Tayanch iboralar: qiymat va narxning hamda ular shakllanuvchi bozorlarning ekvivalentligi va korrelacion bog’liqligi, virtual indikativ bozor va undagi gipotetik (V-P)-muhit, tuzilmaviy model, makroregulyator konsepsiyasi.
1. Mulk qiymati va narxining hamda ular shakllanuvchi bozorlarning ekvivalentligi va bog’liqligi
Mulk qiymati va narxining hamda ular shakllanuvchi mulk qiymatini baholash xizmatlari bozori va mulk bozorini ekvivalent kategoriyalar ekanligi to’g’risidagi gipoteza 1-7-mavzularda berilgan fikr va hulosalarga asoslangan quyidagi argumentlarga va 11-ilovada berilgan matematik va faktologik isbotlarga tayanadi.
Dunyoda bo'lib o'tgan 2007 yildagi ipoteka (sharov) inqirozi va uning natijasida yuzaga kelgan “domino” effekti singari kelib chiqqan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi (JMII) sabab-oqibatlari va 1-7-mavzularda berilganlar asosida quyidagi gipoteza o'rinli: “Mulk (mulkiy huquq) bozor qiymati ularning bozor narxi emasligiga qaramay ular o'zaro ekvivalent bo'lib, ularga turli omillar baravariga ta'sir qiladi, mos ravishda mulk qiymatini baholash xizmatlari bozori (MQBHB)da baholangan qiymatlar mulk bozori (MB)da shakllangan narxlarga va aksincha narxlar qiymatlarga transformatsiyalanadi, natijada ular miqdori dinamik o'zgarishi tendentsiyalari o'zaro sinxron kechadi, demak, ular uzviy bog’liqlikda o'zaro ekvivalent bo'ladi”.
Ushbu gipotezaning nazariy izohini ijtimoiy-iqtisodiy sistemologiyaga asoslangan zamonaviy mulk to’g’risidagi multifan qoidalariga va 1-7-mavzularda berilgan fikr va xulosalarga asoslangan holda berish mumkin. Chunki, ularga ko'ra MB va MQBHB o'zaro bog’liqlikda qaraladi. Bu esa ilmiy nuqtai nazardan ushbu bozorlarda iqtisodiyot qonunlari va kategoriyalari hukm suradi.
Mulk bir vaqtning o'zida MQBHB va MB ob'ekti bo'lganligi bilan, bu bozorlar tuzilmaviy va mazmunan farqlanadi. Bu farq 5.1.1-rasm va 7.1.1-rasm ko'rinishida ifodalangan tuzilmaviy-funktsional shemalarning shaklan va ularning har biriga mos faoliyat mexanizmdagi farqlar bilan izohlanadi va quyidagilar asosida namoyon bo'ladi.
Mulk qiymatining xususiyatlaridan biri shundaki, odatda bu qiymat MQBHBda o'ziga hos yondashuv va usullar asosida mahsus baholovchi firmalar tomonidan holisona baholanib, keyin MBning savdo-sotiq jarayoniga boshlang’ich (start) narx sifatida qabul qilinadi (ya'ni qiymat narxga transformatsiyalanib MBga transferlanadi). Bunda bu narx faqat MB ob'yektiv kon'yunkturasi (talab va taklif) asosida bozor narxiga aylanadi. O'z navbatida, mulkning ob'yektiv bozor narxi omil sifatida ushbu mulkning MQBHB qiymatiga ta'sir ko'rsatadi. Ideal holda MBdagi talab va taklif (kon'yunktura) asosida shakllangan mulkning bozor narxi va mazkur mulkning MQBHBda belgilangan qiymati ba'zi vaqtda bir-biriga tasodifan teng bo'lishi mumkin. Ammo, bunday tasodifan ideal holat amaliyotda kamdan-kam vujudga keladi, agarda bu holat vujudga kelsa ham, turli omillar ta'siri ostida tezda bozor kon'nkturasi ushbu muvozanat holatini buzadi. Aynan shunday tasodifan ideal holat MQBHBda baholangan qiymat va MB narxi o'rtasidagi ideal ekvivalentlilik demakdir. Bunday ideal holatdan boshqa holatlarda ushbu bozorlardagi qiymat va narx tendentsiyalari sinhron bo'lganligi ularning bog’liqligini (3-mavzu), mos ravishda mazmunan va miqdoran farqlanuvchi lekin o'xshash (ya'ni analog, ekvivalent) substanciyalar ekanligini, bildiradi.
