[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.02.00 Ta’lim tizimini boshqarish]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining
Qarori
Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini ilg‘or xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish hamda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini mustahkamlash maqsadida:
1. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Qurilish vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Toshkent arxitektura-qurilish institutini Toshkent arxitektura-qurilish universiteti etib qayta tashkil etish va uni muhandislik, arxitektura, qurilish hamda qurilish materiallari texnologiyalari yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish;
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti etib qayta tashkil etish hamda uni madaniy meros obyektlarini tiklash, dizayn, arxitektura, qurilish, urbanizatsiya va muhandislik yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish;
Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetini (keyingi o‘rinlarda — Universitetlar) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazish.
2. Quyidagilar Universitetlarning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
arxitektura-qurilish va muhandislik sohalarida xalqaro kasb standartlari asosida oliy ma’lumotli mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim
tizimini yaratish;
o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, talabalarning kasbiy kompetensiyalarni chuqur egallashini ta’minlash;
professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va magistrantlarning xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalarida ilmiy stajirovka o‘tashi va malaka oshirishi, shuningdek, talabalar almashinuvi dasturlari asosida tahsil olishini
tashkil etish;
ta’lim va tadqiqotni uyg‘unlashtirish orqali iqtisodiyot tarmoqlari uchun ilg‘or innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda ularning transferi bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish;
qurilish muhandisligi, arxitektura, dizayn va shaharsozlik yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish va ishlanmalarni tijoratlashtirish, ta’lim, fan va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash;
ta’lim-tarbiya jarayonlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida olib borish, talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy
fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat va sadoqat, xalq manfaatlari uchun xizmat qilish tuyg‘usi bilan yashaydigan kadrlarni tarbiyalash.
3. Universitetlarda ta’lim jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish bo‘yicha Istanbul texnika universiteti va Yildiz texnika universiteti hamda boshqa nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan muzokaralar olib borilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Universitetlarda ta’lim tizimini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish va ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini rivojlantirish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirilsin:
a) ta’lim tizimini takomillashtirish yo‘nalishida:
o‘quv jarayonlari davlat, ingliz va boshqa xorijiy tillarda kredit-modul tizimi asosida olib boriladi;
talabalarning kasbiy va shaxsiy kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida individual ta’lim trayektoriyasi ishlab chiqiladi;
xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi;
fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, bakalavriatning so‘nggi ikki bosqichida tahsil olayotgan talabalar uchun turdosh ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi;
talabalarning arxitektura, qurilish, muhandislik, dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro kasbiy sertifikatlarni olishi yo‘lga qo‘yiladi;
b) ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish yo‘nalishida:
ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshirishga yo‘naltirilgan Oliy ilm-fan maktabi tashkil etiladi;
mentorlik modeli asosida kafedralarning nufuzli xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi;
Universitetlarga ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar tuzish va ularning tarkibini
tasdiqlash huquqi beriladi, ushbu kengashlar tomonidan ilmiy daraja va ilmiy unvonlarni mustaqil berish yo‘lga qo‘yiladi;
mutaxassislik kafedralari huzurida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tarmoq korxonalari buyurtmalari asosida xizmat ko‘rsatish hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirishga xizmat qiluvchi tadqiqot va rivojlanish markazlari tashkil etiladi. Bunda, tadqiqot va rivojlanish markazlarining ilmiy mahsulotlarni tijoratlashtirishdan ishlab topgan mablag‘lari to‘lig‘icha ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, laboratoriyalarni tashkil etish hamda professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish uchun sarflanadi;
v) ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini rivojlantirish yo‘nalishida:
mutaxassislik kafedralari tarmoq korxonalari, tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga biriktiriladi hamda hamkorlikda professor-o‘qituvchilar va iqtidorli yuqori kurs talabalarining amaliy ko‘nikmalarini oshirish, tadqiqot natijalarini sinovdan o‘tkazish va ilmiy loyihalardagi ishtiroki yo‘lga qo‘yiladi;
iqtidorli bitiruvchi kurs talabalari tanlov asosida “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishi hamda homiylik va Universitetlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bitiruv oldi amaliyotini nufuzli xorijiy kompaniyalarda o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi;
yuqori kurs talabalari va magistrantlar ish haqi to‘lanadigan tizim orqali band qilinadi hamda ular respublika hududlarida amalga oshirilayotgan qurilish loyihalariga jalb etiladi;
talabalar tomonidan startap va biznes loyihalarni tayyorlash, ilmiy loyihalarda ishtirok etish, tadqiqot natijalarini sinovdan o‘tkazish tarmoq tashkilotlari hamkorligida amalga oshiriladi.
4. 2023-yil 1-yanvardan boshlab Universitetlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilsin.
Bunda, Universitetlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-son va “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-son qarorlari normalari tatbiq etiladi.
