Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga oidkitoblarning xususiyatlari. Bola yetti yoshga to’lguniga qadar atrofdagiyangiliklarni tez ilg’aydigan bo’lib o’sa baradi. Bu jarayonni bolaning kelajakka tayyorlanishi tarzida tushunish kamlik qiladi, albatta. Negaki, inson shaxsiyatidagi barcha ijobiy va salbiy xususiyatlar xuddi shu davrda shakllana boshlaydi, xarakteriga singa baradi. «Axir men hozir nimalarda yashayotganimni o’shanda kashf qilmaganmidim?,-deya xotirlagandi Lev Tolstoy yetmish yillik umriga sarhisob qila turib.-Shuncha ko’p, shuncha tez kashf etgan narsalarimning yuzdan birini ham, qolgan butun umrim davomida kashf eta oldimmi? Aslo! Besh yashar boladan mengacha-faqat bir qadam, yangi tug’ilgan chaqaloqdan besh yashar bolagacha-dahshatli masofa!» Chindan-da, chaqaloq besh yoshga to’lguniga qadar til chiqaradi, ongi kurtak yoza boshlaydi, tuyg’ulari shakllanish jarayoniga kiradi, oyoq chiqarib mustaqil yura boshlaydi-keyingi butun umri davomida, asosan, shu jarayonlar takomillashadi. Shuning uchun bolalarni juda kichkinaliklaridanoq, so’z san’ati sehrida tarbiyalash beqiyos ijtimoiy-estetik qimmatga molik. Bu xalqning asriy tajribasida sinalgan haqiqatdir. Xalq ijodiyotidagi erkalash motivlariga limmo-lim aytim-olqishlar, allalar, erkalamalar, ovutmachoqlar, qiziqmachoqlar, qaytarmachoqlar, ermaklar asrlar davomida ana shunday vazifani ado etib kelayotgani barchaga ayon. Ularda xalqimizning bolalarparvarlik mehri tovlanib turadi, murg’akkina jonlarni so’z ohanglarida ardoqlash an’analari yorqin namoyon bo’lgan.
Maktabgacha yoshdagi bolalar hali kitob o’qiy olmaydi, ular uchun olam noma’lumlik sirlarini bilishga, o’zlashtirishga intilish, qiziqish kuchli bo’ladi. Yozuvchining vazifasi uning xuddi shu intilishini hisobga olib, qiziqishini alangalatishga qaratilgan holda ish tutishdan iborat. Bunda u maktabgacha yoshdagi kichkintoy tabiatiga xos taqlidchilik xususiyatini ko’zda tutib, hayotdagi xarakterli voqea va hodisalarni uning tasavvuriga mos badiiy obrazlarda ifodalovchi asarlar yaratmog’i lozim.
Ma’lumki, maktabgacha yoshdagi kichkintoylar tevarak-atrofidagi har bir narsaga taqlid qilishdan charchashmaydi. Ular taqlidchilik vositasida hayotni o’zlashtiradilar. Shu boisdan ularga atalgan asarlarning personajlari-hayvonlar, qushlar, hasharotlar, o’simliklar va boshqa narsalar bo’lishsa-da, odamlarga taqlidiy sifatlarga ega: Odamlarday gapirishadi, fikr yuritishadi. Shu taqlidda ularning har biri o’z xislatlari xususidagi oddiy ma’lumotlar bilan kichkintoylarning intellektual dunyosiga aylanadi, ularda hayotga qarashning o’ziga xos kurtaklari vazifasini o’tashga kirishadi.
