Ta’lim texnologiyasi – ta’lim maqsadiga erishish jarayonining umumiy mazmuni, ya’ni avvaldan loyihalashtirilgan ta’lim jarayonini yaxlit tizim asosida, bosqichma-bosqich amalga oshirish, aniq maqsadga erishish yo‘lida muayyan metod, usul va vositalar tizimini ishlab chiqish, ulardan samarali, unumli foydalanish hamda ta’lim jarayonini yuqori darajada boshqarishni ifodalaydi.
O‘qituvchining samarali faoliyat ko‘rsatishga undovchi darsning metodik ishlanmasidan farqli o‘laroq, ta’lim texnologiyasi o‘quvchilar faoliyatiga nisabatan yo‘naltirilgan bo‘lib, u o‘quvchilarning shaxsiy hamda o‘qituvchi bilan birgalikdagi faoliyatlarini inobatga olgan holda, o‘quv materiallarini mustaqil o‘zlashtirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
Pedagogik texnologiyaning markaziy muammosi – o‘quvchi shaxsini rivojlantirish orqali ta’lim maqsadiga erishishni ta’minlashdan iborat.
Xalq xo‘jaligining moddiy ishlab chiqarishga asoslangan sohalarida qo‘llanilayotgan texnologiyalar mohiyatini o‘rganish hamda muammo doirasida nashr etilgan risolalar mazmuni bilan tanishish «pedagogik texnologiya» ta’lim-tarbiya faoliyatining yaxlit jarayoni to‘g‘risidagi fan ekanligini e’tirof etish imkonini berdi. Pedagogik texnologiyaning quyidagi tarkibiy unsurlari uning asosini belgilashga xizmat qiladi (1-shakl):
1-shakl. Pedagogik texnologiyaning tarkibiy unsurlari
Pedagogik texnologiyaning mezonlari Ta’lim shakllari, usullari, uslubiy tizimlari xususiy metodikalar ko‘rinishida hosil bo‘lgan bo‘lib, ular takomillashib borishi jarayonida texnologiyaga o‘sib o‘tadi.
Texnologiya universal xususiyatga ega bo‘lib, uni har bir mutaxassis tomonidan amalga oshirish, bir xil darajada bajarish va ko‘zda tutilgan maqsadga erishish mumkin. Uning metodikadan asosiy farqi shundaki, metodika o‘qitish usullari va yo‘llarining ma’lum shaxs uchun qulay bo‘lgan majmuasidan iborat. Metodika o‘qituvchining bilim, ko‘nikmalari, mahorati, shaxsiy sifatlari, temperamentiga bog‘liq. Buni dasturlashtirilgan ta’lim texnologiyasi bilan V.F.Shatalovning tayanch signallar konspektlari vositasidagi jadal (intensiv) o‘qitish metodikasi orasidagi farqni solishtirishda ko‘rish mumkin.
Shu asosda texnologiyalarning asosiy mezonlarini quyidagicha belgilash mumkin:
1. Ma’lum ilmiy asosga, kontseptsiyaga tayanish.
Tizimlilik, o‘quv-tarbiya jarayoni va uning qismlarining o‘zaro mantiqiy bog‘liqligi.
Samaradorligi, ta’lim standartlariga erishishni kafolatlashi, sarflash talab qilinadigan vaqt, kuch va vositalarning me’yor darajasida ekanligi.
4. Boshqalar tomonidan qayta amalga oshirish mumkinligi.
Ta’limning kafolatlangan natija beradigan texnologik jarayonini yaratish yo‘lidagi dastlabki qadam 60-yillarda yaratilgan programmalashtirilgan ta’lim bo‘lgan edi. Bunda o‘quvchi to‘liq o‘zlashtirguncha bajarishi lozim bo‘lgan barcha vazifalar aniq ketma-ketlikda batafsil ishlab chiqilgan dastur tuziladi.
Bu dastur ta’lim maqsadida ko‘zda tutilgan sifatdagi bilim va ko‘nikmalarni har bir o‘quvchi o‘zlashtirishini kafolatlashi lozim. O‘zlashtirish jarayonining borishi haqida o‘qituvchi bilan birga o‘quvchining o‘ziga ham axborot etib turadi. O‘quvchi mantiqiy bog‘langan qisqa vazifalarni ma’lum ketma-ketlikda bajarish orqali deyarli xatolarsiz asosiy maqsadga etib bora oladi.
Bunday texnologiya o‘quv jarayonini to‘liq nazorat qilish imkoniyatini hosil qiladi. Bunda mantiqiy bog‘langan qisqa vazifalar ketma-ketligi ta’lim jarayonining algoritmini hosil qiladi. O‘quvchi va o‘qituvchi faoliyatining shunday algoritm asosida tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan maqsadga erishishni kafolatlaydi. Ta’lim jarayonining shunday tartibda tashkil qilinishini hozirda to‘liq ma’noda pedagogik texnologiya deb atash mumkin.
Pedagogik texnologiya ta’lim oluvchilar va tarbiyalanuvchilarga pedagoglar tomonidan kasbiy pedagogik maqsadlarni amalga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatilishini tashkil qilish tizimini belgilaydi.
Pedagogik texnologiya pedagogik faoliyatni aniq maqsadlar asosida tashkil qilish hamda uning texnologikligini nazorat qilish imkoniyatini beradi.
Pedagogik texnologiya tizimi pedagogik maqsadlarning aniq amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Texnologik tizimning asosiy belgisi kutilgan natijaga erishishni kafolatlash bilan ajraladi. Buning uchun asosiy maqsadga erishishning har bir bosqichida bajarilishi lozim vazifalar, buning uchun talab qilinadigan vositalar hamda metodlar aniq modullar yoki algoritmlar hosil qiladi.
Notexnologik tizim (xususiy metodikalar)da esa kutilgan natijaga erishish kafolatlanmaydi.
Pedagogik texnologiya ratsional asosdagi ilmiy mezonlarga asoslangani holda uning yanada rivojlanishida intuitiv (empirik) bilimlar ham ahamiyatga ega. Shu ma’noda texnologiyani ma’lum ma’noda san’atga qiyos qilinadi. Chunki san’at intuitsiyaga asoslangan, texnologiya esa fanga asoslanadi. Lekin juda ko‘p faoliyat sohalari dastlab san’atdan boshlanadi va texnologiya bilan tugaydi. So‘ngra hammasi boshidan boshlanadi. Pedagogik texnologiyaning rivojlanish jarayonlarida ham ushbu holatlarni kuzatish mumkin. Fanga muvofiq qurilgan pedagogik amaliyot pedagogik texnologiyadir.
O‘quvchilar va ta’lim beruvchilarning o‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchilarda avvaldan belgilangan sifatlarning shakllanishiga olib keladigan izchil amaliy faoliyatlarini pedagogik texnologiya deb hisoblash mumkin.
Pedagogik texnologiya (yoki ta’lim texnologiyasi) bor-yo‘g‘i va eng asosan ta’lim oluvchi yoki tarbiyalanuvchining ta’lim-tarbiya jarayonida qanday faoliyatni va qanday darajada amalga oshirishidan iborat.
O‘quvchining o‘rganilayotgan materialni (mazmunni) sifatli o‘zlashtirishini ta’minlovchi izchil amaliy faoliyati ta’lim texnologiyasi bo‘lishi mumkin.