Bolalar adabiyoti-ikki yo’nalishli adabiyotdir. U bolalarga muljallangan ekan, avvalo, shularning adabiyoti. Shu bilan birga kattalarning, demakki, ota-onalarning ham adabiyoti hisoblanadi. Chunki bolalar adabiyoti xalq axloqiy qarashlarini badiiy aks ettiruvchi pedagogik xrestomatiyadir. Bu jihatdan buyuk ertaknavis H.K.Andersenning tubandagi fikri diqqatga sazovor: «Men nafaqat bolalar uchun, balki kattalar uchun yozayotganimni ham doim esda tutaman». Bolalarni ertaklarning fabulasi hammadan ko’proq qiziqtirsa, kattalarni ularga singdirilgan g’oya qiziqtiradi». Chindan ham bolalar uchun asar syujeti muhim, shu syujet qancha qiziqarli bo’lsa, bolalar uni shunchalik zavqlanib o’qiydilar. Kichkintoylar asar g’oyasini ilg’ab olishga qiynaladilar. Chunki u yoki bu asar g’oyasini ilg’ab olmoq uchun o’sha asar qaysi zamonda yozilgani va unda ifodalangan tarixiy sharoit xarakterini bilish, demakki, asarni davr kontekstida o’qib-o’rganish zaruriyatga aylanadi, bu murakkab jarayon, kichkintoylarning imkoniyatlari esa uni hazm qila olmaydi. Chunonchi, Sharl Perroning mashhur «Qizil shapkacha» ertagi har qancha sodda va quvnoq syujet asosida qurilgan bo’lmasin, ham bolalarni, ham kattalarni qiziqtirgani holda unda ifodalangan «Qizil shapkacha» li go’zallarni (qizil shapkacha-go’zallik ramzi, unda francuz qizlarining umumlashma obrazlari ko’zda tutilgan) francuz burjuaziyasining shahvoniyatparastligidan (Bo’ri qiyofasida fahshga mukkasidan ketgan burjuylar ko’zda tutilgan) ogohlantirishdan iborat g’oyani faqat asar ijod etilgan tarixiy davr mantiqidan uqa olgan kattalargina ilg’ashlari mumkin. Shu ma’noda bolalarga mo’ljalangan badiiy asar, avvalo, hammabopdir. Bunda hammaboplik mohiyatini V.G.Belinskiy shunday ta’riflagan edi: «...bolalar uchun kitob yozish kerak va zarur, biroq bolalar uchun shunday yaxshi va foydali asarlar yozmoq zarurki, ular kattalarni faqat bolalarga atalganligi tufayligina emas, balki chinnakam badiiy asar sifatida hammaga mo’ljalanganligi bilan qiziqtira olsin».
Bolalar adabiyotida voqelik bolalarga badiiy tafakkur sintezining natijasi tarzida tasvirlanadi. Bunda tasvirning o’ziga xos jihatlari, asosan, quyidagilardan iborat:
a) badiiy obrazning ham, voqelikning ham aniq-tiniqligi, qo’rimliligi. Bu xususiyat bolalar tafakkurining predmetliligi, aniqligi va ko’rimlilikka asoslanishi natijasidir. K.Chukovskiyning «Ikkidan beshgacha» kitobida keltirilgan tubandagi misol,jumladan, xarakterlidir: Dashtni ilk bor ko’rgan bola uning qanday atalishini so’rasa, otasi «pusto’nya» deb javob beribdi. «Hech vaqosiz, ship-shiydon maydon» ma’nosidagi bu tushunchani bola idrok qilolmabdi. Chunki bu mavhum tushuncha bo’lganligidan bola uni anglashga qodir emasdi. Har qanday mavhumlik bola idrokiga, tasavvuriga sig’maydigan hodisadir. Buning ustiga otasi dasht deb atagan maydon har xil o’simliklar bilan qoplangan, ularning butalari yo erga yopishgan, yo erdan tikkasiga ko’tarilgan. Bola ularni ko’rib turibdi, shu zahotiyoq o’z tushunchasiga moslashtirib, analogiya usulida o’zicha so’z yasab, ko’rib turgan maydonini «kusto’nya»-«butazor», deb atabdi. Bola fikrlashiga xos bunday aniqlik va predmetlilik badiiy obrazning ham aniqligini, predmetlilik asosida ko’rimli va ko’zda chalinarli bo’lishini taqozo etadi. K. Chukovskiy e’tirof etganidek, bolalar uchun yozilgan har bir satr mazmuni asosida rasm chizish mumkin bo’lmog’i shart. G’afur G’ulomning «Oylashni o’rganamiz» she’rida eng mavhum hodisa ham oyin shaklida o’ziga xos ko’rimlilik kasb etgan, shu vajdan bu she’r har bir kichkintoyni zavqlantira oladi, eng muhimi, tushunarlidir. S.Jo’ra, Q.Muhammadiy, A.Muxtor, Sh.Sa’dulla,H.Nazir, X.To’xtaboev, T.Adashboev, S.Barnoev, M.A’zam, A.Obidjon va boshqalarning bolalarga atagan aksariyat asarlari ana shunday fazilatga ega.
