17.2.Texnologik sxema grafik materiallar o‘rganish Texnologik sxemaning birinchi bo‘limi quyidagi masalalarni o‘z ichiga oladi:
a) qidiruv ishlari o‘tkazilgan struktura yoki ishlatib bo‘lingan konning geologik o‘rganilganligi to‘g‘risida burg‘ilangan quduqlar soni va ularning texnik holati ko‘rsatilgan qisqacha ma’lumotlar;
b) qatlam (uyum) va berkituvchi qatlam (qopqoq)lar o‘rtasidagi oraliq va ularning joylashish chuqurligi ko‘rsatilgan qisqa stratigrafiya;
v) suvli struktura yoki ishlatib bo‘lingan konning tektonik tuzilishi;
g) gorizont (qatlam)larning kisqacha fizik-litologik tavsifi, fatsial o‘zgaruvchanlik xaritalari;
d) quduqlarning suv yoki gaz bo‘yicha maxsuldorligi, birlik bosimning o‘zgarishiga to‘g‘ri keladigan ishchi va maksimal debiti, tubning holati ko‘rsatilgan quduqlarni sinash natijalari;
ye) ishlatib bo‘lingan konning ishlash yoki suvli qatlamiga sinov tariqasida havo haydash natijalari;
j) suv va gaz tarkibi bo‘yicha ma’lumotlar;
z) tugatilgan quduqlar fondining holati;
i) neft, kondensat va gazning qoldiq zahiralari, qoldiq gazga to‘yinganlik (BKZ, BK, PS, KS va boshqa ma’lumotlar bo‘yicha), strukturaviy tutgich sig‘imi to‘g‘risida ma’lumotlar;
k) qatlam suvlarining gidrogeologik tavsifi, harakatlanish darajasi, uyumning ish rejimi;
l) maydonda qo‘shimcha qidiruv ishlarini o‘tkazish, saqlash inshootining germetikligini nazorat qilish, sanoat oqovalarini tashlash, suv ta’minoti va boshqa extiyojlar qatlamlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar, yutuvchi quduqlarni ishlatishda yer osti boyliklarini muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlar ro‘yxati.
Sxemaning ikkinchi bo‘limi quyidagi masalalarni o‘z ichiga oladi:
a) faol va bufer gaz hajmlarini, maydon bo‘ylab gaz yoyilish konturini strukturaviy qurilmalar va tegishli gidrogazodinamik hisob-kitoblar yordamida asoslash, bu hajmlarni gaz iste’molining notekisligi, gaz uzatish tizimining o‘tkazuvchanlik qobiliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar va mazkur mintaqadagi gaz ta’minoti holatini ifodalovchi boshqa ma’lumotlar bilan bog‘lash;
b) gaz haydashni oxirida GEOSIdagi maksimal bosim va gaz olishni oxirida minimal bosimni, gaz haydash va olish sur’atlarini, saqlash inshootini barpo etish bosqichlarining davomiyligini asoslash, haydalayotgan va olinayotgan gazning sifat tavsifi;
v) quriladigan saqlash inshootlari maydonidagi ishlatish, kuzatuv, nazorat, yutuvchi va bo‘shatish quduqlarining miqdorini tanlash, ularning joylashishi va konstruksiyalarini asoslash;
g) ishlatish quduqlarining o‘rtacha va maksimal maxsuldorligini baholash;
d) ishlatish quduqlari sonini, kompressor stansiyasi (KS)ning kuvvati, faol va bufer gaz hajmlari hamda inshootning samaradorligini ta’minlovchi boshka texnologik ko‘rsatkichlarni optimallashtirish.
Sxemaning uchinchi bo‘limi GEOSIni barpo etish va ishlatishning optimal variantini mufassal ko‘rib chiqish bilan bog‘liq masalalarni o‘z ichiga oladi. Unda texnologik hisob-kitoblarni bajarishda olingan jadval va grafik ma’lumotlar majmuasi keltiriladi.
Jamlangan ma’lumotlar asosida quduq konstruksiyalarini burg‘ilab o‘tish ketma-ketligi, qo‘llaniladigan quduq uskunalari, maydon (uyum)lar, KS va konni jihozlash hamda GEOSIning gazni tayyorlash uchun boshqa kurilmalari belgilanadi.
Sxemaning to‘rtinchi bo‘limi kuyidagi masalalarni o‘z ichiga oladi:
a) qidiruv ishlarining hajmi va bajarish tartibi;
b) GEOSIni barpo etish va ishlatish davrida bajariladigan nazorat-kuzatuv usullari va vositalari.