MQBHBda baholangan mulk qiymati MB narxiga va aksincha bu narxni MQBHB qiymatiga transformatsiyalanishi (3.2.1-rasm), bunda har bir bozorning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, ulardagi tendentsiyalar omillar ta'sirini o'zida turlicha (o'zgacha) namoyon qilishi, ular orasidagi ekvivalentlilikni - ideal holatni - kamdan-kam vujudga kelishiga sabab bo'ladi.
Yuqoridagi fikr-mulohazalar asosida aytish mumkinki, umuman olganda mulk qiymati uning narxi emas. Lekin ular bo'yicha ideal holatda vaqtinchalik (qisqa vaqt dikretasi ichida) tasodifiy muvozanat (tenglik) vujudga kelishi mumkin. Zero, bunday ideal holatda qiymat va narxni aynan bir hil tushuncha deb qarab bo'lmaydi. Ammo mulkning qiymati va narxini alohida olganda har biri o'zida omillar ta'sirini o'zgacha namoyon qilishiga qaramasdan ularning bir-biriga bevosita bog’liq holda o'zaro transformatsiyalanishi (3.2.1-rasm) ular o'rtasidagi ekvivalentlik (analogiya, aynan teng emas) xususiyati mavjudligidan dalolat beradi.
Shunday qilib, yuqoridagilar asosida qiymatning narx emasligi, lekin ularni ekvivalentligi qoidasi ma'noga egaligi kelib chiqadi. Mos ravishda, o'z-o'zidan mulk qiymati va narxi o'rtasida o'zaro ekvivalentlilik darajasini ta'minlash muammosini kelib chiqadi.
Mazkur muammoning echimi sifatida, hech bo'lmasa ideal holatga yaqin bo'lgan chegara (spred) ichida, mulk qiymati bahosi va narxiga erishish yo'lini tanlash mumkin. Bunda mulkning qiymati va narxi ekvivalentligini ta'minlash jarayonida ular mutanosibligining buzilish riski me'yor darajasida bo'lishi va bunda davlatning regulyativ aralashuvi zarur. Zero ekvivalentlilikni buzilishi quyidagilarga olib keladi:
1) agarda mulkning MQBHBdagi qiymati bahosi va MBdagi narxi o'rtasidagi tafovut ularning ikkinchisi foydasiga haddan tashqari ko'p bo'lsa, u holda MQBHBdagi qiymat bahosi MB tomonidan baland narxlangan bo'ladi, ya'ni bu holat real aktiv (qiymat) bo'yicha “puffak” hosil bo'lganini bildiradi;
2) agarda mulkning MQBHBdagi qiymati bahosi va MBdagi narxi o'rtasidagi tafovut ularning birinchisi foydasiga bo'lsa, u holda MQBHB bahosi MB tomonidan past narxlangan bo'ladi, ya'ni bunda mulkning bozor narxlarida mulkni “qadrsizlanishi” holati vujudga keladi.
Bunda mulkning sarfqiymati mulkni qiymati va narxining boshlang’ich asosi (bazisi) hisoblanadi. Chunki ushbu bazis mulk qiymatini holis baholovchi tomonidan hisoblab aniqlanishida va MBda bozor narxini talab va taklif asosida shakllanishida mulkiy munosabatlar ishtirokchilari tomonidan ?isobga olinadi.
Yuqorida aytilganidek, mulk qiymatining MQBHBdagi bahosi va MBdagi narxi orasidagi ekvivalentlilikni ta'minlash ushbu bozorlarni davlat tomonidan kompleks muvofiqlashtirish va nazorat qilinishi (tartibga solinishi, regulyaciya qilish)ni talab qiladi. Bunday talab umuman olganda har qanday turdagi MB va MQBHBni bir-biri bilan bog’liqlikda kompleks ravishda tartibga solinishi zarur degan fikrni bildiradi. Bunda makroiqtisodiy nuqtai nazardan har ikkala bozorni kompleks tartibga solish va buning asosida ularning ekvivalentliligini ta'minlashda davlat (ya'ni uning vakolatli organlari)ning regulyativ funksiyasi muhim rol o'ynaydi.
