I. Hissiyot to’g’risida umumiy tushuncha. Kishi biror nimani idrok va tasavvur qilganida, eslab qolganida va esga tushirganida, fikr qilganida va gapirganida hamda harakat qilganida biror yoqimli (hush) yoki yoqimsiz (nohush) holatni kechiradi, bu holat huzur qilish yoki ranjishdan, maza qilish yoki qiynalishdan iborat bo’ladi. Bu kechirmalarda odamning o’z tevarak-atrofidagi narsalarga (hodisalarga), odamlarga va o’ziga nisbatan sub’ektiv munosabati ifodalanadi. Yoqimli yoki yoqimsiz kechinma hissiyotimizning (emotsiyalarimiznnig) birinchi belgisi va elementidir.
Voqelikning ayrim hodisalari kishini quvontiradi, ayrim hodisalar xafa qiladi ba’zi hodisalarga kishi qoyil qoladi, ba’zi hodisalardan g’azablanadi, odam ba’zi hodisalarni ko’rib jahli chiqadi, ba’zilaridan qo’rqadi. Xursandlik, xafalik, qoyil bo’lish, g’azablanish, qahr, qo’rquv vashu kabilarning hammasi emotsional kechinmalarning xilma-xil turlaridir, odamning voqelikka bo’lgan turli subektiv munosabatidir, odamning o’ziga ta’sir qilayotgan va uning o’zi ta’sir qilayotgan narsalardan tug’iladigan kechinmalardir.
Yoqimli kechinmalarda odamning voqelikdagi ayrim narsalarga, hodisalarga va o’ziga nisbatan ijobiy munosabati ifodalanadi, yoqimsiz kechinmalarda esa bunga odamning salbiy munosabati ifodalanadi. Shuning uchun ham subektiv kechinmalardan iborat bo’lgan hissiyotlar ijobiy va salbiy hissiyotlar deb ajratiladi. Lekin hissiyotlar yoqimli yoki yoqimsiz sub’ektiv kechinmalar bo’lish jihatidangina emas, shu bilan birga obektiv, ijtimoiy ahamiyatlari jihatidan ham ijobiy va salbiy hissiyotlar deb farq qilinadi. Hissiyotlarga shaxsiy nuqtai nazardan beriladigan baho bilan ijtimoiy nuqtai nazardan beriladigan baho hamisha bir-biriga muvofiq bo’lavermaydi. Sub’ektiv ravishda nohush, kishini ranjitadigan kechinmalar tariqasidagi ko’pgina hissiyotlar, ijtimoiy nuqtai nazaridan qaraganda, ijobiy hissiyotlar hisoblanadi. Masalan, kishidagi uyalish vijdon azobi yoqimsiz va hatto qattiq azob hissi bilan kechiriladi. Lekin ijtimoiy nuqtai nazardan qaraganda, bu hislar yuksak, ijobiy ahloqiy hislardir. G’azab va qahr hissi har bir kishida salbiy, nohush kechinma holatida o’tadi. Ammo ijtimoiy nuqtai nazardan qaraganda, bu hissiyot nima sababdan tug’ilganligiga va nimaga yo’nalganligiga qarab ijobiy yoki salbiy hissiyot bo’lishi mumkin. Agar bu hissiyotlar ahloq tamoyillarga to’g’ri kelmaydigan nojo’ya ish qilib qo’ygan kishiga nisbatan tug’ilgan bo’lsa, bu hissiyot ijobiy ahloqiy hissiyotdir. Ammo bu hissiyot biror shaxsiy norozilik sababli, masalan, majlisda qilingan haqli tanqid sababli tug’dirgan bo’lsa, bunday hissiyot o’zbek kishisiga nomunosib, past hissiyotdir.
