9.2. Yer osti gaz omborida ishlab chiqarishni tashkil etish GEOSIni loyihaviy ko‘rsatkichli siklik ishlatish rejimiga chiqarish davriga kelib sun’iy gaz qatlamining belgilangan gaz haydash va olish unumdorligi bilan ishlashini ta’minlovchi barcha asosiy qurilmalarning jihozlanishi tugallangan, saqlash inshooti va barcha turdagi quduqlarning germetikligi ta’minlangan bo‘lishi talab etiladi.
GEOSI O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bo‘yicha tegishli neft-gaz kompaniyasi tomonidan tashkil etiladi.
GEOSI tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) saqlash inshootiga gaz uzatuvchi va chiqaruvchi quvur uzatkich;
b) kompressor xo‘jaligi (bir yoki bir necha kompressor sexlari, gazni quritish qurilmalari, yordamchi mashina va agregatlar);
v) gazni yig‘ish punkti (punktlari);
g) gazni tayyorlash qurilmalari;
d) turli texnologik maqsadlar uchun mo‘ljallangan quduqlar;
e) ichki kon quvur uzatkichlari va gaz yig‘ish kollektorlari;
j) ma’muriy-xo‘jalik, yordamchi bino va inshootlar.
GEOSI boshlig‘i, bosh muhandisi, bosh geologi shaxsida gazni to‘g‘ri hisobga olinishi va GEOSIni ishlatish rejimiga rioya qilinishi, quduqlarni rejalashtirilgan geofizik tadqiqotlarni o‘tkazishga tayyorlash, uskunalarda o‘z vaqtida profilaktik va kapital ta’mirlash ishlarini o‘tkazilishi, moddiy-texnik va yoqilg‘i-energetik resurslarni tejash rejimini ta’minlanishi, yer osti boyliklari va atrof-muhitni muhofaza kilishga doir tadbirlarni joriy etilishi uchun to‘liq javobgardirlar.
9.3. Obyektlarni qabul qilish va GEOSIni ishlatish GEOSIni ishlatish boshlangunga qadar quyidagilar quriladi:
a) ishchi gaz haydash bosimi uchun kompressor sexi,
b) gazni mexanik aralashmalardan tozalash va tayyorlash qurilmalari;
v) gazni moydan tozalash qurilmalari;
g) o‘rnatiladigan barcha uskunalar «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiq bo‘lishi;
d) ichki kon quvurlari, kollektorlar, boshqaruvchi va berkituvchi armaturali separatsiya qurilmalari;
e) gazni quritish, DEGni regeneratsiya qilish uskunalari;
j) yordamchi bino va uskunalar (loyiha bo‘yicha).
Gaz saqlash xo‘jaligi tarkibiga kiruvchi texnologik uzellar, inshoot va uskunalarni ishlatish uchun qabul kilish tegishli yo‘riqnomalar va nizomlar bilan tartibga solinadi.
GEOSIni ishlatish parametrlari texnologik loyihalash jarayonida hisob-kitob qilinadi. Texnologik sxemada gaz haydash-olish hajmlari va davomiyligi, sikllar davriyligi va GEOSI oldida turgan vazifalarni bajarish uchun asos bo‘ladigan boshqa ko‘rsatkichlar belgilab beriladi.
Saqlash inshootini siklik ishlatishni boshlanishi davrida barcha quduqdarda, gaz taqsimlash punktlari va ishlab chiqarish inshootlarida doimiy uskunalar va zarur asboblar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
Saqlash inshootini ishlatishda loyihaviy texnologik ko‘rsatkichlar (gazni haydash va olish hajmlari, ishlayotgan quduqlar soni va ularni ishlatish rejimi) ga qat’iy rioya qilinishi kerak.
Gazning loyihaviy kontur doirasi chegaralaridan tashqariga chiqishi va boshqa gorizontlarga oqib o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Haydalayotgan va chiqarib olinayotgan gazdagi suv, kondensat va boshqa komponentlar miqdorining muntazam nazorati ta’minlanishi lozim. Quduqlar, tubdagi va ustki uskunalar, kompressor agregatlari, gazni tozalash va quritish uskunalarini ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida bajarilishi lozim.