Mulk ob'yektlarining boylik, ne'mat bo'lishi, nafliligi, foyda (yoki zarar) keltirish hossalariga ega ekanligini bildirganligi, ne'matni unga ekvivalent bo'lgan ikkita (huquqiy va iqtisodiy) fantomlari orqali ifodalanishi va faqat iqtisodiy fantomlari yordamida sifatiy va miqdoriy baholanishini talab etadi. Aynan shular fuqarolik huquqlari ob'yektlari va ularning har ikkala turdagi (huquqiy va iqtisodiy) fantomlarini mulk bozorida (MB) va mulk qiymatini baholash xizmatlari bozorida (MQBHB) ijtimoiy-iqtisodiy-informatsion-huquqiy munosabatlar ob'yektining ekvivalentlari sifatida qaralishini taqazo etadi. Ushbu bozorlar bir-biri bilan ekvivalent bog’liqlikda va har biriga alohida mos keluvchi ijtimoiy-iqtisodiy-informatsion-huquqiy mexanizm bilan ta'minlangan bo'ladi, mulklarning zaruriy hajmi, qiymati va narxini shakllantirish bilan bog’liq munosabatlarni maqsadli amalga oshirilishiga yordam beradi. Aynan bu bozorlarning ekvivalent bog’liqligi ularni bilvosita (gipotetik ravishda) mulk qiymati baholari va narxlari bozori sifatida qarash mumkinligini bildiradi. Ushbu bozorlar (ya'ni MB va MQBHB) faoliyat mehanizmlari ularning ishtirokchilari tomonidan birgalikda (ularning har birini alohida nafli, manfaatli maqsadlari doirasida) harakatga keltiriladi.
Huquqiy va iqtisodiy fantomlarning manbai (bazisi) bir (ya'ni, ne'mat, fuqarolik huquqlari ob'yektlari, boylik) bo'lgani uchun ular bir-biri bilan ekvivalent hisoblanib mulkiy munosabatlarga ta'sir ko'rsatadi.
Multifan doirasida ekvivalentlilik tushunchasi qiymat va narx tabiatan (mazmunan) turli kategoriya ekanligini (qiymat - narx emasligini), ularning o'xshash(analog)ligini va har doim teng emasligini nazarda tutadi, real qiymat va ob'yektiv narxga bog’liq baholanuvchi adolatli qiymat tushunchasiga asoslanadi.
Ne'mat (qimmat, qiymat va narxga ega mulkiy huquqlar sifatidagi boylik) nazariyasi ijtimoiy-iqtisodiy sistemologiyaning muhim yo'nalishlaridan bo'lmish mulk to’g’risidagi multifanga asoslanadi. Shuning uchun ham, “ne'mat-fantom-mulkdor” uchligi g’oyasi o'zaro uzviy (ajralmas) bog’langan N - ne'mat (turfalangan moddiy va nomoddiy shakllardagi boylik), uning ekvivalentlari bo'lmish huquqiy fantomlari (H) va iqtisodiy fantomlari (I), instinktiv nafs omili yetakchiligida sotsiumda ongli ravishda nafli (o'zi uchun manfaatli, foydali) faoliyat hisobiga hayot ko'ruvchi mulkdor inson oliy hazratlari (NM) - yahlit birligidan iborat. Zero, falsafiy nuqtai nazardan, yorug’ dunyoda maqsadli orzu-havassiz, nafli ne'mat hohish-istagisiz mulkdor insonning o'zi bo'lmagan! Chunki, bu dunyoning jonli va jonsiz materiyasi benafs yaratilmagan, ularning nafsi bir-biriga bog’liq yaratilgan!
Inson nafsi nazariga vaqtinchalik tushmagan yoki undan yiroq ne'mat mulkdor nafi uchun mazmunga ega bo'lmagan hech qanday fantomsiz materiyaligicha qoladi. Bu fantomlar faqat inson nafsiga asoslangan nafli mulkiy munosabatlar mavjud bo'lganidagina ma'noga ega bo'lib, ular o'z bazisidan (konkret shakl va mazmundagi mulkiy huquq sifatidagi ne'matdan, boylikdan, qimmat, qiymat va narx kategoriyalaridan) alohida mavjud emas. Demak, mulkdor o'zining nafsiga va manfaatiga mos qiymatli va narxli ne'matga ega (mulkdor) bo'ladi degan printsip (tamoyil) o'rinli. Bu tamoyil negizida o'z-o'zidan mulkdorning manfaatli nafsi va unga mos manfaat beruvchi boylik sifatidagi ne'mat(mulkiy huquq)ni o'zaro ekvivalent kategoriyalar deb qabul qilishimiz mumkin bo'ladi. Zero, bunda boylikning qimmati, qiymati va narxisiz manfaatni o'lchab bo'lmaydi. Ushbu hayotiy-falsafiy aksiomaga ko'ra, ne'mat (qimmat, qiymat va narxga ega mulkiy huquqlar sifatidagi boylik), huquqiy va iqtisodiy fantomlar vujudga kelishining umumiy manbai NM bo'lsada, lekin bularning barchasini umumiy sababchisi nafs va unga mos manfaatlar omilidir.
NMning ne'matga bo'lgan nafiga asoslangan huquqiy fantomlar (HF) ushbu ne'mat bilan bog’liq huquqlar bog’lamiga ekvivalent substantsiyalar, iqtisodiy fantomlar (IF) esa HFlarga ekvivalent substantsiyalar.
