Populatsiya to'lqini populatsiyani tashkil etgan individlar sonining davriy o'zgarib turish hodisasidir. Sizlar o'z kuzatishingiz orqali ob-havo qulay bo'lgan yillari ayrim hayvon, o'simlik turiga kiruvchi organizmlarning ko'payib ketishi, hayot uchun noqulay bo'lgan yillarda esa keskin kamayib ketishini bilasiz. Bahorda yog'in-sochin ko'p bo'lgan yillarda bir yillik, ko'p yillik o't o'simliklar: boychechak, yaltirbosh, qo'ng'irbosh, qoqio't, ituzum avj olib o'sib, ko'p urug' beradi. Natijada ular bilan oziqlanuvchi hasharotlar, o'txo'r hayvonlar soni ham ko'payib ketishi mumkin.
Hasharotlarning, o'txo'r hayvonlarning ko'payishi o'z navbatida hasha- rotxo'r qushlar, yirtqich hayvonlar sonining ham ortishiga olib keladi.
Individlar sonining ortishi ular orasida kasalliklarning tarqalishiga va individlar sonining kamayishiga sabab bo'ladi. Populatsiya tarkibidagi organizmlarning son jihatdan ortib ketishi yoki nihoyatda kamayib ketishi populatsiya to'lqini deb ataladi (80-rasm).
Populatsiya to'lqini harorat, namlik, yorug'likning mavsumiy o'zgarishi, oziq miqdorining ko'p yoki oz bo'lishi, tabiiy ofatlar tufayli yuz berishi mumkin. Populatsiya to'lqini natijasida ayrim individlar soni ortishi, ba'zilari sonini kamayishi kuzatiladi. Halok bo'lgan individlardagi genlar va ularga mos belgilar populatsiya doirasida yo'qolib boradi. Yashab qolgan individlarning genofondi saqlanib qoladi. Bunday voqealarning tez-tez takrorlanishi populatsiya genofondining o'zgarishiga sabab bo'ladi.
Alohidalanish. Tabiatda populatsiyalarning aralashib ketishiga geografik, biologik, ekologik va boshqa alohidalanishlar to'sqinlik qiladi. Alohidalanish har xil populatsiyalar individlarining qisman yoki to'liq chatishmasligidir. Populatsiyalar orasida genlar oqimi bo'lib turganda, ularda genetik farqlar to'planmaydi. Alohidalanish esa irsiy axborot almashinuvini to'xtatadi va populatsiyani yangi mustaqil genetik tuzilmaga aylantiradi. Alohidalanishning bir qancha turlari farq qilinadi.