5. Quyidagilar:
Universitetlarni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
Universitetlarni 2025-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 3 va 4-ilovalarga muvofiq;
Universitetlarning mutaxassislik kafedralarini hududdagi tarmoq korxonalari, tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga biriktirish jadvali 5 va 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Universitetlarda kuzatuv kengashlari tashkil etilsin va ularning tarkibi 7 va 8-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
6. Universitetlar tuzilmasida Strategik rivojlantirish bo‘yicha birinchi prorektor lavozimi joriy etilsin va quyidagilar uchun mas’ul etib belgilansin:
universitetni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlash;
universitetning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari o‘quv dasturlarini nufuzli xalqaro tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tkazish;
universitetni xalqaro tan olingan reyting tashkilotlarining ro‘yxatiga kiritishga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
universitetning o‘quv, ilmiy, ma’muriy va moliya-xo‘jalik jarayonlarini to‘liq raqamlashtirishni tashkil etish;
universitet brendini yanada ommalashtirish, unda olib borilayotgan akademik, ilmiy va ma’rifiy jarayonlarni milliy va xalqaro maydonda keng targ‘ib etish.
7. Universitetlarning kuzatuv kengashlari (O. Abduraxmanov):
a) bir oy muddatda Strategik rivojlantirish bo‘yicha birinchi prorektor lavozimlariga malakali mutaxassislarni jalb etsin;
b) ikki oy muddatda:
Universitetlar professor-o‘qituvchilarini tanlov asosida ishga qabul qilish, ular bilan muddatli shartnoma tuzish tartibi hamda faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari (KPI)ni tasdiqlasin;
Universitetlarning qayta tashkil etilishi munosabati bilan professor-o‘qituvchilar, ma’muriy-boshqaruv va o‘quv-yordamchi xodimlar tarkibini tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin hamda Universitetlarga yuqori malakali, halol va tashabbuskor kadrlarni jalb etish choralarini ko‘rsin;
Universitetlar ilmiy kengashlari faoliyatini tashkil etish tartibini va Universitetlar mablag‘laridan foydalanish tartibini tasdiqlasin;
v) 2023-yil 1-martga qadar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini xalqaro ta’lim va kasb klassifikatorlariga muvofiq maqbullashtirsin;
g) Universitetlarni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida sifatli ta’minlash, rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish hamda xalqaro tan olingan reyting tashkilotlarining ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirsin va doimiy nazorat o‘rnatsin.
8. Belgilansinki, Universitetlarning transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar 2023-2024-yillar davomida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda maqsadli moliyalashtiriladi:
yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlarini joriy etish;
o‘quv dasturlarini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tkazish;
salohiyatli chet ellik va (yoki) vatandosh professor-o‘qituvchilarni shartnoma asosida
Universitetlarning boshqaruv, ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga jalb etish;
xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalariga ulanish va ulardan foydalanish;
professor-o‘qituvchilarni yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish.
Moliya vazirligi Universitetlar kuzatuv kengashlarining hisob-kitoblariga asosan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan zarur mablag‘larning ajratilishini ta’minlasin.
9. Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Texnopark tashkil etilsin va uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan texnologik va innovatsion g‘oyalarga yo‘naltirilgan startap loyihalarni yaratish hamda amaliyotga joriy etish;
arxitektura va qurilish sohasida raqobatbardosh energiya tejamkor qurilish materiallarini ishlab chiqarish va dasturiy xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirish;
yosh olimlarning ilmiy izlanishlari va maqsadli loyihalar doirasida milliy va xorijiy tashkilotlarning, shu jumladan ilmiy va ta’lim muassasalarining buyurtmanomalari asosida arxitektura, qurilish konstruksiyalari va materiallari, muhandislik kommunikatsiyalari, qurilish fizikasi va boshqa yo‘nalishlarda ilmiy tajriba va tadqiqotlar olib borish;
iqtisodiyot tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari mutaxassislari ishtirokida sohaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan
mahorat darslari, treninglar va malaka oshirish kurslari, shuningdek, ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish.
10. Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti huzurida Inkubatsiya markazi tashkil etilsin va uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
yosh olimlar, iqtidorli talabalar hamda professor-o‘qituvchilarning innovatsion va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;
talabalarni innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb etish, ularda boshlang‘ich tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish;
sohaga oid ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish, shartnoma asosida konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, xalqaro grantlar loyihalarini jamoaviy bajarish orqali milliy va xalqaro darajadagi muammolar yechimida ishtirok etish;
ilmiy-tadqiqot loyihalari va g‘oyalarini ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish orqali universitetni rivojlantirishga mahalliy va xorijiy investorlarni jalb etish va ular bilan o‘zaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish.
11. Texnopark va Inkubatsiya markazi tegishli universitet ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi va universitetning tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.
