalar bilan munosabatdan iborat jo’shqin hayoti aks etgan. Binobarin, u xalq turmushining ham ko’zgusidir. Chunki bolalar taqdiri xalq va Vatan taqdiri bilan uzviy bog’langan. Bolalar adabiyoti shu aloqadorlikni butun go’zalligi va murakkabligi bilan ifodalaydi, bu esa uninig mahrifiy qimmatini belgilaydi. Bolalar adabiyoti muayyan g’oyalarni mavhum tushunchalarda emas, balki bolalarning «predmetli» tafakkuriga va tasavvuriga mos badiiy obrazlarda ifodalab, ular ongiga his tuyg’ulariga va xayolotiga ta’sir ko’rsatadi, ularning kelajagi buyuk ozod va obod Vatanning, erkin va demokratik jamiyat qurayotgan xalqning bunyodkor va kurashchi farzandlari qilib tarbiyalashga xizmat qilaveradi.

Download 347.46 Kb.

Share with your friends:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   62




The database is protected by copyright ©ininet.org 2024
send message

    Main page