«Bolada so’zni tushunishdan ko’ra tovush yoki ohangni sezish ancha erta boshlanadi, aslida xuddi shu tovush yoki ohangni sezish-uni so’zni-tushunchani anglash sari etaklaydi, binobarin, u sog’lom o’ssa, 7-9 oylardaligidayoq ayrim so’zlar ifodalagan ma’noni anglay boshlaydi: «ashshalom», qo’lingni ber», «o’tir» kabi so’zlarga harakati bilan javob qaytaradi. Bir yoshga to’lganida esa, o’ntacha so’zni tushunadi va ayta oladi. Ikkinchi yoshi davomida bola anglaydigan va ayta oladigan so’zlar miqdori 300 tagacha etadi. Bu davrda u ochlikni, chanqoqlikni, issiq-sovuqni, og’riqni tuyadigan bo’ladi, shu tuyg’ularni ifodalash ehtiyoji tovush tiliga ko’chadi: g’udranadi, ingshayadi, xullas, allaqanday tovushlar yig’indisidan iborat so’qma so’zlar vositasida «gapirgan» bo’ladi. Shu jarayonda nutq organlari rivojlana boradi va yangi-yangi tovushlarni aytishga chog’lanadi yoki aytishni o’zlashtiradi. Tasavvur qila bilasizmi-chaqaloq dunyoga kelganida «ing’a» yoki «inga» deya yig’laganida nutq a’zolari atigi uchtagina tovushni aytishga qodir bo’lgani holda endilikda 300 tacha so’zni ifodalash qadar nutq tovushlarini o’zlashtirishga erishadi! Ular lug’atidagi so’zlarning aksariyati bir yoki ikki bo’g’inli bo’lib, asosan, unli tovushlarning faolligi bilan ajralib turadi. Buning sababi-unli tovushlarning cho’ziluvchanligi va musiqiyligida. Bola dastlab u yoki bu unli tovushni cho’zibroq ayta turib, o’z nutq a’zolarining shakllanishini ta’minlaydi, shu yo’l bilan inson nutqiga xos boshqa tovushlarni jumladan, undoshlarni ham o’zlashtira boradi. Shu asnoda nutq tovushlarini insoniy mantiqdorlik qonuniyati taqozosi bilan bir-biriga ulab, o’zi idrok eta olgan u yoki bu tushunchani ifoda etuvchi so’zga aylantira boradi, boshda u hech qanaqa ma’no anglatmaydigan so’qma so’z bo’lishi mumkin, lekin bora-bora ma’no anglatuvchi so’zga aylanib qoladi, shu zaylda u so’zlar tushunchalar olamini zabt eta boshlaydi. Bu hol, o’z navbatida, uning ongiga ravnaq yo’lini ochadi-tasavvuri, idroki va yana talay sezgilarini jumbishga keltiradi. Ana shu harakat mantiqi bola lug’at xazinasidagi har bir so’zga, dastlabki paytlarda, asosan ot va fe’l anglatuvchi ma’nolarni birato’la mujassamlashtira boradi, natijada so’zlar bola nutqida atov gap shaklida namoyon bo’la boshlaydi. Bola «mamm» yoki «mama» deganda «ko’krak ber» yoki «ovqat ber», «buv» yoki «buvva» deganda «suv ber» talabini ifoda etganday bo’ladi. Shu tariqa chaqaloq nutqida otlar o’z ma’nosiga omuxtalashgan harakatni ham ifoda etadi.
Ikki-uch yoshlardagi bolalar lug’at jamg’armasidagi so’zlarning aksariyati hayvonlar yoki aniq narsalarning tovushlariga taqlidiy xarakteriga ega: «qu-qu» yoki «av-av» kabi. Bola tovushlarni har xil qabul qilganidan taqlidiy so’zlarning sinonimik qatori yuzaga kelgan: «av-av//hav-hav//hav// baba» yoki «bi-bib// dit// bi-bib// du-dut» kabi. Bu bolalarning o’zlari ko’rgan narsalar tovushlarni turlicha eshitishlari va idrok qilishlari zamirida vujudga kelgan so’zlarning badiiy shakllaridir. «Qariyb har bir oila so’zlashuvi taomilida aslida kichkina bolalardan o’tgan va boshqalarga ma’lum bo’lmagan o’z so’zlari bor. Kattalar nutqiga bolalar ta’siri ma’lum hodisa. Bunday hodisani to’g’risi, kamdan-kam hollardagina kichkintoylar tajribasiga suyanib she’r yozganda va katta bolalar yoki oilaning katta a’zolari nutqida uchratish mumkin». Shunisi e’tiborliki, bolalar kashf etgan ayrim so’zlar termin darajasigacha etgan, buni «alla» so’zi misolida ko’rsa bo’ladi; bu so’z o’z lug’aviy ma’nosidan tashqari yana folklordagi qo’shiqning bir janrini ifodalaydi. Ko’rinadiki, bolalar ham o’z ona tillarining lug’at boyligini oshirishga munosib hissa qo’sha olganlar.