b)Hikoya qilishda lirik yoki komik maylning kuchliligi. V.G.Belinskiy bolalar adabiyotining asosiy xususiyati-uning emotsionalligi, deb ko’rsatib, bolalar kitobi «samimiy hislarga to’lib-toshmog’i» lozimligini qayta-qayta ta’kidlagan edi. Hissiyotning samimiyligi faqat lirika uchungina emas, balki yumorga ham xos fazilatdir. Zotan, «quvnoq yumor», «beozor yumor» iboralari zamirida yumorga xos samimiyat tuyg’usi zuhur topgandir. N.G.Chernishevskiy ana shularni hisobga olib, bolalarga mo’ljallangan badiiy asarda «O, qanday dahshat?!» yoki «Bay-bay, muncha yaxshi!» Yoinki, «Ey, muncha kulgili!?» kayfiyatlarini qo’zg’ovchilik alomatlari bo’lmasa, yosh kitobxonlarni to’lqinlantira olmaydi, deb hisoblar edi. Ruhshunos olimlar o’tkazgan tajribalar ham bugungi kunda bolalar xotirasida lirik ko’tarinkilik yoki quvnoq yumorga sug’orilgan holda tasvirlangan voqealar mustahkam muhrlanishini, uzoqroq yashay olishini tasdiqladi. Zotan,hikoya qilishda lirizm qancha chuqur yoki yumor qancha yorqin va quvnoq bo’lsa, estetik ta’sirchanligi, hayajonbaxshligi ham shuncha chuqur va samimiy bo’ladi. G’. G’ulomning «Shum bola» asarini kulmay turib, o’qib bo’lmasligi siri shundadir. H.Nazirning «Yonar daryo», X.To’xtaboevning «Besh bolalik yigitcha» asarlarida lirik mayl ustun bo’lsa, «Sariq devni minib» va «Sariq devning o’limi» dilogiyasida, «Sehrgarlar jangi, yoxud, «shirin qovunlar mamlakati» romanida, shuningdek, Anvar Obidjonning quvnoq she’rlari, qissalari va pesalarida yumoristik ruhning ustuvorligi sezilarlidir.
v) Xarakter va hodisalar ifodasida dinamikaning yorqinligi. Ruhshunoslar bolalar narsa va hodisalarning harakati, yoshi, nimaga mo’ljallanganligiga, keyinroq ularning paydo bulishi sabablariga qiziqishlarini uzoq tajribalar va kuzatishlar asosida tasdiqlashdi. O’z-o’zidan ravshanki, bu-hikoya qilishda qiziqarlilik (zanimatelnost)ni taqozo etadi. Negaki, qiziqarlilik-shiddatli harakatchanlik zamirida vujudga keladi. Bunday harakatchanlik hikoya qilinayotgan voqelik uchun tanlangan konfliktning o’tkir bo’lishini, syujetning tez taraqqiy etishini, xarakterlarning yorqinligini va boshqa shunday ifodaviy usullarni taqozo etadi, shularda namoyon bo’ladi. Sirasini aytganda, bu voqea yoki hodisalarni, qahramonlarni tashqi bir vaziyatda harakatlantiruvchi, rivojlanishda ko’rsatuvchi mohiyatga ega bo’lib, kichkintoylar tabiatiga mos keladi, uni sodda va aniq qilib, voqelikning zohiriy rivojlanishi deyish mumkin. Quddus Muhammadiyning «Temirlar oyini» yoki «Harflar oyini» she’rlarida barcha narsalar yoki harflarning shiddatli harakati ularninggina emas, balki voqeani ham ko’rimli, ham zavqovar qilgan: Temirlar jarang-jurung,
Oynashib diring-diring,
Deyishar: «Yuring-yuring!»
