Bolalar kitobatchiligining o’ziga xosligi. «Uchdan o’n ikki yoshgacha har qanday bolada o’z fikrini grafik usulda ifodalash malakasi etarli bo’ladi,-deb yozgan edi mashhur kitob bezovchi musavvir I.Kuzmin uzoq yillik tajribalariga tayanib,-keyin ijod psixologiyasida nimadir kechadi-da, murakkab kompozicion vazifalarini ham erkin bajara oladigan o’shal kechagi ijodkor aylana yoki kvadratni chizish uchun pargor va chizg’ichga yopishib oladi». Binobarin, ana shu davrdayoq jajji qo’llariga kitob tutib, uni o’zicha varaqlashga intilmagan, rasmlarga qarab undan ma’no ilg’ash malakasi kurtak yozmagan bola kitobga befarq bo’lib ulg’ayadi. Holbuki, bolalar kitobatchiligi-bolalar kitobxonligining asosi bo’lib, uyda ham, bog’chada ham, maktabda ham bolalar o’qishiga mo’ljallangan rang-barang mazmun va shaklga ega kitoblar chop qilinishiga erishmoq lozim. Bunda kitoblarning aksaran oyinchoq timsolida bo’lmog’i muhim ahamiyatga ega. Shaklan esa mazmuni yoki maqsadiga muvofiq bichimga-chidamli qalin qog’oz yoki kartondan foydanilgan taxlamga ega bo’lmog’i, suvratli kitobchalar, oyinchoq kitobchalar, yig’ma kitobchalar, animal kitobchalar,1 kesma kitobchalar kabi turlarda yaratilmog’i darkor. Bu xildagi kitoblar komikslar2 deb yuritilib, badiiy matni adib yoki shoirga taalluqli bo’lsa, taxlamini bichishda noshir (poligrafist) va badiiy bezatilishida musavvir ishtirok etadi, binobarin, ularning bunyodga keltirilishida shoir yoki adibga musavvir va noshir teng huquqli hammuallif sanaladilar. Ularning hamjihatlikdagi ijodiy faoliyatlari tufayli bolalar kitobi ko’rimli, sevimli va o’qimishli mo’’jizaga aylanadi. Bunda shunisi muhimki, musavvir ham, noshir ham yozuvchi yo shoir yaratgan matnni aynan ifodalabgina qoya qolmaydilar, balki o’sha matnni to’ldiruvchi, muallif aytolmay qolgan nuqtalarni ilg’agan holda ifodalay olishlari lozim. Bu nozik ijodiy jarayondir, uning mohiyatini S.Y. Marshak musavvir va noshirning «qo’shimcha badiiy iztirob chekishi» deya to’g’ri ta’riflagan.
Rost, bolalar kitobida yozuvchi yoki shoir yaratgan badiiy matn etakchi bo’lib, musavvir va noshirni boshqarib turadi. Noshir kitob shakl-shamoyilini, harflari, hoshiyalari, sarlavhalari, taglavhalari, yonlavhalari, qismlari va boblarini ajratib ko’rsatuvchi belgilarni matn mazmuni va kitob bichimiga muvofiqlashtirsa, musavvir yuksak mas’uliyat bilan asar matnini chuqur o’rganishi, uning ruhigagina emas, balki asar yaratilgan zamon ruhiga, asar qahramoni va uning muhiti ruhiga, asar muallifi ruhiga kirgan holda bolalar yosh xususiyatlarini, saviyasini, olamni idrok qila bilish iqtidori va malakalarini imkoniyat va darajalarini hisobga olib rasm va bezaklar chizmog’i darkor. U yozuvchi matnda aytmagan va aytolmagan, ko’rsatmagan va ko’rsatolmagan, lekin ham aytilishi, ham ko’rsatilishi shart bo’lgan nuqtalar, ruhiy holatlarni ifodalash orqali qahramon xarakterini yaratishi, ham qahramon, ham asar, ham yozuvchi ruhiga mos manzaralar chizib, ularda takrorlanmas milliy koloritni singdirishi va shu asosida kitobning mazmun-mundarijasini to’ldirishi lozim. Musavvir kitobdagi har bir personaj tashqi qiyofasini faqat o’zigagina xos xarakterini gavda a’zolari qanday taqozo etsa, shu xilda ko’rsatishi, bunda matn mazmuni mantiqidan kelib chiqishi lozim. Matn mazmunini ifodalovchi manzaralarni chizganda ham shunday yo’l tutmog’i darkor. Bordiyu musavvir kitobni grafik usulda bezashga kirishda, unda grafikadagi obrazlari to’g’ri, siniq va to’lqinli chiziqlarda, naqshlarda, shriftlarda, turfa ranglarda jilolanuvchi fon va soyalarda, dog’larda, kontr suvratlarda yorqin ifodalab, jozibadorlikda erishmog’i va qalblarni yashnatmog’i zarur. Toki bunday illyustraciyalar o’quvchi fantaziyasi-taxayyulotini harakatga keltirsin. «...bolaga mo’ljallangan suvrat-unga tushunarli bo’lmog’i shart,-deb yozgan edi bolalar kitoblarining mashhur bezovchisi V.V.Lebedev,-lekin u shunday suvrat bo’lsinki, bola musavvirning bu ishiga kira bilsin, aniqrog’i, suvrat qanaqa tirgaklarga turganligini va uning qurilishining qanday kechganlagini tushuna olsin». Shundagina bolalar kitobidagi rasm va bezaklar bolaning matn mazmunini teranroq tushunishi va fikrini harakatga sola bilishiga yo’l ochadi. Shundagina bolalar kitobi o’z oldiga qoyilgan ijtimoiy-estetik va axloqiy- tarbiyaviy vazifasini to’la-to’kis bajaradi va yosh avlodning ma’nan sog’lom bo’lib chiniqishiga ta’sir ko’rsata oladi.
Share with your friends: |