Hissiyot biz idrok qilayotgan, tasavvur qilayotgan va fikr qilayotgan hodisalar va tasavvurlar, shuningdek, bizning harakatlarimiz va qiliqlarimiz ta’siri bilan tug’iladi. Narsalar idrok, tasavvur va fikr qilinayotganligi uchungina bizda ayrim tuyg’ular tug’ilib qolmasdan, balki, asosan, bu narsalar bizning ehtiyojlarimiz, manfaatlarimiz bilan ma’lum bir darajada bog’langanligi uchun ham bizda turli tuyg’ular tug’diradi, Biz idrok, tasavvur va fikr qilayotgan narsalar bizning ehtiyojlarimizga va manfaatlarimizga aloqasi bo’lmagan taqdirda bizda sezilarli hissiyotlar tug’ilmaydi. Bunday narsalar ko’pincha e’tiborimizdan chetda qolaveradi.
Shunday qilib, hissiyotlarning manbalari (yoki sabablari), bir tomondan, bizning ongimizda aks etayotgan tevarak-atrofdagi voqelik bo’lsa, ikkinchi tomondan, bizning ehtiyojlarimizdir.
Ko’p hollarda emotsional kechinmalarimizning mazmuniga bizning intilishlarimiz ham kiradi. Intilishlar esa hamisha ehtiyojni ifodalaydi. Lekin hissiyotlar ehtiyojlar sababli paydo bo’lishi tufayli, intilishlar bilan hissiyotlar bir-biriga «qo’shilib ketib» bitta tuyg’u, kechinma holida namoyon bo’ladi. Bunday hollarda hissiyotlar, odatda, intilishlarni tug’diradi yoki mavjud intilishlarni kuchaytiradi, shuning uchun ehtiyojlarning o’zi ham aktiv kechinmalar bo’lib qoladi. Hissiyotlarning yo’nalishi, faolligi intilishlarda namoyon bo’ladi.
Shunday emotsional holatlar ham bo’ladiki, bunda intilish juda sust bo’ladi yoki butunlay bo’lmaydi. Bu xil samarasiz, passiv hissiyotlarni, odatda, sentimentallik deb ataydilar. Sentimentallik – harakatsiz hissiyot bo’lib, odatda, faqat so’z bilan cheklanib, oh-vohlar qilish, ba’zan ko’z yoshi to’kishdan nariga bormaydi.
Hissiyotlarning faollik darajasi kishidagi qo’zg’alishva kuchlanish holatida yoki tinchish va bo’shashish holatida, yoki kishidagi hamma kuchlar g’ayratga kirgan holatda, yoxud bu kuchlar zaiflashgan va bo’shashgan holatda namoyon bo’ladi. Hissiyotlarning mana shu faollik darajasiga qarab, ular stenik va astenik hissiyotlarga bo’linadi.
Kishining hayotiy faoliyatini oshiradigan, g’ayratini orttiradigan hissiyotlar stenik hissiyotlar deb ataladi. Masalan, nihoyatda xursandlik, g’azablanish hislari stenik hissiyotlar qatoriga kiradi. Kishining hayotiy faoliyatini pasaytiradigan, g’ayratini susaytiradigan hissiyotlar astenik hissiyotlar deb ataladi. G’am-g’ussa, ma’yuslik, afsuslanish kabi hissiyotlar mana shunday astenik hissiyotlardir.
«His» degan termin ko’pincha «sezgi» degan termin bilan bir ma’noda ishlatiladi. Masalan, ba’zan: «Men yorug’likni his qilyapman, men issiqlikni his qilyapman» deyish o’rniga: «Men yorug’likni sezyapman, men issiqlikni sezyapman» deb ham aytishadi. Shu vaqtgacha biz psixologiyada ham sezgi organlari deyish o’rniga his qilish organlari deb aytishga odatlanib qolganmiz.
Sezgi bilan hisni bir-biridan farq qilishi kerak. Sezgi odamdan mustaqil ravishda mavjud bo’ladi, u narsalar va hodisalarning in’ikosidir, Hissiyot esa odamning shu narsalarga va hodisalarga munosabatini ifodalovchi tuyg’ular, kechinmalardir. Sezgilar bizga narsalar va hodisalarning o’zini bildiradi, ammo hissiyot esa odamning shu narsalarga va hodisalarga munosabatini, bu narsalar va hodisalar odamda qanday holat tug’dirganligini (hush yoki nohush holat tug’dirganligini) bildiradi.