Zero, IF ne'matga bo'lgan NM huquqlaridan olinishi mumkin bo'lgan naf(zarar)ning sifatiy va miqdoriy o'lchovini ta'minlovchi substantsiya hamdir bo'lganligi uchun quyidagi mantiqiy xulosalar o'rinli:
“IF - N” va “HF - N” ekvivalent juftliklar bo'lgani uchun “IF - HF” juftligi ham ekvivalent substantsiyalardir, demak, N, IF va HF o'z-o'zidan NMga ekvivalent bo'lib, mulkdor nafsiga asoslangan naf(foydalilik, manfaat)ning hosilalaridir;
N va uning HF fuqarolik huquqlar ob'yektlari (FHO) sifatida ularga ekvivalent bo'lgan IF yordamida FHO xossalariga mos ravishda mulk qiymati va narxi bozorlarining ob'yektlari sifatida namoyon bo'ladi, shu munosabat bilan, mazkur bozorlar IF yordamida qiymat va narxning bir-biriga transformatsiyalanishi muhiti deb shartli qabul qilinadi;
NM hamda “MB-MQBHB” juftligi ishtirokchilari o'zlarining N, HF va IF bilan bog’liq mulkiy (ijtimoiy-iqtisodiy-informatsion-huquqiy) munosabatlarini amalga oshirish faoliyati bilan mulkchilik tizimini harakatga keltiradilar.
MQBHB orqali baholangan qiymatsiz mulkning huquqiy va iqtisodiy fantomlarini boshqarish, MB savdo jarayonida va mulkdor(M)larning joriy faoliyatida mulkiy munosabatlarni samarali amalga oshirish va ishonchli biznes (jumladan, investitsion) qarorlar qabul qilish mumkin emas. Lekin, 7.2-ma'ruzada aytilganidek, MB va MQBHB bir birining o'zaro bog’liqlikdagi faoliyatisiz ma'noga ega emasligi, bu bozorlar faqat birgalikda 5.3.1-rasmdagi model bo'yicha mulkiy huquqlar sub'ektlari(mulkdorlar)ning FHO bo'yicha mulkiy munosabatlari amalga oshirilishini ta'minlashi sababli, “MB-M-MQBHB” triadasi iqtisodiyotda markaziy o'ringa, demak, muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan, umuman olganda, MQBHB (faqat MB bilan birgalikda, ya'ni, “MB-MQBHB” juftligi sifatida) va real iqtisodiyotning (faqat Mulkdor bilan birgalikda) o'zaro makroregulyativ bog’liqligini ijtimoiy-iqtisodiy sistemologiya qoidalari asosida 5.5.1-rasmda berilgan makrotuzilmaviy modelga shaklan o'xshash, lekin mazmunan kengroq, 7.3.1-rasmdagidek ifodalab talqin qilish mumkin. Bunda “MQBHB-MB” juftligi va milliy real iqtisodiyot (MRI) va Mulkdor (ya'ni, “MRI-M” juftligi) kompleks tartibga solinuvchi murakkab tizim sifatida ifodalanadi.
Umuman “MQBHB-MB” juftligi undagi qiymat va narxlar yordamida mulkni ijtimoiy-iqtisodiy-huquqiy-informatsion munosabatlar vositasi, kapital va tovar sifatidagi bozor muomalasini amalga oshirish funktsiyasini bajaradi. “MRI-M” juftligi mulkni uning qiymati va narxlariga asosan ishlab chiqarish va tarkroran ishlab chiqarish jarayonlaridagi muomalasini amalga oshirish funktsiyasini bajaradi. Makroregulyator (MR) esa umumiy regulyativ muvozanatlashtirish funktsiyasini bajaradi.
Mohiyatiga ko'ra 7.3.1-rasmdagi model regulyatsiyali o'z-o'zidan rivojlanuvchan murakkab dinamik tizim hisoblanib, unda “MQBHB-MB” juftligi eng ideal holatda “MRI-M” juftligi bilan ekvivalent bo'ladi, demak, “MRI-M” juftligi holatini va u orqali mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy hayotda ro'y berayotgan barcha voqea-hodisalarni ekvivalent ravishda (“barometr” sifatida) aks ettiradi. Fikrimizcha, faqat shundagina “MB-MQBHB” va “MRI-M” juftliklarida sodir bo'luvchi jarayonlarning o'zaro uyg’unligi, muvofiqligi va barqarorligini makroregulyativ ta'minlash mumkin. Mos ravishda, “MB-MQBHB” va “M-MRI” juftliklari davlatning zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy siyosati doirasida o'zaro ekvivalent uzviy bog’liqlikda qaralishi zarur.
Share with your friends: |