So’z o’rganish, so’zni anglash va aytish ehtiyoji, ayniqsa, bola uch yasharligida jiddiy tus oladi, «Uch yashar bola, - deb yozgandi K.Chukovskiy, - har bir narsa u yoki bu belgilangan harakatga mo’ljallanganligiga, binobarin, bunday harakatdan tashqarida noaniq narsaga aylanishiga ishonadi». Natijada u bu davrda o’rganganadigan va tushunadigan so’zlar 1200-1300 tagacha etib boradi. Bola hech qanaqa grammatik qoidadan xabarsiz bo’lsa-da, so’zlarni mantiqan to’g’ri aloqaga kiritib, o’z fikri va istagini izhor qila boshlaydi, hatto qay bir tushunchalarni ifodalovchi so’zni hali bilmasa-da, o’zicha so’z yasab uni ifodalagan bo’ladi, shu tariqa o’z lug’atini aks ettiruvchi tili yuzaga keladi. Xuddi shunday bir vaziyatda bolaga hayvonlar, qushlar va hasharotlarning yorqin rasmlari, ularga daxldor voqelikni ifodaluvchi voqeaband rasmlardan tashkil topgan pishiq kartondan ishlangan animal kitobchalar, hayvonlar haqidagi ertaklar mazmunini ifodalovchi dekorativ kitobchalar, kesma yoxud yig’ma kitobchalar berilmog’i, u bu rangli kitobchalarni o’zi ochib varag’lamog’i rasmlariga qarab, tasvirdagi narsalarni, ularning holatlarini, rangini, shaklini, a’zolarini, aytmog’i yoxud kattalar yordamida shularni o’rganib qayta so’lamog’i shart. Bunday kitobchalar bolada hajm, shakl va rangni his qilishda muhim rol oynaydi. Xususan, «O’zing boya» ruknidagi kontur suratli kitobchalar bu jarayonni yanada faollashtiradi, bolalar bu kitoblarni boyab turib konturlarda ifodalangan ma’nolarni, shakllar va ularning hammalarini ranglar garmoniyasida o’qib idrok qiladigan bo’ladilar. Bu holat ularda so’zga, so’zlashga rag’batni yanada kuchaytiradi. Natijada ular 4-5 yoshga etganlarida 2000-2500 tacha so’zni iste’mol qila boshlaydilar, bu davrda so’z ular uchun o’z ma’nosidagina anglashiladigan bo’ladi, ko’chma ma’nosini hali ular anglay olmaydilar. Endilikda nisbatan aniq harakatni ifodalovchi fe’l turkumiga mansub so’zlar miqdori orta boradi, og’riqni, quvonchni, xafalikni ifodaluvchi undov so’zlar ham bola nutqida o’zlasha boshlaydi. Biroq bularning barchasi bola tasavvurining aniqligiga mavhumlikni ko’tara olmasligiga boysungan holda namoyon bo’ladi. Bolalar hayvonlar haqidagi ertaklarni hayajon bilan tinglab, ular mazmunini ifodalovchi rasmlarga hayrat bilan qarashadi, rasmlar ma’nosini o’zlaricha tushunadi va tushuntirishga intiladi. Bunday intilish zamirida kichkintoy nutqida o’zgacha emocionallashuv jarayoni sezila boshlanadi. Bolalardagi bunday insoniy sezgirlikdan hayratlangan L.Tolstoy ayrim noshud yozuvchilarning tildagi no’noqliklariga ta’na qilib: «Bola so’z yasash qonunlarini sizdan ko’ra yaxshiroq anglaydi, chunki hech kim uningchalik tezlik bilan yangi so’z yasay olmaydi,» –degan edi. Bolalar tilini uzoq kuzatgan K.Chukovskiy ham bu fikrni tasdiqlaydi: «Ikki yoshidan boshlab har qanday bola qisqa muddat ichida «daho tilchi» darajasiga ko’tariladi,» - deya e’tirof etgan edi. Bolalar uchun asar yozganda ana shu fazilatlarini inobatga olib, ularga atroflarini o’rab olgan hayotni anglab olishlariga, hayotsevarlik tuyg’ularini shakllantirishga, narsalar haqida o’z tushunchalarining qaror topishiga, shularni imkoniyatlari ko’taradigan darajaga xizmat qiladigan so’z zaxiralarini muttasil boyitishga ko’maklashish maqsadi ko’zlanmog’i shart. Shundagina asarni o’z vazifasini muvaffaqiyatli bajargan deb hisoblash mumkin.
Share with your friends: |