Tushdilar qiziq tansa,
Sayrashib assa-assa.
Siniq pero dikillab,
Buzuq ruchka likkillab,
Uzuq zanjir, kaltasim:
-Biz qochon bo’lamiz «zil?»
Chir aylanar g’ildirak,
Ortidan eski chelak.
Cho’loq ketmon oqsoqlar,
Oshpichoqni quchoqlar.
Dumalar pachoq banka,
Irg’ir puchuq voronka.1
Har narsa o’ziga xos va o’ziga mos harakatda. Bu shunday harakatki, unda o’sha harakatlanayotgan narsaning sazosi ham jaranglab turibdi. Bu hol she’rning quvnoq ruhini va engil o’qilishini ta’minlagan. Kichkintoylar bu harakat va ovoz zamirida o’sha narsalarning o’zlarini ko’rib turganday sezadilar. «Sholg’om», «Bo’g’irsoq», «Qarg’avoy» singari xalq ertaklari syujetlari ham shiddatli harakat zamirida qurilganligidan g’oyat qiziqarlilik kasb etgan va necha asrlardirki, bolajonlar ularni qiziqib tinglashdan sira toliqmayotirlar. Sh.Sa’dullaning «Ayyor chumchuq» she’riy ertagi syujeti ham shu xildagi shiddatli dinamizm asosida voqe’ bo’lganligidan g’oyat qiziqarlidir. Bola ana shu xildagi harakat zamirida sodir bo’luvchi voqelikni tez ilg’aydi, chunki bunda voqealar almashinuvi uning ko’z o’ngida sodir bo’ladi. Binobarin, syujetdagi harakat qahramonlar xarakteri rivojini ham belgilab turadi. Shunday bir vaziyatda syujet o’quvchi oson o’zlashtiradigan axborot materiali vazifasini o’taydi.
Shuni ham aytish joizki, bolalar ulg’aygani sari ularga atalib yoziladigan asarlarda syujet tabiatida o’zgarishlar sodir bo’la beradi, avvalo, undagi batafsillikda ramziylik va majoziylik unsurlari chuqurroq singa boradi, harakat syujetning ichki oqimiga aylanib, qahramonlar esa ruhiy kechinmalarda namoyon bo’la boshlaydiki, buni voqelikning botiniy yoki axloqiy-ruhiy rivojlanishi deyish mumkin. Bu xususiyat ko’pincha o’smirlarga mo’ljallangan asarlarga xos bo’lib, u yoki bu badiiy asarning qiziqarliligini susaytirmaydi, balki aksincha o’smirlar shiddatli harakat zamirida kechuvchi voqelikni ifodalovchi ilmiy-badiiy fantastika hamda detektiv-sarguzasht tipidagi asarlar qatorida mo’ljallangan va aksaran ichki harakatchanlik asosida voqelikni real ifodalovchi asarlarni ham o’qiy boshlashga shu zaylda tayyorlana boradilar, binobarin, badiiy asar syujeti va qahramonlari harakat shiddatli yoki sokin, zohiriy yoki botiniy kechishidan qat’iy nazar, o’sha asar mavjudligininng o’ziyoq o’quvchi qiziqishini ta’minlovchi vositaga aylanadi. Bunday qiziquvchanlikni bolalar adabiyoti sohasida ishlovchi barcha iste’dodli namoyondalari sezganlar va qayta-qayta ta’kidlaganlar: «Borliqni va barcha mavjudotni harakatga keltirmoq zarur,-deb yozgan edi ulug’ munaqqid V.G Belinskiy ,-toki soqov tosh ham, dala-tuzdagi xas-xashaklar ham shivirlab, oqayotgan ariqcha ham, sokin esayotgan shamol ham, parvoz qilib guldan-gulga qo’nayotgan kapalak ham muhabbat va hayot tilida so’zlashga majbur bo’lsin».
