18.1. Quduqlarni burg‘ilashda yer osti boyliklarini muhofaza qilish Ishlatib bo‘lingan konlarda barpo etilayotgan GEOSIda quduqlarni burg‘ilashda quyidagilarni ta’minlovchi chora-tadbirlar qabul qilinadi:
a) quduqni burg‘ilab o‘tish, o‘zlashtirish va ishlatish jarayonida ochiq favvoralanish, grifonlar hosil bo‘lishi, yuvish suyuqligining yutilishi, quduq devorlarining o‘pirilishi va qatlamlararo gaz o‘tishini oldi olinishi;
b) burg‘ilangan quduqlarda barcha o‘tkazuvchan va suv (gaz)li qatlamlarning ishonchli izolyatsiyalanishi;
v) quduqqa tushirilgan barcha birikmalarning zaruriy germetikligi va yuqori sifatda sementlanishi.
Burg‘ilash jarayonida aniqlangan ikkilamchi gazli qatlam belgilari bo‘lgan barcha qatlamlar (texnogen uyumlar) mukammal gazometriya (DGS), kern tahlili, geofizik karotaj, bevosita gazni aniqlash ma’lumotlari bo‘yicha gaz yig‘ish va uni utilizatsiya qilish yoki bunday qatlamlarda qo‘shimcha gaz saqlash obyektlarini barpo etish maqsadida puxta o‘rganiladi.
Barcha quduqlarda suvli qatlam (uyum)larni ochish ishlari, ayniqsa saqlash inshootida gaz bo‘lgan hollarda, quduqlarning og‘zida gaz otilishiga qarshi uskunalar o‘rnatilgan holda, amaldagi ochiq favvoralanishning oldini olish, xavfsizlik texnikasi va quduqlarni burg‘ilash texnologiyasi bo‘yicha amaldagi qoida va yo‘riqnoma talablariga muvofiq bajarilishi kerak. Gazga to‘yingan qatlamlarni ochish uchun yuvish suyuqligining solishtirma og‘irligi qatlam bosimi va qatlamning joylashish chuqurligiga qarab (yuqoridagi qoidalar bo‘yicha) belgilanadi.
Qidiruv quduqlari yordamida ochiladigan gazga to‘yingan va o‘tkazuvchan suvli qatlamlar bir-biridan va boshqa o‘tkazuvchan qatlamlardan mustahkamlovchi birikmalarni sifatli sementlash yo‘li bilan ajratiladi.
Qidiruv quduqlarida o‘tkazuvchan gorizontlarni «pastdan-yuqoriga» ketma-ket tekshiriladi va alohida sinaladi. Tekshirish ishlari tugagandan keyin gorizontni quduqda sement ko‘prigi o‘rnatish yo‘li bilan izolyatsiyalanadi. O‘rnatilgan ko‘prikning germetikligi va ishonchliligi majburiy tartibda tekshiriladi va natijalar ko‘p taraflama dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Qidiruv quduqlarini tugatish ishlari quduqlarni tugatishga doir barcha zarur materiallarni o‘rnatilgan tartibda puxta ko‘rib chiqilgandan keyin quduqlarni tugatish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.