Nazorat savollari 1.Texnologik sxemaning birinchi bo‘limi qanday masalalarni o‘z ichiga oladi?
2. Texnologik sxemaga grafik materiallar deganda nimani tushinasiz?
3. GEOSIni barpo etish va ishlatish maqsad nima?
YER OSTI GAZ OMBORLARINI ISHLATISHDA ATROF-MUXIT MUXOFAZASI Reja 18.1. Quduqlarni burg‘ilashda yer osti boyliklarini muhofaza qilish 18.2. GEOSIni ishlatishda yer osti boyliklarini muhofaza qilish 18.3. Quduqlarni kapital ta’mirlashda yer osti boyliklarini muhofaza qilish 18.4. Havo basseynining ifloslanishini oldini olish Adabiyotlar (1,4,7,8,12)
18.1. Quduqlarni burg‘ilashda yer osti boyliklarini muhofaza qilish GEOSIni barpo etish va ishlatishda yer osti boyliklarini muhofaza qilishning vazifalari gaz va qatlam energiyasining yo‘qotilishlarini oldini olishdan iborat. Bu vazifa GEOSI uchun joy qidirish, uni barpo etish va sanoatda ishlatish bosqichlaridagi tashkiliy va geologik-texnik tadbirlar majmuasi yordamida hal qilinadi.
Barpo etilayotgan va faoliyat ko‘rsatayotgan GEOSIda turli texnologik maqsadlar uchun mo‘ljallangan quduqlarni burg‘ilash, jihozlash va ishlatishga bevosita yoki bilvosita aloqador bo‘lgan geologiya-qidiruv, gaz qazib chiqaruvchi va transport qiluvchi tashkilotlarning rahbar va muhandis-texnik xodimlari yer osti boyliklarini muhofaza qilish uchun zarur choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha asosiy mas’ul shaxslar hisoblanadilar.
Quriladigan yoki faoliyat ko‘rsatayotgan GEOSI maydonida quduqlarni burg‘ilashdagi ishonchli germetikligi, yutilish va o‘pirish oraliqlarining berkitilishi, o‘tkazuvchan gorizontlarni bir-biridan ajratilishi, kollektor-qatlam (uyum)ning to‘g‘ri ochilishi, texnik va ishlatish birikmalarining sifatli holati, uzluksiz gaz haydash va olish, ochiq favvoralar, gazning oqib ketishi va boshqa turdagi murakkabliklarni oldini olish uchun sharoitlar yaratish maqsadida quduq og‘zidagi barcha tugun va bog‘lamalarning mustahkam va germetik holda mahkamlanishi lozim.
GEOSIni barpo etish va ishlatish bo‘yicha ishlar gazga to‘yingan qatlam (uyum)larni o‘tkazuvchan suvli gorizontlardan ishonchli ajratilgan hollardagina bajarilishi mumkin. Suv o‘tkazuvchanligi yuqori qatlamlar yoki birikma ortidagi nogermetik muhitdan suv o‘tishi natijasida kollektor-qatlamni barvaqt suvlanishiga qarshi chora-tadbirlar qabul qilinadi. Asosiy e’tibor faoliyat ko‘rsatayotgan va to‘xtatib qo‘yilgan quduqlarning tanasi bo‘ylab qatlamlararo gaz oqib o‘tishini oldini olishga qaratiladi. Burg‘ilangan ishlatish quduqlarining uzoq vaqt to‘xtab turishiga yo‘l qo‘yilmaydi.