g) Tilning aniqligi, ravonligi, tushunarliligi va emocionalligi. Bolalarga atalgan badiiy asarning tili umumbadiiy tilning normalariga va grammatik qurilishiga amal qilgani holda bolalarcha tafakkur qilishning o’ziga xos ifodaviy vositasi bo’lmog’i, shu bilan birga, bola nutq boyligini muttasil oshirib borishga xizmat qilmog’i shart. Bunda nuqul bolaga moslashib qolmay, balki uni ergashtirib borishga intilib, bolaga notanish so’z va iboralarni izohtalab qilib qoymay, kontekstdayoq anglashilarli etib ifodalashga e’tibor bermoq lozim. Eng muhimi, N.G.Chernishevskiy ta’kidlaganidek: «Bolalarga juda ko’p narsalarni osongina qilib tushuntirish mumkin, bunda avvalo o’sha tushuntiruvchining o’zi nimani gapirmoqchiligini o’zi anglab etkan va uni inson tilida ravshan ifodalay ololsin». Yozuvchi qaysi yoshdagi bolani mo’ljallab asar yozayotganini hisobga olib, o’sha yoshdagi kichkintoy lug’at boyligi imkoniyatlarini ko’zda tutgan holda ish tutmog’i lozim. Aks holda uning asari adresatini tayinlash mumkin bo’lmay qoladi. Chunonchi, Sh.Sa’dullaning «Yil fasllari» she’ridagi:
Milt etib chiqdi quyosh,
Dedi:-Do’stlar, qish odosh,-
satrlariga boqqan zahoti-ularning maktabgacha yoshdagi bolalarga mo’ljallanganini sezish qiyin emas. Chunki mazkur satrlardagi so’zlar maktabgacha yoshdagi bolalar nutqiga xos lug’at aks etgan. Shoir bunday ekspressiv nutq zamirida bahor faslining shu yoshdagi kichkintoylar hali sezishga ulgurmagan ikki xususiyatini-bahor qishdan so’ng kelib, qishga xotima («qish odosh») yasashini hamda endilikda haroratli kunlar («quyosh chiqishi»ni) boshlanishini, aniqrog’i, bahor fasli tabiatining belgili xossalarini saviyaga muvofiqlashtirib ma’lum qilmoqda. Bolalar lug’at boyligi-ular saviyasining mezoni. Bolalar ulg’aygani sayin voqelikni o’zlashtirish imkoniyatlari ham kengaya boradi, binobarin, ular so’zni o’zlashtirish evaziga ularning saviyalari ham ko’tariladi,didlari o’sa va dunyoqarashlari shakllana va to’lisha boradi. So’zni tushunish va o’zlashtirish bolalarda tasavvurni chuqurlashtiradi, narsa va hodisalar haqida o’z fikrini tug’diradi. Bolalar uchun ijod etuvchilar ana shu holat bilan hisoblashmoqlari shart. Zotan, bolaga atalgan asarning tili qancha aniq, ifodalari teran, qisqa va obrazli bo’lsa voqea ham, ifodasi ham ixcham, yorqin va sodda bo’lsa asar shuncha ta’sirchan bo’ladi, unda ilgari surilgan g’oya xotiraga mustahkam o’rnashgan syujetni idrok qilish asosida yosh kitobxonning intellektual dunyosi mahsuliga aylanadi.
Bolalar murakkab qurilmali gaplardagi mazmunni ilg’ashga qiynaladilar, xususan, bunday gaplarda izohtalab arxaik so’zlar qalashib kelsa-taqatlari toq bo’ladi. Binobarin, gaplar ham sodda, mantiqdor, jonli, hayajanbaxsh va savodli qurilmog’i, g’ashga teguvchi qaytariqlar va mavhum iboralardan xoli bo’lmog’i lozim. Poetik obrazlar mavhum yoki qalashib ketgan sifatlashlar (epitetlar) asosida qurilmasligi darkor, bolalar kitobida har bir ifoda tabiiy, yorqin ma’noli va zavqovar bo’lishi-uni tushunib o’qish va uqib olishning muhim sharti hisoblanadi.
Share with your friends: |