Sxemaning beshinchi bo‘limi quyidagi masalalarni o‘z ichiga oladi:
a) saqlash inshootini barpo etish uchun sarflanadigan kapital mablag‘lar va ishlatish xarajatlarining yiriklashtirilgan ko‘rsatkichlarini baholash;
b) saqlash inshootini barpo etishningturli variantlari bo‘yicha yoki tarmoqdagi o‘rtacha ko‘rsatkichlar bilan taqqoslash yo‘li orqali solishtirma va keltirilgan xarajatlar, gazni saqlash tannarxi, saqlash inshootining o‘zini oqlashini baholash;
v) GEOSIni barpo etish va ishlatishning texnik-iktisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar.
Texnologik sxemaga quyidagi grafik materiallar ilova qilinadi:
a) hududning unda joylashgan gaz transporti tizimi, konlar, faoliyat ko‘rsatayotgan va loyihalanayotgan saqlash inshootlari, shuningdek asosiy iste’molchilar ko‘rsatilgan tahliliy xaritasi;
b) kollektor-qatlam (uyum)ning usti va osti, yuqorida joylashgan suvli qatlamlar bo‘yicha strukturaviy xaritalar;
v) kon (maydon)ning geologik-geofizik (gidrogeologik) kesimi;
g) suvli gorizont (uyum)lar bo‘yicha bo‘ylama va ko‘ndalang kesimlar;
d) maydonni geokimyoviy tasvirga olish xaritasi;
ye) yer usti inshootlarining joylashish rejasi belgilangan holdagi barcha burg‘ilab bo‘lingan va burg‘ilashga mo‘ljallangan quduqlarning joylashish sxemasi;
j) gazni tayyorlashning prinsipial sxemasi;
z)yer osti uskunalari jamlamasi va h.k. lar ko‘rsatilgan turli texnologik maqsadlar uchun mo‘ljallangan quduqlar konstruksiyasi;
i) GEOSIni barpo etish va ishlatishning taqqoslanayotgan variantlarini grafik va jadval ko‘rsatkichlari.
Saqlash inshootlarini jihozlash loyihasida uning faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan barcha qurilmalar ko‘zda tutilgan, barcha ishlarning hajmi va narxlari aniqlangan, jamlama texnik-iktisodiy va boshqa ko‘rsatkichlar tuzilgan bo‘lishi kerak. Kompressor agregatlari, gaz-kon va yordamchi uskunalar yuqori samarali, ishlatishda ishonchli va zamonaviy talablarga javob berishi lozim. Uzellar va birikmalarning germetikligiga, chiqindi mikdorlarini kamaytirishga, barcha operatsiyalarda resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etilishiga, ishlab chiqarish chiqindilarini atmosfera va yer yuzasiga chiqarish, suv havzalariga tashlashning ruxsat etilgan meyorlari ishlab chiqiladi.
Bir nechta texnologik jarayon, masalan gazni yer ostida saqlash va ikkilamchi neft kazib olish, qisman saykling-jarayon va boshqalar bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladigan holatlarda, texnologik sxemada yordamchi jarayonlarni gazni yer ostida saqlash, GEOSIning faoliyati va yordamchi ishlab chikarishlar (neft-gaz sanoati, tutash saqlash inshooti va h.k. lar) bilan o‘zaro aloqasini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar ham hal qilinadi.
GEOSIni qurish jarayoni obyektlarning tuzilish murakkabligiga va sun’iy qatlamlar shakllanishining geologik-fizik xususiyatlariga karab bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Bosqichlarning maqsadga muvofligi va davomiyligi, shuningdek ayrim gorizont (uyum)larni tajriba-sanoat miqyosida ishlatish zaruriyati GEOSIni barpo etishning texnologik sxemasida belgilanadi.
GEOSIni barpo etishga doir ishlarning yakunlovchi bosqichida butun saqlash inshootining, alohida quduqlarning germetikligini aniqlash, siqilgan va erigan gaz miqdorini baholash, yer usti uskunalarining ish samaradorligini aniqlashga qaratilgan tadqiqotlar kompleksi bajariladi.
Yangi texnologik yechimlar va yuqori samarador uskunalar joriy etilganda, yer usti va yer osti uskunalarini qisman yoki to‘liq almashtirish, qo‘shimcha appaaratlar, shuningdek avtomatik boshqarish vositalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan saqlash inshootini jihozlash loyihasi ishlab chiqilishi mumkin.