Bunda, Texnopark va Inkubatsiya markazi faoliyati ularning xo‘jalik faoliyatidan olinadigan daromadlari, mahalliy va xorijiy grantlar, Universitetlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
12. Toshkent shahar hokimligi va Samarqand viloyati hokimligi 2023-yil 1-mayga qadar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan tegishliligi bo‘yicha Texnopark va Inkubatsiya markazini Universitetlar kuzatuv kengashlari bilan kelishgan holda zarur vositalar bilan jihozlasin va ularning faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.
13. Arxitektura, qurilish, muhandislik
sohalari rahbar kadrlari, mutaxassislari va ishchi kasb egalarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida:
Toshkent arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi negizida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Kasbiy faoliyatni rivojlantirish markazi;
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Jizzax politexnika instituti qoshidagi Arxitektor-loyihachilar va quruvchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi negizida Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti huzurida Kasbiy faoliyatni rivojlantirish markazi tashkil etilsin.
Qurilish vazirligi arxitektura va qurilish sohasidagi tashkilotlar xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha buyurtmalarni shakllantirishga hamda ularni Universitetlarga taqdim etishga mas’ul hisoblansin.
14. Belgilansinki:
a) Universitetlarga tegishli litsenziya talablari va shartlarini bajargan holda, quyidagi litsenziyalanadigan faoliyat turlarini amalga oshirish huquqi beriladi:
uy-joy-xo‘jalik hamda sanoat qurilishi uchun obyektlar va komplekslar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
bino va inshootlarning texnik holatini tekshirish;
arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini asrashga doir faoliyat;
b) 2026-yil 1-yanvarga qadar davlat buyurtmachilari Universitetlar tomonidan amalga oshiriladigan quyidagi ishlar (xizmatlar)ni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilishi mumkin:
qurilish obyektlarini loyihalash uchun texnik topshiriqlarni tayyorlash;
qurilish uchun muhandislik-qidiruv ishlarini (geodeziya, geologiya, geotexnika qidiruvlari va boshqalar) amalga oshirish;
qurilish uchun loyihaoldi ishlarni (tarixiy, madaniy, antropologik, sotsiologik va ekologik tadqiqotlar)
bajarish;
qurilish obyektlarining eskiz (konseptual) loyihasini tayyorlash;
qurilish obyektlarining ishchi loyiha hujjatlarini (faqat I — III xavf-xatarlar toifalariga mansub bo‘lgan obyektlar uchun) ishlab chiqish;
moddiy madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarni amalga oshirish va ularni loyihalash;
v) Universitetlar:
o‘ziga tegishli bino va inshootlarni qurish, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlarining buyurtmachisi hisoblanadi;
buyurtmachi sifatida funksiyalarni bajarish doirasida mustaqil injiniring kompaniyalari va mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy kompaniyalarni jalb etishi mumkin.
15. Qurilish vazirligi shaharsozlik normalari va qoidalarini qayta ko‘rib chiqish, ularni amaliyotda qo‘llash bilan bog‘liq muammolarni tahlil qilish va xalqaro normativ-texnik hujjatlarga muvofiqlashtirish ishlariga shartnoma asosida Universitetlarni jalb qilish choralarini ko‘rsin.
16. 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Olmaliq arxitektura-qurilish texnikumi Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tasarrufiga, Samarqand arxitektura-qurilish texnikumi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti tasarrufiga o‘tkazilsin.
17. Belgilansinki, texnikumlarda:
ta’lim dasturlari tegishliligi bo‘yicha Universitetlar tomonidan xorijiy ta’lim dasturlari asosida mustaqil ravishda shakllantiriladi;
davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 50 foizni tashkil etadi;
to‘lov-kontrakt miqdori, uni to‘lash muddatlarini belgilash va kadr buyurtmachilari ehtiyojiga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul kvotasini shakllantirish Universitetlar kuzatuv kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.
18. Innovatsion rivojlanish vazirligi 2023 — 2025-yillarda Universitetlar professor-o‘qituvchilari, magistr va doktorantlarining belgilangan tartibda tanlov natijalariga ko‘ra xorijiy nufuzli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ilmiy stajirovkaga yuborilishini tashkil etsin.
19. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Universitetlarning bino va inshootlarini
rekonstruksiya qilish, zarur hollarda, yangi o‘quv binolari va talabalar turar joylarini qurish hamda ularni jihozlash loyihalarining 2023-yil va kelgusi yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin.
20. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
Prezident ta’lim muassasalari agentligi bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Universitetlar huzuridagi akademik litseylar o‘quv dasturlarini “International Advanced Levels” xalqaro dasturi asosida ishlab chiqish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Universitetlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, ta’lim-tarbiya jarayonlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida olib borish, talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni shakllantirish masalalarini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirsin;
Qurilish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulov, Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev va Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 8-noyabr,
PQ-416-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi PQ-416-son qaroriga
1-ILOVA
Toshkent arxitektura-qurilish universitetini transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish bo‘yicha
“YO‘L XARITASI”