Dargʻali – aslida dorugʻali, ya’ni oʻz dorugʻasi ( rahbari)ga ega qishloq. Chigʻatoy ulusi, ya’ni Movarounnahrda harbiy ma’murlar dorugʻa deb atalgan.
Yakkaa’lam - Qorakoʻl tumanidagi Nahri ziyorat mavzesi tarkibidagi qishloq. A’lam oʻrta asrlardagi diniy lavozim. Fiqh, ya’ni islom huquqi, shariat qonun-qoidalarini yaxshi bilgan kishilar a’lam lavozimini egallashi mumkin boʻlgan. Muftilar tuzgan fatvo va rivoyatga a’lam muhr bosgandan keyin, u kuchga kirgan. Shu hujjat asosida qozilar hukm chiqargan. Odatda a’lam muftilar boshligʻi sanalgan. Yakka A’lam toponimi tarixiy mazmunga ega boʻlib, shu qishloqda iste’dodli, fiqh ilmida yagona a’lam istiqomat qilganidan yoki qishloqqa asos solganidan dalolat beradi. Yakka A’lam, Nahri ziyorat toponimlari Oʻzbekiston Milliy arxivining I-126 fondida saqlanayotgan hujjatlar tarkibida اعلم یکه زیارت نهر koʻrinishida qayd etilgan.
Boxkanda – “bogʻkanda” atamasining buzilgan koʻrinishi. Bunda “uzilgan bogʻ”, shuningdek, “qazilgan bogʻ” ma’nolari tarkib topib, koʻchma ma’noda “buzilgan bogʻ” atamasi hosil boʻladi. Yangilash, boshqa joyga koʻchirish maqsadida buzilgan bogʻ atrofidagi qishloq nazarda tutilgan. 1926-yilgi roʻyxatda Bogʻiganda koʻrinishida qayd etilgan. Bunda toponim “yomon bogʻ”, “tashlandiq bogʻ” ma’nosini oladi. Har ikkala ma’lumotni inobatga olish maqsadga muvofiq.
Arabxona – etnotoponim. Arab qavmlariga mansub aholi istiqomat qilgan qishloq. Respublikamizning barcha hududlarida 128 uchraydi. Bir tumanning oʻzida bir necha qishloq shu nom bilan ataladi. Arablarning Movarounnahrga kelib qolishi uzoq tarixiy davrni oʻz ichiga oladi. Milodning VII-VIII asrlarida arablarning Movarounnahrga yurishlari davrida Damashq va Bagʻdod arablarining bir qismi 4mamlakatimiz hududlariga kelib oʻrnashib oldilar. Movarounnahrdagi sayyidlar va xoʻjalar oʻz kelib chiqishlarini arablar bilan bogʻlaganlar va buni sharaf deb hisoblaganlar. Sayyidlar – paygʻambar s.a.v. avlodlari sanalsa, hoʻjalar – arab noiblarining avlodlari hisoblangan. XV-XVI asrlarda arablarning Movarounnahrga ikkinchi kichik migratsiyasi yuz berdi. Bunda asosan Yaman arablari salmogʻi yuqori boʻldi. Ushbu migratsiyaning sababi toʻgʻrisida aniq ma’lumot yoʻq. Arablar oʻtgan asrning 60-70-yillarigacha oʻz tillarini saqlab qoldilar. Gʻijduvon tumanidagi Jogari arablarining ayrim vakillarini hisobga olmaganda, bugungi kunga kelib ular oʻz ona tili – arab tilini unutganlar va mahalliy aholi bilan aralashib ketganlar. Bir tumanda Arablar, Arabxona deb ataluvchi bir necha qishloq boʻlishidan qat’iy nazar, har birining nomini alohida holda saqlab qolish maqsadga muvofiq. Chunki ularning har birida etnik arablar yashaydi.