Morfologik mezon. Morfologik mezon bir turga kiruvchi individlarning tashqi va ichki tuzilishining o'xshashligini ifodalaydi. Qora qarg'a va ola qarg'a, karam kapalagi va qichitqio't kapalagi har xil turlarga mansubUlarni siz morfologik xususiyatlari asosida farqlay olasiz. Chittaklar oilasiga mansub turlarni ham morfologik mezon asosida aniqlash mumkin (76-rasm).
Lekin birgina morfologik mezonning o'zi bir turni boshqa turdan farq qilish uchun yetarli emas. Bir turga kiruvchi organizmlar ham ba'zi morfologik belgi-xossalari bilan o'zaro farq qiladi. Bir turga mansub erkak va urg'ochi jinsli organizmlar o'rtasidagi jinsiy dimorfizm hodisasini ko'rish mumkin (77-rasm). Shu bilan bir qatorda morfologik jihatdan bir-biriga juda o'xshash, lekin o'zaro chatishmaydigan turlar ham uchraydi.Ular qiyofadosh turlar deyiladi. Chunonchi, drozofilada 2 ta, bezgak chivinida va qora kalamushda ham 2 ta qiyofadosh turlar ma'lum. Qiyofadosh turlar suvda hamda quruqlikda yashovchilar, reptiliyalar, qushlar, hatto sutemizuvchilarda ham aniqlangan. Morfologik mezon turlarni aniqlashda uzoq vaqt asosiy va yagona o'lchov hisoblangan.
Fiziologik mezon bir turga mansub individlarda hayotiy jarayonlar: oziqlanish, nafas olish, ayirish, o'sish, ko'payish, rivojlanishning o'xshashligini aks ettiradi. Aslida har xil tur vakillari bir-biri bilan chatishmaydi, chatishsa ham nasl bermaydi yoki nasli bepusht bo'ladi. Turlarning chatishmasligi jinsiy organlar tuzilishidagi farqlar, ko'payish muddatlarining turlicha bo'lishi va boshqa xossalari bilan izohlanadi. Lekin tabiatda ayrim turlar, masalan, kanareykalarning har xil turlari, terak va tollar, it va bo'ri o'zaro chatishishi hamda nasl berishi mumkin. Bu o'z-o'zidan fiziologik mezon ham turlarning bir-biridan farq qilishi uchun yetarli emasligini ko'rsatadi.
Biokimyoviy mezon. Har xil turga kiruvchi organizmlar o'zining kimyoviy tarkibi, oqsil, uglevod, nuklein kislotalar va boshqa organik moddalari bilan farq qiladi. Lekin asosiy farq har bir tur uchun xos irsiy material (DNK, RNK) va hujayradagi oqsillarning sifati va miqdorining o'ziga xosligidadir.
Organizmlarning qaysi turga mansubligini aniqlash uchun ulardagi nuklein kislotalari farqini belgilash hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishi mumkin.