Tuxumda rivojlanish sudralib yuruvchilar (reptiliyalar), qushlar va tuxum qo'yuvchi sutemizuvchilarda kuzatiladi. Ularning tuxum hujayrasida sariqlik ko'p bo'ladi va embrion uzoq vaqt tuxum ichida rivojlanadi.
Bachadonda rivojlanish. Odam va yuksak sutemizuvchilarda ona qornida rivojlanish kuzatiladi. Urug'langan tuxum - tuxum yo'lida rivojlanadi, bunday holatda embrion bilan ona organizm o'rtasida yo'ldosh orqali bog'lanish yuz beradi. Embrionning barcha hayotiy jarayonlari (oziqlanish, nafas olish, ayirish) yo'ldosh orqali ona organizmi hisobiga ta'minlanadi. Bachadonda rivojlanish embrionning tug'ilishi bilan tugallanadi.
Ontogenez asosan ikki davrga bo'linadi: embrional rivojlanish davri, postembrional rivojlanish davri.
Embrional rivojlanish davri. Bu davr zigota hosil bo'lishidan boshlanib tug'ulgungacha yoki tuxum qobig'idan chiqqunga qadar davom etadi. Embrional davri maydalanish, gastrulatsiya, organogenez bosqichlariga bo'linadi. Zigota - ko'p hujayrali organizmlarning bir hujayrali bosqich bo'lib, bunda mitozga tayyorgarlik kuzatiladi.
Maydalanish. Zigota hosil bo'lganidan bir necha soatdan keyin maydalanish bosqichi boshlanadi. Hujayralar mitoz usuli bilan bo'lina boshlaydi, bo'lingan hujayralar o'smaganligi uchun hosil bo'lgan hujayralarning o'lchami tobora maydalashib boraveradi. Zigotaning qanday maydalanishi tuxum hujayrada sariq moddaning miqdoriga bog'liq. Sariqlik miqdori kam va sitoplazmada bir xil taqsimlangan bo'lsa, zigota to'liq va bir tekis maydalanadi (lansetnik). Agar sariqlik moddasi ko'p bo'lib, hujayrada notekis taqsimlansa, zigotaning maydalanishi ham to'liq bo'lmay, notekis yuz beradi. Sariqlik moddasi hujayraning bo'linishiga xalaqit beradi. Bunday rivojlanish sariqlik moddasi ko'p bo'lgan tuxum hujayralar qush, sudralib yuruvchilarda kuzatiladi. Maydalanishda zigota dastlab meridian tekisligi bo'ylab bo'linadi va bir-biriga teng ikkita hujayra hosil bo'ladi. Bular blastomerlar deb ataladi. Ikkinchi bo'linish avvalgi tekislikka perpendikular yo'nalishda kechadi, natijada 4 ta blastomer hosil bo'ladi. Uchinchi bo'linish chizig'i ekvator bo'ylab yo'naladi va 8 ta blastomer hosil bo'ladi. Meridian va ekvator yo'nalishdagi bo'linishlar ketma-ket takrorlanadi va hujayralar tobora maydalashib boradi. Maydalanish blastulaning hosil bo'lishi bilan tugallanadi. Blastula sharsimon shaklda bo'lib, uning devori bir qavat hujayralardan tashkil topadi va blastoderma deb ataladi. Blastulaning ichi suyuqlik bilan to'lgan bo'lib, blastotsel deb ataladi.