8.2. Gaz quduqlarini ishlatish va ularning ish rejimi GEOSIda quduqlarni faqat lift quvurlar orqali ishlatishga ruxsat etiladi. Quduqdarni ishlatish birikmasi orqali ishlatishga ruxsat etilmaydi.
Quduqqa tushiriladigan lift quvurlari quyidagilarni ta’minlashi kerak:
a) ishlatish birikmasini korroziya va eroziyadan saqlash, quduq tubidan suyuqliklar va qattiq aralashmalarni chiqarish va kum tiqinlari hosil bo‘lishini oldini olish;
b) quduqni eritma (qorishma) bilan bosish uchun sharoitlar;
v) filtr, paker, klapan-ajratkich, boshqaruvchi qurilmalarni tushirish;
g) ishlatish birikmasidan termobar yuklanishlarni olib tashlash.
Obyektlarni ishlatishning texnologik sharoitlariga muvofiq barcha faoliyat ko‘rsatayotgan quduqlarda quyidagi asosiy omillarni hisobga olgan holda rejalashtirilgan gaz haydash va olish hajmlarini ta’minlovchi optimal rejim o‘rnatilishi kerak:
a) qum chiqishining oldini olish;
b) gaz olish jarayonida quduqning suvlanishini oldini olish;
v) gidrat hosil bo‘lishi va quduq tanasida qum tiqinlarining yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik;
g) belgilangan ustki bosimni saqlash zaruriyati;
d) tub filtrining ishga yaroqliligi.
Kollektor-qatlam (uyum) jinslarining tarkibi, ostki suvlarning harakatchanligi, inshootdagi bosimning o‘zgarish diapazoni va boshqa muhim omillarga qarab ishchi sikl davrida quyidagi rejimlar belgilanadi:
a) doimiy bosim gradiyenti yoki doimiy depressiya rejimi;
b) doimiy debit yoki tub oldi hududdagi gazni filtrlanish tezligi rejimi;
v) quduq og‘zidagi doimiy bosim rejimi.
Texnologik rejimni tuzish uchun quduqlarni tadqiq etish natijalari asos bo‘lib xizmat qiladi.
Quduqning ish rejimi gaz yig‘ish punkti yoki quduq og‘ziga o‘rnatiladigan shtutser yordamida tartibga solinadi. Quduqning ish rejimidagi o‘zgarishlar gaz-kon xizmati operatorining tegishli jurnallarida va dispetcher tomonidan qayd qilinishi lozim. Quduqning belgilangan ish rejimi buzilganda GEOSI rahbariyati tomonidan uni tiklash uchun tezkor choralar qabul qilinishi zarur.
Alohida gorizont (uyum)lar va saqlash inshooti bo‘yicha gaz haydash va olish hajmlari tasdiqlangan texnologik rejimga muvofiq belgilanishi kerak.